• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

DAVLAT DASTURI IJROSI: INSON HUQUQLARI BO‘YICHA MILLIY STRATEGIYA TASDIQLANDI


Joriy yilgi “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 268-bandida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasi belgilangan edi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda inson huquqlari sohasida uzoq muddatli strategiyaning mavjud emasligi mazkur sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishi, yurtimizning xalqaro maydondagi obro‘sini yana-da oshirish, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reytinglar va indekslardagi mavqeini yaxshilashga to‘sqinlik qilib kelayotgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzolanishi yuqorida keltirilgan barcha muammolar yechimini taʼminlashi barobarida, Davlat dasturining tegishli bandi ijrosini ham amalga oshirdi.

Milliy strategiyada O‘zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reyting va indekslarda TOP-50 qatoriga kirishini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Mazkur hujjat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va uning «Yo‘l xaritasi», qolaversa, BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari hamda shartnomaviy qo‘mitalari xabarnomalari va qarorlarini ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom ham tasdiqlandi.

Farmonga ko‘ra, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar normalari talablarini bajarish yuzasidan masʼul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari ham belgilab berilmoqda.

Ular quyidagilardan iborat:

  • xalqaro tashkilotlarning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tavsiyalarini amalga oshirishga qaratilgan milliy harakat rejalari («yo‘l xaritalari»)ning so‘zsiz bajarilishini taʼminlash;
  • qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini bajarishga to‘sqinlik qilayotgan sabab va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish hamda bartaraf etish;
  • O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarish sohasida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni amalga oshirish.

Milliy strategiya o‘zida 2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishida parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga muvofiqlashtirish kabi vazifalarni ham mujassam etgan.

Strategiyani amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da quyidagi kodekslar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan:

  • Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks;
  • Ekologiya kodeksi;
  • Sog‘liqni saqlash kodeksi;
  • Tadbirkorlik kodeksi.

Milliy strategiyaning o‘ziga xos jihati shundaki, uning asosida yangi tahrirda ishlab chiqish lozim bo‘lgan hamda qonunchilikda mavjud bo‘lmagan quyidagi qonunlar ishlab chiqilishi kutilmoqda:

  • «Favqulodda holat to‘g‘risida»;
  • «O‘zbekiston Respublikasida ommaviy tadbirlar to‘g‘risida»;
  • «Advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida»;
  • «Teng muomala qilish va kamsitmaslik to‘g‘risida»;
  • «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri;
  • «O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomi to‘g‘risida»;
  • «Bepul yuridik yordam to‘g‘risida"gi qonun loyihasi;
  • «Xususiylashtirish to‘g‘risida»;
  • «Ijtimoiy tadbirkorlik asoslari to‘g‘risida»;
  • «Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida»;
  • «Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»;
  • «Ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risida»;
  • «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi to‘g‘risida".

Shuningdek, Farmonga asosan, Oliy Majlis huzurida Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasi tuziladi. Ushbu komissiya vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlarining Milliy strategiyada belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan hisobotlarini tinglab, muhokama qiladi.

Ushbu tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga vazirlik va idoralar hududiy bo‘linmalari rahbarlarining Milliy strategiya va «Yo‘l xaritasi»ning hududlar kesimida ijro etilishi yuzasidan axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilish tavsiya etilgan.

Bundan tashqari, «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishonini taʼsis etish va uni har yili Xalqaro inson huquqlari kunida inson huquqlarini himoya qilish va madaniyatini oshirishda munosib hissa qo‘shgan shaxslarga topshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, har ikki yilda yuqori saviyada, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar ekspertlari, faxriy mehmonlar ishtirokini taʼminlagan holda Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati