"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
1995-yilga qadar Oʻzbekistonga kirib kelganlarga fuqarolik beriladi
1500 | 18 Mar. 2020 y.

Davlat rahbarining 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisidagi Farmonida:

2020-yil 1-apreldan boshlab 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi asosida doimiy istiqomat qilayotgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlish istagini bildirgan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish tartibi joriy etilishi belgilangan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasining Fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonunni imzoladi.
Mazkur hujjatni imzolashdan maqsad nima ?

Birinchi navbatda, yaqin tariximizda Oʻzbekistonda fuqarolik eng bahsli, aksar hollarda yopiq mavzulardan biri boʻlib keldi.

Maʼlumotlarga koʻra, 1991-yildan 2007-yilgacha bor yoʻgʻi 482 kishi Oʻzbekiston fuqaroligini olgan. 2007-yildan 2016-yil dekabrgacha esa, hech kimga fuqarolik berilmagan.

Bu degani minglab insonlar amalda mamlakatimizda yashab, uning taraqqiyotiga hissa qoʻshib kelayotgan boʻlsa-da, yuridik jihatdan Oʻzbekiston fuqarosi nomidan mahrum boʻlib kelganlar.

Shavkat Mirziyoyev Davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagan dastlabki kunlardanoq ana shu toifa odamlarning dardu tashvishlariga, muammolariga alohida eʼtibor qaratdi. Natijada 2016-yil oxiridan to shu kunga qadar yuzlab insonlar Oʻzbekiston fuqarosi, degan sharafli maqomga sazovor boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24-yanvar kuni Parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida ham bu masalaga alohida urgʻu berilib, fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha alohida vazifalar belgilangan edi. Ayni shu omillarga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahriri qabul qilinib, Senat tomonidan maʼqullandi va Davlat rahbari tomonidan imzolandi.

10 bob, 58 moddadan iborat boʻlgan mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini olish, tiklash va tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Uning 6-moddasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida koʻtargan dolzarb masalaning amaldagi ijrosini taʼminlashga qaratilgan. Mazkur moddaga koʻra, “1995-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan oʻtgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi boʻlmagan, Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi”.

Ushu norma mamlakatda doimiy yashab turgan 91,5 ming nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan 47,6 ming nafari yoki 52 foizi qisqa muddatlarda oʻz xohishiga koʻra Oʻzbekiston fuqaroligini olishi mumkinligini taʼminlaydi.

Qonunda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish umumiy, soddalashtirilgan va alohida tartibda amalga oshiriladi.

Fuqarolik umumiy tartibda Oʻzbekiston hududida 5 yil davomida uzluksiz yashab kelayotgan xorijiy fuqarolarga (boshqa davlat fuqaroligidan chiqish sharti bilan) yoki yashash guvohnomasiga ega fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga beriladi.

Chet davlat fuqarosi boʻlgan yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs hisoblangan vatandoshlarga soddalashtirilgan tartibda Oʻzbekiston fuqaroligi beriladi.

Bunda, har ikki toifaga mansub shaxslar davlat tilini kundalik muloqot qilish darajasida bilishlari kerak. Taʼkidlash kerakki, shu vaqtga qadar amalda boʻlgan Qonunda fuqarolik soʻrayotgan shaxsga nisbatan davlat tilini zarur darajada bilish bilan bogʻliq norma yoʻq edi.

Shuningdek, milliy manfaatlardan kelib chiqib, chet davlatlarning fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan alohida tartibda fuqarolik berilishi mumkin.

Qonunning qator moddalarida davlatning oʻz fuqarolarini xorijda ham himoya qilish prinsipi aks etgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijda yashashi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligining tugatilishiga sabab boʻlmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari xorijda Oʻzbekiston Respublikasining himoyasi va homiyligi ostida boʻladi.

Qonunda Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini tugatish va fuqarolikni yoʻqotish asoslari belgilangan. Jumladan:

– shaxs chet davlatning harbiy xizmatiga, xavfsizlik organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga xizmatga kirganligi oqibatida;

– xorijda doimiy yashash davomida yetti yil mobaynida uzrli sabablarsiz doimiy konsullik hisobiga turmagan boʻlsa va shu kabi sabablarga koʻra mamlakat fuqaroligini yoʻqotishi mumkin.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, doimiy konsullik hisobida turmaganlik muddati avvalgi Qonunda 3 yil boʻlgan boʻlsa, endilikda xalqaro tajriba va BMT konvensiyasi talablari asosida 7 yil etib belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari boʻyicha manfaatdor davlat organlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni taʼminlash, shuningdek hujjatlarni va maʼlumotlarni kiritish, hisobga olish hamda monitoring qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid idoralararo maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi. Maʼlumotlarning elektron tizimda harakatlanishi hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq vaqt va xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi.

Xulosa oʻrnida aytganda, ushbu Qonunning qabul qilinishi va hayotga joriy etilishi Oʻzbekistonda inson huquq va erkinliklarini toʻliq roʻyobga chiqarish, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish va taʼminlash borasida olib borilayotgan yuksak insonparvar siyosatning hayotiy isbotidir.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati

 


2
Похожие новости