"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

KASBIY MALAKANI BAHOLASH TIZIMI JORIY ETILMOQDA

Maʼlumki, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan olib borilgan monitoring jarayonida o‘tgan yilgi “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining “Xalqaro standartlarga muvofiq kasbiy malakani baholash tizimini joriy etish” deb nomlangan 141-bandi bajarilmagani maʼlum bo‘lgandi.

Shuni alohida eʼtirof etish lozimki, Davlat dasturida belgilangan baʼzi vazifalar obyektiv-subyektiv sabablarga ko‘ra ijro etilmay qolgan taqdirda, ularning ijrosi muayyan vaqtdan so‘ng albatta taʼminlanadi.

Shu maʼnoda, o‘tgan yilgi Davlat dasturining 141-bandi ijrosi ham kuni kecha to‘liq taʼminlandi.

Yaʼni, joriy yilning 15-may kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida Kasbiy malakalar, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi faoliyatini tashkil etish choralari to‘g‘risida”gi 287-sonli qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Milliy malakalar ramkasi tasdiqlandi.

Milliy malakalar ramkasi – har bir malaka darajasi bo‘yicha kasb faoliyatini amalga oshirish uchun talab qilinadigan bilimlar, mahorat va ko‘nikma, shaxsiy va kasbiy kompetensiyalar, shuningdek, tegishli malaka darajasini egallash yo‘llarini o‘zida aks ettirgan jadval ko‘rinishidagi konstruksiya hisoblanadi.

Kompetensiyalar quyidagi ko‘rsatkichlar bilan ifodalanadi:

  • rahbarlik ostidagi faoliyat;
  • rahbarlik faoliyati;
  • mustaqil ijro intizomi;
  • faoliyat ko‘lami – vakolat va masʼuliyatning kengligi, kasbiy faoliyatdagi mumkin bo‘lgan xatoning oqibatlari.

Milliy malakalar ramkasi asosida davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari ish beruvchilar birlashmalari bilan hamkorlikda tarmoqlar malaka ramkalarini ishlab chiqib, tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, Hukumatning mazkur qarori bilan “Kasbiy malakalar, bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish milliy tizimi (Milliy malakalar tizimi) to‘g‘risida”gi Nizom ham tasdiqlandi.

Milliy malakalar tizimining vazifalaridan biri ishsizlar va band bo‘lmagan aholini, ayniqsa yoshlarni kasbga o‘qitish, malakasini oshirish va qayta o‘qitishni tashkil etishdan iborat.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati