• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
PROPISKA TIZIMINI ISLOH ETISH - FUQAROLARNING KONSTITUTSIYAVIY HUQUQLARINI TAʼMINLASH KAFOLATI
3279 | 23 Mar. 2020 y.


Hozirda globallashuv va integratsiyalashuv jarayonlari natijasida migratsiya oqimining kuchayishi xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash bilan bir qatorda, shaxsning erkin harakatlanishi hamda yashash uchun turar joy tanlashiga doir huquqlarini samarali kafolatlash mexanizmlarini joriy etishni taqozo etmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda pasport tizimini, xususan, uning shaxs huquqlarini cheklovchi elementlarini bekor qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, pasport tizimida yuzaga kelgan quyidagi bir qator muammo va kamchiliklar ushbu sohani tubdan isloh etish zaruratini yuzaga keltirdi. Yaʼni: respublikada (ayniqsa, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida) mulkka egalik qilish (turar joy sotib olish), mehnat qilish (ishga joylashish), tibbiy xizmatdan foydalanish, o‘qish (maktabgacha, o‘rta, o‘rta-maxsus va oliy taʼlimda) va boshqa bir qator huquqlarning propiska faktiga bevosita bog‘liq bo‘lib qolganligi; mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish huquqining bevosita doimiy yoki vaqtincha propiskadan o‘tganlik faktiga bog‘liqligi; migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlari ko‘rsatishning to‘liq avtomatlashgan elektron tizimining yo‘lga qo‘yilmaganligi; propiska institutini soddalashtirish va maqbullashtirish, shuningdek ushbu sohada ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari turlarini yana-da kengaytirish choralarining ko‘rilmaganligi, buning natijasida aholini avtomatlashgan holda hisobga olish amaliyotining yo‘lga qo‘yilmaganligi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilingan davlat dasturlarida propiska qoidalarini maqbullashtirish va liberallashtirish, bu borada shaxsning erkin harakatlanishiga xalaqit berayotgan byurokratik to‘siq hamda korrupsion holatlarni oldini olish vazifalari belgilandi hamda ularni hayotga tatbiq etish mexanizmlari ko‘rsatib berildi. Jumladan, Harakatlar strategiyasini 2018-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi asosida vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga bo‘lgan taqiq, shuningdek vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining javobgarligi bekor qilindi. Yaʼni ilgari mavjud bo‘lgan fuqarolarning propiskasiz ishga joylashishga bo‘lgan cheklov olib tashlandi. Endilikda propiska faktidan qatʼiy nazar respublikaning barcha mintaqasida mehnat qilish imkoni yuzaga keldi.

Voyaga yetmaganlarning pasport tizimi qoidabuzarliklari uchun javobgarlik liberallashtirilib, qonunda belgilangan muddatda pasport olmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilindi. Yaʼni ilgari shaxs 16 yoshga to‘lgach bir oy muddat ichida fuqarolik pasporti yoki mamlakatda doimiy yashash guvohnomasini (ushbu hujjat chet el fuqarosi va fuqaroligi yo‘q shaxsga O‘zbekistonda yashash huquqini beradi) olmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik mavjud edi. Endilikda 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning ushbu holat uchun javobgarligi bekor qilindi.

2019-yil davlat dasturiga asosan, aholining turgan joyi bo‘yicha hisobdan o‘tishi onlayn shaklda Davlat xizmatlari agentligi tomonidan amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Fuqarolarning vaqtincha propiskasiz mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish muddati 5 sutkadan 10 sutkaga uzaytirildi. Pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jazo choralari yengillashtirildi. Xususan, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekistonda bo‘lish qoidalarini buzganligi uchun jinoiy javobgarlik bekor qilindi (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 224-moddasi chiqarib tashlandi).

Aholini elektron hisobga olish amaliyotini yo‘lga qo‘yishda davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat turlari kengaytirildi. Jumladan, endilikda doimiy propiskaga ega bo‘lish va turgan joylari bo‘yicha hisobda turish uchun fuqarolar Davlat xizmatlari markazlariga yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari mumkin.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ichki migratsiyani liberallashtirish va maqbullashtirish, xususan, propiska institutini tubdan isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib, aniq takliflar kiritish vazifasi belgilandi. Bu borada ayniqsa mazkur institutning respublikamiz maʼmuriy hududlarini mutanosib ravishda iqtisodiy rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi mexanizmlarini bekor qilishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan birga, turizm va migratsiya jarayonlaridan iqtisodiyotimizga keladigan daromadlar hajmini yana-da kengaytirishga xizmat qiladigan innovatsion axborot kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish - bugungi kunning kechiktirib bo‘lmas vazifalaridan hisoblanishi qayd etildi.

