• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH AGENTLIGI TASHKIL ETILDI


Davlat rahbari “Halollik vaksinasi” va korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul bo‘ladigan alohida organ tashkil etilishi haqida ilk bor Parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida qayd etgan edi. Keyinchalik ushbu fikrlar, 2020-yilgi Davlat dasturida ham aks etdi.

2020-yilgi “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 53-bandiga ko‘ra, Davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Mazkur hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilmoqda.

Agentlik:

  • Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini taʼminlash, shuningdek, mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun masʼul bo‘lgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.
  • o‘z faoliyatini qonuniylik, xolislik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida boshqa davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va Oliy Majlis palatalari oldida hisobdordir;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor tomonidan boshqariladi. Prezidentning Agentlik direktorini lavozimga tayinlash va ozod qilish to‘g‘risidagi farmonlari Oliy Majlis Senati tomonidan tasdiqlanadi.

Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash;
  • korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish;
  • jamiyatda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish;
  • korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida vazirlik va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish, OAV, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining ushbu masalalar bo‘yicha birgalikdagi samarali faoliyatini tashkil etish;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”) hamda korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa xalqaro vositalarini joriy etish, ularning mazkur sohadagi faoliyati bo‘yicha reytingini tuzish;
  • normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi samaradorligini taʼminlash;
  • davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etish;
  • davlat xizmatiga halollik standarti (“halollik vaksinasi”) va manfaatlar to‘qnashuvini hal etish standartlarini joriy etishda ko‘maklashish bo‘yicha taʼsirchan choralarni ko‘rish, shuningdek, ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • byudjet mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning qarzlaridan foydalanish, davlat aktivlarini realizatsiya qilish va davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi nazorat tizimining samaradorligini tahlil qilish;
  • xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatning imidjini mustahkamlash va xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlarni tashkil etish va korrupsiyani oldini olish, unga qarshi kurashishning taʼsirchanligini oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
  • korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash.

Farmon bilan Agentlik har yili OAVda eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy maʼruzani tayyorlaydi va uni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Prezidenti va Oliy Majlis palatalariga kiritadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazuvchi korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish natijalarini kompleks tahlil qiladi hamda natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga axborot beradi.

Qolaversa, korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida jamiyat va davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanilishiga erishish ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korrupsiyaning darajasini baholovchi Korrupsiyani qabul qilish milliy indeksini tuzishni tashkillashtiradi.

Agentlik davlat xaridlari sohasida korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida davlat buyurtmachisi ISO 37001 korrupsiyaga qarshi standartini qo‘llashni ko‘zda tutuvchi talabni o‘rnatadi.

Farmon bilan Agentlikka quyidagi huquqlar berilmoqda:

  • byudjet mablag‘larining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bog‘liq materiallarni talab qilish, olish va o‘rganish;
  • o‘z vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan o‘rnatilgan tartibda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish;
  • davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida korrupsiya holatini o‘rganish;
  • korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tizimli korrupsiyaning rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish maqsadida qonunchilik, shu jumladan jinoyat-protsessual qonunchiligiga muvofiq jinoyat ishlari materiallarini o‘rganish;
  • o‘rganish va boshqa tadbirlar natijalari bo‘yicha to‘plangan materiallarni faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari bo‘lgan shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq choralar ko‘rish, jumladan jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish uchun huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlariga taqdim etish;
  • korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha maʼmuriy surishtiruvlar o‘tkazish;
  • ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini to‘xtatish yoki bekor qilish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni kiritish;
  • davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirishlar hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritish.

Agentlikning ogohlantirish, taqdimnoma va murojaatlari o‘n kun ichida ko‘rib chiqilishi va natijalari yuzasidan yozma axborot berilishi shart qilib belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Agentlikning hujjatlar, materiallar va boshqa maʼlumotlarni taqdim etish, taftish va tekshirishlar o‘tkazish, mutaxassislar ajratish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi talablarini bajarish davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari va fuqarolar uchun majburiy etib qo‘yilmoqda.

Shu qatorda, Agentlik xodimlari o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaning sabab va shart-sharoitlarini o‘rganish hamda tahlil qilish maqsadida davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ushlab turilganlarni va qamoqqa olinganlarni saqlash joylari, jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga va hujjatlar bilan tanishishga haqli etib belgilanmoqda.

Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy ravishda Agentlik bilan kelishilishi lozimligi qayd etilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari etib qayta tashkil etilmoqda.

Farmon asosida Agentlik Milliy kengashning ishchi organi etib belgilandi.

Agentlikni xodimlar bilan to‘ldirish konkurs asosida xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshiriladi. Shu bilan birga, Agentlikka birinchi marta ishga qabul qilinadigan xodimlar ishdan ajratilgan holda Bosh prokuratura Akademiyasida maxsus o‘quv dasturlari bo‘yicha taʼlim oladi.

Agentlik zimmasiga:

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tarmog‘ining Istanbul harakatlar dasturi doirasidagi ishlar hamda ishlab chiqilgan tavsiyalarning amalga oshirilishini taʼminlash;

BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalari qoidalarining bajarilishi bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy koordinatori vazifa va vakolatlari yuklatilmoqda.

Agentlik davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, shuningdek, ushbu sohadagi davlat va boshqa dasturlar samaradorligini monitoring qilish hamda baholash imkonini beruvchi “E-Anticor.uz” elektron platformasini ishlab chiqadi. Shu bilan birga, korrupsiya holatlari haqida Agentlikni xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dastur yaratiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

Aytish joizki, ushbu hujjatni ishlab chiqish jarayonida tegishli davlat organlari bilan bir qatorda, fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi xalqaro tajribani o‘rganishga oid tahlil va takliflari bilan ishtirok etdi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 150 dan ortiq antikorrupsion tuzimalar faoliyat yuritmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashishga ixtisoslashtirilgan organlar faoliyatini yuritishda Gonkong, Singapur, Fransiya, Ruminiya, Hindiston, Koreya Respublikasi, Finlyandiya, Norvegiya davlatlari katta tajribaga ega.

Ahamiyatlisi, mazkur hujjat korrupsiya bilan samarali kurashayotgan davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘zida mujassamlashtirgan. Mazkur hujjatning qabul qilinishi esa normativ-huquqiy va institutsional bazani yana-da takomillashtirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmini joriy etishga yordam beradi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati