"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

DAVLAT DASTURINING YANA BIR BANDI IJRO QILINDI


Maʼlumki, 2020-yil – “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 44-bandida propiska tizimini isloh qilish yuzasidan qator normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish va amaliyotga joriy etish belgilangan edi. Ushbu bandning ijrosi Davlat rahbarining joriy yilning 22-aprel kungi “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinishi bilan qisman bajarilgandi.

Mazkur Farmon, muxtasar aytganda, har bir fuqaroni o‘z yurtida erkin harakatlanishi, yashash va ishlash joyini ixtiyoriy tanlashi imkoniyatini hech qanday moneliksiz yaratishi barobarida, konstitutsiyaviy huquqlari to‘liq taʼminlanishini ham kafolatlab berdi.

Prezident tomonidan kuni kecha imzolangan «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun bilan Davlat dasturining propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha belgilangan band to‘liq ijrosini topdi.

Eng ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur Qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan ko‘chmas mulk sotib olinganda mol-mulkning oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun shartnoma summasining 5 foizi miqdordagi davlat bojining alohida stavkasi bekor qilindi.

Bundan tashqari, 2020-yil Davlat dasturining mazkur bandiga asosan Uy-joy kodeksiga va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga tegishlicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi kutilmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati