"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
Madaniyat va sanʼatning ulkan yutug‘ini belgilagan hujjat
938 | 01 Iyu. 2020 y.

Har bir millatning o‘z madaniyati va sanʼati uning xalq sifatidagi qadr-qimmatini belgilab beruvchi asosiy omillaridan biridir. Insoniyat vujudga kelibdiki, o‘zining butun salohiyatini ishga solib, yaratuvchilik, bunyodkorlik, ijodkorlik, mushohadakorlik borasida tinimsiz izlanadi, bundan estetik zavq oladi va bu jarayonda ruhan yuksaladi. Har millat o‘zining madaniyati va sanʼatining qudrati bois jahon tamaddunidan mustahkam joy egallaydi.

Mamlakatimiz o‘zining jahon maydonidagi o‘rni va ahamiyatini yana-da mustahkamlash yo‘lidan borar ekan milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish, yangi O‘zbekistonning yangi tarixini yaratish, moddiy va nomoddiy madaniy meros durdonalarini saqlash va targ‘ib etish, xalq og‘zaki ijodiyoti va havaskorlik sanʼatini yana-da ommalashtirish, yurtimizning jahon madaniy makoniga faol integratsiyalashuvini taʼminlash, madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirdi. 2020-yil 26-may kuni davlatimiz rahbarining “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni sohaning rivoji uchun zarur bo‘lgan ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.

Farmonga ko‘ra konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning buyurtmalariga asosan ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar yozma va haq evaziga tuziladigan shartnoma asosida taqdim etilishi haqidagi meʼyor bilan mustahkamlandi. Bu holat mamlakatimizda sanʼat sohasiga bo‘lgan munosabatning ijobiy tarafga o‘zgarishini taʼminlaydi.

Shuningdek, mazkur hujjat bilan sanʼatkorlarga yana bir ulkan imtiyoz berilmoqda. Yaʼni, 2020-yil 1-sentabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkaziladigan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etiladi. Bunday imkoniyatning vujudga kelishi o‘zbek musiqa sanʼatining yangi sifat bosqichiga ko‘tarilishi, undagi mazmun-mohiyatning yana-da yuksak ahamiyat kasb etishiga imkon yaratadi. Sanʼatning aslida shou yoki ko‘rgazma uchun emas, balki insonning maʼnaviy kamolotga erishishiga xizmat qiluvchi rolining yana-da oshishini belgilaydi. Natijada, aholining konsert-tomosha tadbirlariga boruvchanlik qobiliyati o‘sadi, aholining madaniy-estetik saviyasi yuksaladi. Shu bilan birga, sanʼatkorning o‘z ustida ishlashga bo‘lgan talabi ortadi.

Farmonning uchinchi bandida keltirilgan meʼyor Madaniyat vazirligining mamlakatdagi mavqeini va qadr-qimmatini oshirishga qaratilgan, deyish mumkin. Binobarin, shu vaqtgacha davlat organlari tomonidan davlat tadbirlari va boshqa tadbirlarga ijodkor va ijrochilarni jamoatchilik asosida jalb qilish odat tusiga kirib qolgan edi. Bu holat soha mutaxassislarining eʼtirozlariga sabab bo‘lgan. Endilikda, bunday holatlarga umuman yo‘l qo‘yilmaydi. Va bu holat soha uchun katta yutuqdir.

Mamlakatimiz jahon hamjamiyati bilan integratsiyalashuv sari ildam qadam tashlar ekan, yurtimiz oldida o‘z yechimini kutib turgan katta bir masala mavjud. U ham bo‘lsa, mualliflik huquqlari sohasini huquqiy jihatdan ishga solishdir. Aslida, bu soha o‘z vaqtida samarali faoliyat olib borgan. Ammo so‘nggi yillarda sohaning butunlay harakatdan to‘xtab qolgani mamlakatimizning jahon hamjamiyati oldida maʼnaviy saviyasini tushirib yuborishga qaratilgan tahdidni keltirib chiqardi.

Ushbu salbiy vaziyatga ijobiy yechim sifatida Farmonda madaniyat va sanʼat sohasi vakillarining Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasini tashkil etish vazifasi ko‘tarilgan. Unga ko‘ra, palata mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. Madaniyat vazirligi palata faoliyatining dastlabki bosqichlarida uni qo‘llab-quvvatlash uchun Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 milliard so‘m ajratilishini taʼminlab beradi.

Maʼlumki, mualliflik huquqlari o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra ulkan zalvorli soha. Uning yurtimizda to‘liq kuch bilan ishlashi hamda jahon standartlari talabiga javob berishi uchun sohani yaxshi biladigan mutaxassislar kerak. Farmonda belgilab berilgan vazifa sohaning bilimdon mutaxassislarni tarbiyalashni taqozo etadi.

Farmonda sanʼat, xususan, teatr sohasi jonkuyarlari va tomoshabinlarini xursand etadigan bir vazifa bor. Maʼlumki, yurtimiz ravnaqi uchun o‘z mehnatini ayamay, fidokorona xizmat qiladigan har bir shaxs, har bir jamoa yuksak darajada eʼtibor va eʼtirofga sazovordir. Mana shu munosabat bilan, boy tarixi, o‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri maktabining shakllanishi va rivojidagi beqiyos hissasini inobatga olib, Respublika qo‘g‘irchoq teatriga O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatri nomi berilishi sanʼat olamida ulkan quvonchga sabab bo‘lgan hodisaga aylandi. Unga ko‘ra, teatrning salohiyatidan to‘laqonli foydalanish va uning anʼanalarini keng tarqatish maqsadida Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qo‘g‘irchoq teatrlarini tashkil etish to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, 2020-yilga mo‘ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida maqbullashtirilgan mablag‘lar hisobidan “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasining bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha ravishda hayvonlarni saqlash xonalarini qurish hamda zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ishlarining to‘liq moliyalashtirilishini, shuningdek, qurilish, rekonstruksiya va jihozlash ishlarini joriy yil oxiriga qadar to‘liq yakuniga yetkazib, foydalanishga topshirilishi haqidagi vazifa ham ustuvor etib belgilandi. Sirk sanʼati faoliyatini rivojlantirish maqsadida har bir hududda ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) hamda hayvonot bog‘lari tashkil etilishi asosiy vazifalardan etib belgilandi.

Farmonda o‘zbek madaniyati va sanʼati uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan quyidagi vazifalar sohaning ilmiy-tadqiqot jabhasini yana-da taraqqiy ettirishga qaratilgan katta hamxo‘rlik belgisi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “O‘zbek maqom sanʼati fakulteti” hamda O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining tegishli taʼlim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari negizida maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasasi – Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa sanʼati institute hamda davlat muassasasi shaklida Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish sanʼat sohasidagi ilm ahli uchun tinimsiz mehnat qilish maydoniga aylanadi.

Maʼlumki, yurtimizda madaniyat va sanʼatga oid ilmiy-tadqiqot sohasi so‘nggi yillarda oqsash jarayonini boshdan kechirayotgan edi. Bunga sabab mutaxassislarning faoliyatiga borib taqalmaydi. Balki, sohada mavjud mexanizmning yo‘qligi mazkur kamchiliklarni keltirib chiqargan edi. Endilikda, Farmonda belgilanishicha, O‘zbekiston davlat sanʼat muzeyiga sanʼat sohasidagi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga – madaniyat va tarix sohasidagi barcha muzeylar faoliyatini ilmiy-tadqiqot va metodik jihatdan muvofiqlashtirish, ularning ushbu yo‘nalishlardagi o‘zaro hamkorligini taʼminlash, kadrlarning ilmiy salohiyatini oshirish vazifasi yuklatildi.

2021-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston davlat sanʼat muzeyi va O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida muzeyshunoslik, sanʼatshunoslik, madaniyatshunoslik yo‘nalishlarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlar va ilmiy-metodik kengashlar tashkil etiladi.

Farmoniga ko‘ra, endilikda madaniyat va sanʼatning jamiyatimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotida tutgan o‘rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 15-aprel sanasini “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni” deb eʼlon qilinishi xususida qonun hujjati tayyorlanmoqda. O‘zbek madaniyati va sanʼatiga qaratilayotgan bunday eʼtirof aslida jannatmakon yurtimizni ulug‘lash, uning qadriyatlarini yuksaklarga ko‘tarish, kelajak avlodni qaddi baland, g‘ururli va oriyatli xalq qilib o‘stirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning buyuk namunasidir.

Oydin ABDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi


5
Похожие новости