"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
2020-YILNING BIRINCHI CHORAGIDA RESPUBLIKANING IQTISODIY HOLATI VA KUTILAYOTGAN TENDENSIYALAR
1582 | 01 May. 2020 y.

Qisqa vaqt ichida koronavirus kasalligi (COVID-19)ning global miqyosda keng tarqalishi deyarli barcha davlatlardagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatib, uning taʼsir koʻlami kengayishda davom etmoqda.

Koʻplab xalqaro tashkilot va ekspertlar tomonidan dunyoda va umuman olganda har bir mamlakat iqtisodiyotida kuzatilayotgan murakkab vaziyat va qiyinchiliklar xarakteri jihatdan oldingi iqtisodiy inqirozlardan farq qilib, koʻlami jihatidan 1929-1932-yillardagi “Buyuk depressiya” dan keyingi eng ogʻir holat sifatida qayd etilmoqda.

Xususan, 1929-1932-yillar mobaynida dunyo iqtisodiyoti umumiy hisobda taxminan 15 foizga qisqargan boʻlsa, 2008-2009-yillardagi global moliyaviy inqiroz natijasida global iqtisodiy oʻsish surʼatlari mos ravishda 3 va -0,6 foizni tashkil etgan.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasining (XVJ) joriy yil birinchi yarmid koronavirus pandemiyasi kengayishining toʻxtatilishi va ikkinchi yarim yildan boshlab iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich tiklanishi boʻyicha taxminlariga asoslangan bazaviy prognozlariga koʻra 2020-yilda jahon iqtisodiyoti 3 foizga qisqarishi kutilmoqda. Bunda, iqtisodiy pasayish rivojlangan davlatlarda 6,1 foizni (shu jumladan, AQSH – 5,9 foiz, Yevrozona mamlakatlari – 7,5 foiz) va rivojlanayotgan mamlakatlarda – 1 foizni, shuningdek, Rossiyada – 5,5 foizni va Qozogʻistonda – 2,5 foizni tashkil etishi, Oʻzbekistonda esa 1,8 foizlik iqtisodiy oʻsish prognoz qilinmoqda.

Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqirozli holatning oʻziga xos xususiyatlari shundan iboratki:

birinchidan, yuzaga kelgan murakkab iqtisodiy vaziyat bank va moliya sektoridagi qandaydir inqirozli holat natijasi emas hamda fiskal yoki monetar siyosat orqali uning toʻliq yechimini taʼminlash imkoniyati cheklangan. Mavjud vaziyat, eng birinchi navbatda “insoniy” yoki “inson sogʻligi inqirozi” bilan bogʻliq;

ikkinchidan, odatda inqirozlar talab (bank tizimidagi inqiroz va kreditlarning sekinlashuvi, yoki davlat qarzining oshib ketishi natijasida xarajatlarning qisqarishi, daromadlarning kamayib ketishi) yoki taklifning yaʼni, ishlab chiqarish hajmlarining keskin qisqarishi (urush va tabiiy ofatlar, qarz inqirozlari va h.k.) bilan bogʻliq omillarning biri taʼsirida yuzaga keladi. Amaldagi iqtisodiy vaziyatning murakkabligi, bir paytning oʻzida talab va taklifning qisqarishi bilan izohlanadi;

uchinchidan, koronavirus pandemiyasining toʻxtatilishi va undan keyingi bosqichda cheklovlarning olib tashlanishi hamda ushbu kasallik tarqalishining ikkinchi toʻlqini bilan bogʻliq yuqori darajadagi noaniqliklarning mavjudligi: (a) biznes subyektlari uchun ishlab chiqarish va investitsion loyihalar boʻyicha; (b) aholining isteʼmol  faolligiga;  hamda  (v)  hukumatlar   tomonidan   fiskal va monetar qoʻllab quvatlash, tashqi va ichki qarzlarni jalb qilish, ijtimoiy himoya hajmi va dasturlarini belgilash borasida aniq qarorlarni qabul qilishda qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Shu nuqtayi nazardan koronavirus pandemiyasining mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga taʼsirini yumshatish vazifasi, birinchi navbatda, ushbu kasallikning aholi sogʻligiga taʼsirini minimallashtirish, ushbu borada kiritilgan cheklovlarni ehtiyotkorlik bilan bosqichma-bosqich olib tashlash va kelgusidagi vaziyatni imkon qadar aniqroq baholay olish orqali inqirozdan keyingi iqtisodiy tiklanish siyosatini toʻgʻri shakllantirish va amalga oshirishdan iborat boʻladi.

Koronavirus kasalligining tarqalishi dastlabki bosqichlarda, yaʼni, 2020-yilning yanvar-fevral oylarida, asosan Xitoy iqtisodiyotiga va keyinchalik ushbu mamlakatdagi vaziyatning boshqa davlatlarga taʼsiri sezila boshlandi. Fevral oyining ikkinchi yarmidan boshlab va mart oyida esa mazkur kasallik dunyoning deyarli barcha davlatlariga tez tarqalib, ushbu mamlakatlar iqtisodiyotiga bevosita oʻz salbiy taʼsirini koʻrsata boshladi.

Mazkur materialda joriy yilning birinchi choragi yakunlari boʻyicha asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, aprel oyidagi ayrim iqtisodiy koʻrsatkichlar tendensiyalari va respublika iqtisodiyotiga taʼsir qiluvchi ayrim omillarga toʻxtalib oʻtiladi.

 

2020yilning I choragidagi iqtisodiy holat va asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar tahlili


2020-yilning I choragida iqtisodiy oʻsish surʼati 4,1 foizni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davridagi koʻrsatkichiga (5,7 foiz) nisbatan 1,6 foizga sekinlashishi kuzatildi.

Iqtisodiyotdagi talab va uni shakllantiruvchi omillar

2020-yilning I choragida iqtisodiyotga yoʻnaltirilgan investitsiyalarni oʻzlashtirish hajmi 2019-yilning mos davriga nisbatan 10,2 foizga qisqarishi kuzatildi.

Mazkur tendensiya qator yirik investitsion loyihalar oʻzlashtirilishining oʻtgan yilning I choragiga toʻgʻri kelishi va natijada “yuqori baza” taʼsiri bilan izohlanadi.

Oʻtgan yilning mos davrida quyidagi yirik loyihalar doirasida yuqori oʻzlashtirish hajmlari kuzatilgan:

“Shoʻrtan GKM” bazasida amalga oshirilayotgan sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish– 444 mln. dollar;

“Navoiy IES” AJda 450 MVt quvvatga ega ikkinchi gaz-bugʻ uskunasi qurilishi – 230 mln. dollar;

Toʻraqoʻrgʻon IESni qurish – 220 mln. dollar va boshqalar.

Shuningdek, yanvar oyidan boshlab Xitoydan texnologik asbob uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlarning hamda mutaxassislarning yetib kelishida uzilishlarning vujudga kelishi investitsiyalar hajmining qisqarishiga olib keldi.

Oʻz navbatida, amalga oshirilgan qurilish ishlarining investitsiyalar hajmiga nisbati oʻtgan yildagi mos koʻrsatkich – 38,9 foizdan 46,3 foizgacha oshdi. Bu amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarni joriy davrdagi YAIM oshishiga “sof taʼsiri” nisbatan oshganligini izohlaydi.

Chakana savdo aylanmasi 40,1 trln. soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,8 foizga yoki aholi jon boshiga nisbatan esa 1,8 foizga oʻsdi (2019-yilning mos davrida aholi jon boshiga chakana savdo aylanmasi oʻsishi 4 foizni tashkil etgan).

Joriy yilning I choragida iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmi 29,7 trln. soʻmni tashkil etib, oʻsish surʼatlarining sekinlashuvi kuzatildi.

Aholiga ajratilgan kreditlar hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga oshib, jami kreditlarning qariyb toʻrtdan bir qismini tashkil etdi.

Koʻrilayotgan davrda, banklar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatining uzluksizligini taʼminlash maqsadida 22,7 trln. soʻm yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2 trln.soʻm koʻp kredit mablagʻlari ajratildi.

Konsolidatsiyalashgan byudjet xarajatlari. Joriy yilning I choragida konsolidatsiyalashgan byudjet xarajatlarining daromadlarga nisbatan yuqori surʼatlarda oʻsishi kuzatildi. Jumladan, daromadlar – 14,1 foizga, xarajatlar esa – 14,6 foizga oshib, davlat byudjet balansi YAIMga nisbatan 0,5 foiz taqchillik bilan ijro etildi. Bunday holat yilning birinchi choragiga xos boʻlgan tendensiyadir.

Ushbu xarajatlarning oshishi sogʻliqni saqlash, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensatsiya toʻlovlari miqdorining sezilarli koʻpayishi bilan izohlanadi.

Aholi daromadlari. Ushbu davrda byudjetdan moliyalashtiriladigan ish xaqi va boshqa birlamchi xarajatlarni, shuningdek nafaqa va ijtimoiy toʻlovlarning muddatidan kechiktirmay toʻlab borilishi aholining real umumiy daromadlarining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.

Koʻrilayotgan davrda oʻrtacha nominal hisoblangan ish haqi miqdori 26,5 foizga, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan real umumiy daromadlar esa 7,6 foizga koʻpaydi.

Bunda, mehnat faoliyatidan olinadigan jami daromadlar aholining umumiy daromadlar tarkibida 66 foizni, rasmiy sektordagi daromad ulushi 33,3 foizga yetdi.

Xalqaro pul oʻtkazmalari. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida pul oʻtkazmalari hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15,6 foizga oshgan boʻlsa, mart oyida 23 foizga kamayib, natijada I chorakda pul oʻtkazmalari hajmining 2 foizga oʻsishi kuzatildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat. 2020-yilning I choragida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 8,1 mlrd. dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 924,0 mln. dollarga yoki 10,2 foizga kamaydi.

Ushbu chorakda import hajmi 4,8 mlrd. dollarni tashkil qilib solishtirilayotgan davrga nisbatan 9,7 foizga qisqardi. Import hajmlaridagi qisqarish asosan koronavirus pandemiyasi natijasida taʼminot zanjiri bilan bogʻliq muammolar bilan ifodalanishi mumkin. Tashqi talabning pasayishi va koʻpgina eksport tovarlari narxlarining pasayishi taʼsirida eksport hajmi 10,9 foizga kamayib, 3,4 mlrd. dollarni tashkil qildi.

 

Iqtisodiyotda ishlab chiqarish (taklif) hajmlarining oʻzgarishi va iqtisodiy faollik

Jahon bozorlarida xom-ashyo tovarlari narxining pasayishi va konyunkturaning yomonlashuvi natijasida tabiiy gaz narxlarining tushib ketishi hamda qazib olish hajmlarining 7,8 foizga qisqarishi sanoat mahsulotlari hajmining oʻsish surʼati sekinlashishiga taʼsir etdi. Bunda gaz qazib olishning kamayishi toʻligʻicha chet el kompaniyalari hissasiga toʻgʻri keldi.

Shunga qaramasdan iqtisodiyotdagi energoresurslarga boʻlgan talabning barqaror qondirilishi hisobiga sanoat mahsulotlari hajmi 4,0 foizga (oʻtgan yilning mos davrida - 6,9 foiz), isteʼmol tovarlari hajmining 11,2 foizga (18,3 foiz), shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlari – 8,5 foiz (10,4 foiz) va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 12,6 foizga (22,2 foiz) oshishi kuzatildi.

Aholi tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga talabning oshishi tarmoqda tadbirkorlik subyektlari faolligini oshirishda muhim oʻringa ega boʻldi.

Joriy yilning I choragi mobaynida sabzavotlar ishlab chiqarish 11,3 foizga, goʻsht 4 foizga, sut 2,9 foizga, tuxum 5,2 foizga oʻsishi, aholining qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim asos yaratdi.

Chorak mobaynida 23,3 mingta (oʻtgan  yilning shu davrida 30,4 mingta) yangi kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlari, jumladan qishloq xoʻjaligi sohasida 2,6 ming (1,8 ming), aloqa va axborotlashtirishda 487 ta (366 ta), sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmat koʻrsatishda 386 ta (297 ta) tashkil etildi.

Iqtisodiy faollik. Hisobot davrida tovar va xom-ashyo birjasida jami 10,5 trln. soʻmlik bitimlar (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 30,6 foizga oshgan) tuzildi.

Jumladan, 86,6 ming tonna qora metallar prokati (36 foizga oshgan), 19,3 ming tonna polipropilen (13,1 foiz), 21,7 ming tonna polietilen (20,4 foiz), 17,5 ming tonna shakar (24,2 foiz), 805,3 ming tonna mineral oʻgʻitlar (17,3 foiz), 34,7 ming tonna avtomobil benzini (2,1 barobar), 110,0 ming tonna dizel yoqilgʻisi (7,7 foiz) sotildi.

Mazkur davrda, xizmatlar hajmining oʻsish surʼati oʻtgan yilning shu davridagi 11,1 foizdan 9,9 foizgacha sekinlashdi. Ushbu holat, mart oyining ikkinchi yarmidan karantin tadbirlarining amalga oshirilishi, transport, tashish xizmatlarining, ayniqsa aviaqatnovlarning toʻxtatilishi hamda qator xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyatining toʻxtalishi bilan izohlanadi.

Shunga qaramasdan, moliyaviy xizmatlar 36,6 foizga, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 17,9 foizga koʻpayishi hisobiga sohadagi oʻsish tendensiyalari saqlab qolindi.

Inflyatsiya darajasi 2020-yilning I choragida 2,8 foizni tashkil etib, (prognoz – 3,3 foiz) soʻnggi 4 yillik davrda eng past koʻrsatkichni qayd etdi. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻsishi oʻtgan yilning mos davridagi 6,4 foizdan 4,3 foizgacha sekinlashdi.

Inflyatsiya darajasining pasayish tendensiyasini monetar omilning qisqarishi hamda almashuv kursining barqaror darajada saqlanib turishi bilan tushuntirish mumkin.

 

Aprel oyidagi asosiy koʻrsatkichlar

Respublikada koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha kiritilgan cheklovlar taʼsiri aprel oyidan sezila boshlandi va bu iqtisodiy holatni aks ettiruvchi ayrim koʻrsatkichlar dinamikasida oʻz aksini topmoqda.

Oʻz navbatida, koronavirus pandemiyasining mamlakatdagi iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatga salbiy taʼsirini yumshatish borasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlariga [i]muvofiq qabul qilingan inqirozga qarshi choralar toʻplamining amalga oshirilishi mamlakatda tibbiy, sanitar va epedemiologik vaziyatni yaxshilash, aholining moddiy va ijtimoiy holatining yomonlashib ketishini oldini olish, iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida faoliyatning barqarorligini saqlab qolish imkoniyatini berdi. Xususan:

a) sogʻliq saqlash va tibbiyot sohasining moddiy texnik bazasini mustahkamlash va uni yaxshilash uchun Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasida tegishli resurslarning tezkorlik bilan shakllantirilishi va yoʻnaltirilishi koronavirus infeksiyasining keng tarqalishining oldini olish bilan birga mavjud vaziyatni samarali nazorat qilish va karantin bilan cheklovlarni bosqichma- bosqich yumshatish imkonini bermoqda;

b) koronavirus pandemiyasining aholi daromadlari va toʻlov qobiliyatiga taʼsirini kamaytirish borasida:

byudjet sektori ishchilarini pullik mehnat taʼtiliga chiqarish, bir qism xodimlarni masofadan turib ishlash tizimiga oʻtkazish orqali ish bilan bandligini taʼminlash yoʻli bilan davlat sektorida band boʻlgan ishchilarning ish haqlarini toʻliq saqlab qolish;

alohida yoʻnalishdagi xususiy sektor korxonalariga ish xaqi hisoblashda ijtimoiy soliq miqdorini 1 foizgacha pasaytirish;

  • jismoniy shaxslar tomonidan olingan kreditlarni qaytarish muddatlarini kechiktirish;
  • ishsiz qolgan aholini jamoatchilik ishlariga band qilish;

davlat tomonidan xususiy sektorni ragʻbatlantirish (yoki kompensatsiya qilish) orqali vaqtinchalik ishsiz qolgan aholini zarur isteʼmol tovarlari va moddiy yordam bilan qoʻllab-quvvatlash tizimi joriy etilishi ijtimoiy vaziyatning keskin yomonlashib ketishining oldini olishga xizmat qilmoqda.

v) xususiy sektor korxonalarini qoʻllab-quvvatlash borasida fiskal ragʻbatlantirish (ayrim soliq toʻlovlarining kechiktirilishi va imtiyozlar berilishi) hamda kredit va monetar yumshatish choralarining oʻz vaqtida joriy etilishi iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida moliyaviy tanglik holatining vujudga kelishi va iqtisodiy inqiroz chuqurlashishining oldini olish imkonini berdi.

Iqtisodiy faollik. Karantin choralari davrida iqtisodiy faollik susayishining eng quyi davri aprel oyining birinchi dekadasiga toʻgʻri kelib, tovar xom-ashyo birjasida savdolar bitimlari hajmi oʻrtacha 30 foizgacha, ayrim tovarlar boʻyicha esa sotish hajmi 80 foizgacha tushib ketdi.

Aprel oyining ikkinchi yarmidan boshlab qurilish va yuk tashish sohasidagi karantin choralarining yumshatilishi natijasida qurilish materiallariga va yuqori likvidli mahsulotlarga boʻlgan talabning nisbatan jonlanishiga taʼsir etdi.

Jumladan, aprel oyining uchinchi haftasida sement mahsulotining sotilishi  dastlabki haftaga nisbatan 1,4 barobarga, qora metallar prokati 2,7 barobarga, polipropilen 4,3 barobarga, polietilen 2 barobarga va shuningdek dizel yoqilgʻisi 21 foizga oshdi.

Natijada, aprelning 1-25 sanalari oraligʻida sement mahsulotlarining sotilishi oʻtgan yilning mos davriga  nisbatan  13,4 foizga, mis katodi 6,5 foizga, mineral oʻgʻitlar hajmi 7 foizga, dizel yoqilgʻisi esa 10 foizga oʻsishi kuzatildi.

Dizel yoqilgʻisiga talabning koʻpayishi – bu qishloq xoʻjaligi sohasida faollikning mavsumiy oshishi, yuk avtomobillari harakatlanishiga cheklovlarning olib tashlanishi hamda qurilish ishlarining sanitar va epidemiologik talablarga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshirish boʻyicha ruxsat berilishi bilan faollik oshib bormoqda.

Aprel oyining 1-27 kunlarida mart oyining mos davriga nisbatan respublika boʻyicha jami pul tushumlari 45 foizga, bunda, mahsulotlarni sotishdan tushgan tushumlar 31 foizga hamda pullik xizmatlar sohasidan keladigan tushumlar esa qariyb 2,7 barobarga qisqarishi kuzatildi.

Shu bilan birga, aprel oyining ikkinchi oʻn kunligidan boshlab mahsulotlar sotuvi tushumlarida sezilarli oʻsish kuzatilib, shu dekadadagi oʻrtacha kunlik tushumlar 337,1 mlrd. soʻmni tashkil qildi (birinchi oʻn kunlikda oʻrtacha tushum – 255,5 mlrd. soʻm). Mazkur tendensiya aprel oyining soʻnggi oʻn kunligida ham davom etib, kunlik oʻrtacha tushumlar 340,1 mrld. soʻmni tashkil qildi.

Pullik xizmatlardan keladigan tushumlar dinamikasida ham keskin qisqarishdan soʻng faollik kuzatilayotganiga qaramasdan oʻsish surʼatlari pastligicha qolmoqda (birinchi oʻn kunlikda oʻrtacha kunlik tushum – 38,4 mlrd. soʻm, ikkinchi oʻn kunlik – 40,5 mlrd. soʻm, uchinchi – 43,7 mrld. soʻm).

Iqtisodiy faollikning maʼlum darajada sekinlashuviga qaramay aprel oyida tabdirkorlik subyektlari tomonidan jalb qilingan kreditlar qoldigʻi 2,3 trln. soʻmga oshdi. Xususan, aprel oyining dastlabki 20 kunida ushbu sohaga ajratilgan kreditlar miqdori 4,3 trln. soʻmni va soʻndirilgan kreditlar miqdori qariyb 2 trln. soʻmni tashkil etdi.

 

2020-yil iqtisodiy koʻrsatkichlariga taʼsir qiluvchi ayrim omillar

Global iqtisodiy inqirozning chuqurlashib borishi, shuningdek koronavirus kasalligini butkul yengib chiqish hamda dunyo iqtisodiyotining tiklanishi borasida noaniqliklarning saqlanib qolishi sharoitida respublikada makroiqtisodiy, shu jumladan fiskal, monetar va ijtimoiy siyosatni aniq rejalashtirib olish va amalga oshirish maʼlum maʼnoda murakkablashadi.

Shundan kelib chiqqan holda, qisqa muddatli istiqbolda quyidagi yoʻnalishlar va yondashuvlarga alohida eʼtibor qaratiladi:

Koronavirus mavjudligi sharoitiga moslashish va bunga tayyorgarlik koʻrish

Bunda, koronavirus pandemiyasini yengib chiqish muddati va kelgusida (2020-yil kuz oylarida) ushbu kasallik tarqalishining ikkinchi toʻlqinining yuzaga kelish ehtimoli bilan bogʻliq ssenariylarni imkon qadar aniqroq baholash lozim boʻladi.

Bugungi kunda koʻplab xorijiy mutaxassislar kelgusida insoniyat ushbu virus mavjudligi sharoitida yashashga koʻnikishi va moslashishi lozimligini qayd etmoqdalar.

Yuqorida taʼkidlanganidek, bugungi yuzaga kelgan vaziyatda iqtisodiy qiyinchiliklar anʼanaviy fiskal yoki monetar siyosat instrumentlarni qoʻllash orqali emas balki, eng birinchi navbatda, koronavirusga qarshi vaksina va toʻliq davolash usullari yoʻqligi sharoitida iqtisodiy faollikni bosqichma-bosqich tiklash va ayni paytda ushbu kasallik tarqalishining hamda odamlar sogʻligiga taʼsirini minimallashtirish boʻyicha ishlarning samaradorligiga bogʻliq boʻladi.

Shu nuqtayi nazardan, kelgusida tibbiyot sohasining moddiy- texnik bazasini kuchaytirish, kasallarni qabul qilish va davolash quvvatlarini oshirish, tibbiyot xodimlari soni va malakasini oshirib borish maqsadlariga tegishli resurslarni shakllantirish orqali kasallikni samarali davolash va insoniy yoʻqotishlarni minimallashtirishga asosiy eʼtibor beriladi.

Yuqori ehtimol bilan dunyodagi iqtisodiy vaziyatning tiklanishi sekin kechadi va bu iqtisodiy faollikni qoʻllab- quvvatlashda davlat rolining oshishiga olib kelishi mumkin.

Kelgusida koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldi olinishiga qaramay ayrim cheklovlarning maʼlum bir muddatga saqlanib qolishi hamda ushbu kasallikning ikkinchi toʻlqini bilan bogʻliq taxminlar global iqtisodiy faollikning sekin tiklanishiga olib kelishi mumkin.

Bu, oʻz navbatida, tashqi talabning sekinlashishi sharoitida iqtisodiyotda yalpi talabni shakllantirishda va uni ragʻbatlantirishda alohida yondashuv va yechimlarni ishlab chiqishni talab etadi.

Bunda asosiy eʼtibor mavjud resurslarni, shu jumladan inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtirilishi koʻzda tutilgan qoʻshimcha 3,6 trln. soʻmlik va ishga tushish arafasidagi investitsion loyihalar doirasida qurilish ishlarini tezlashtirish orqali:

aholini ish bilan bandligini taʼminlash va daromadini oshirish;

tutash tarmoqlarda ham ishlab chiqarishning nisbatan faollashuvini taʼminlash imkoni paydo boʻladi.

 

2020-yilda iqtisodiy oʻsish boʻyicha dastlabki prognozlar

Vaziyatning keskin oʻzgaruvchan boʻlishini inobatga olib bugungi kunda kutilayotgan makroiqtisodiy vaziyat boʻyicha nisbatan aniq prognoz koʻrsatkichlarini ishlab chiqish murakkab boʻlib qolmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda vaziyatdan kelib chiqib  hamda dunyo mamalkatlarida koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq cheklovlarning aososiy qismi joriy yilning birinchi yarmida olib tashlanishini taxmin qilish asosida 2020-yil yakuni boʻyicha iqtisodiy oʻsish surʼatlari 1,5-2,5 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Ijobiy oʻsish surʼatlarining saqlab qolinishi quyidagi omillar hisobiga taʼminlanadi:

  • qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining dastlabki prognoz koʻrsatkichdan 3,5-4 foizdan nisbatan yuqoriroq kutilishi. Bunda qishloq xoʻjaligining YAIM tarkibidagi ulushi 30 foiz atrofida ekanligini inobatga oladigan boʻlsak, ushbu sohadagi ijobiy dinamika iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega;
  • sanoat sohasida ishlab chiqarish hajmi oʻsish surʼatlarining sekinlashishiga qaramay 3,4 foizdan ziyodga oshishi prognoz qilinmoqda. Sanoat sohasining YaIM tarkibida 30 foizdan yuqoriligi hisobiga mazkur ijobiy oʻsish surʼati ham umumiy iqtisodiy oʻsish surʼatlarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Iqtisodiy oʻsishning sekinlashuviga taʼsir qiluvchi omillar:

  • koronavirus pandemiyasi birinchi navbatda xizmatlar koʻrsatish sohasiga koʻproq taʼsir koʻrsatishini inobatga olib mazkur sohasida iqtisodiy oʻsish 2020-yil yakuni boʻyicha 0,7-1,0 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.

Ushbu tendensiyaning saqlanib qolishi joriy yil birinchi chorakda xizmatlar sohasining 3,8 foizga oshishi hamda uchinchi chorakdan boshlab jonlanishi bilan izohlanadi;

  • xalqaro pul oʻtkazmalarining 30-40 foizga qisqarishi aholi daromadlarining va iqtisodiyotda isteʼmol xarajatlarining kamayishiga olib keladi.

Umuman olganda xususiy sektorda yakuniy isteʼmol xarajatlari dastlabki prognoz qilingan 6,8 foizlik oʻsishdan past boʻlib, 1,2 foizgacha qisqarishi mumkin.

Oʻz navbatida inqirozga qarshi jamgʻarmaning  shakllanishi hamda ichki va tashqi resurslarni mobilizatsiya qilish hisobiga davlat xarajatlarining prognoz qilingan darajada ushlab turilishi iqtisodiyotda umumiy talabni ragʻbatlantiruvchi omil boʻlib xizmat qiladi.

Vazirlik bundan buyon muntazam ravishda tegishli hisobotlarni va prognozlarni eʼlon qilib boradi.

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni
qisqartirish vazirligi

 

[i] Ўзбекистон Республикаси Президентининг:

2020 йил 19 мартдаги “Коронавирус пандемияси ва глобал инқироз ҳолатларининг иқтисодиёт тармоқларига салбий таъсирини юмшатиш бўйича биринчи навбатдаги чора-тадбирлар тўғрисида”ги ПФ-5969–сонли Фармони;

2020 йил 3 апрелдаги “Коронавирус пандемияси даврида аҳоли, иқтисодиёт тармоқлари ва тадбиркорлик субъектларини қўллаб-қувватлашга доир қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида”ги ПФ-5978–сонли Фармони.

 


1
Похожие новости