Shu asosda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmonida ushbu institutning shaxs huquqlarini cheklovchi elementlarini to‘liq bekor qilish asosida uni jahon standartlariga moslashtirish, aholini qulay va maqbul shaklda hisobga olish (qayd etish) tizimini ishlab chiqish vazifalari belgilandi hamda davlat organlariga bu boradagi mexanizmlarni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Davlat dasturi asosida qabul qilinishi rejalashtirilayotgan normativ-huquqiy hujjatlardagi propiska tizimiga doir kutilayotgan o‘zgarishlar quyidagilardan iborat:

1) 2020-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligini ko‘zda tutuvchi tartibni joriy etish.

Mazkur holat kelgusida mamlakatimiz poytaxti va Toshkent viloyati hududidan O‘zbekiston Respublikasining barcha (shu jumladan, mazkur hududlarda propiskasi bo‘lmagan) fuqarolariga ikkilamchi bozordan o‘z nomlariga ko‘chmas mulk rasmiylashtirish huquqini beradi. Bu esa, kelgusida mazkur toifadagi shaxslarning Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-296-son qonuniga muvofiq doimiy propiskadan o‘tish huquqini vujudga keltiradi (shu bilan birga, yangi qurilgan uylarni sotib olish orqali propiska qilish imkoni avvalroq yuzaga kelganligini taʼkidlash lozim). Shu asosda uzoq yillar davomida propiskasi bo‘lmaganligi sababli o‘z nomlariga ko‘chmas mulk rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘lmagan shaxslarning bu boradagi muammolariga barham beriladi.

2) O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish.

Bu o‘rinda gap O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari o‘rtasida konstitutsiyaviy tenglikni taʼminlash, ularning huquqlarini bir xilda kafolatlash haqida kelmoqda. Jumladan, amaldagi tartib (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 527-son qarori) bo‘yicha O‘zbekistonda doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan qiymati eng kam oylik ish haqining 2500 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorida ko‘chmas mol-mulk sotib olinganda - shartnoma summasining 5 foizi miqdorida; Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga boshqa davlatlardan kelgan va O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan shartnoma tuzilgan sanadagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi bo‘yicha qiymati 150 ming AQSH dollardan kam bo‘lmagan miqdorida yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulkni sotib olinganda - shartnoma summasining 10 foizi miqdorida boj to‘lash talab etiladi (Toshkent propiskasiga ega fuqarolarga bunday talab qo‘llanilmaydi). Endilikda mazkur bojlarning undirilishi barcha toifadagi shaxslar uchun bekor qilinadi.

3) Qonunchilikka kiritilishi kutilayotgan muhim o‘zgartishlardan yana biri - O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 14-sentabrdagi «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar - O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida»gi O‘RQ-296-son qonuniga muvofiq Ro‘yxatning 2,5,9,11-bandlari bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilingan shaxslarning o‘z nomlariga ko‘chmas mulk rasmiylashtirish huquqining 3 yildan so‘ng yuzaga kelishi bilan bog‘liq talabni bekor qilish;

Endilikda yuqoridagi bandlar asosida propiska qilingan shaxslar Toshkent shahri va viloyati hududida qancha muddat ishlagani yoki yashaganidan qatʼiy nazar o‘z nomlariga ko‘chmas mulk rasmiylashtirish huquqiga ega bo‘ladilar. Bu esa kelajakda fuqarolarning Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan biror bir cheklovlarsiz hamda ovoragarchiliksiz turar joy sotib olish huquqi yuzaga kelishini anglatadi. Qolaversa, mulkka egalik qilish huquqining propiska faktiga bog‘liqligi o‘z ahamiyatini yo‘qotib, shaxsning erkin turar joy tanlash imkoniyati kengayadi.

4) Vakolatli organlarning doimiy propiskadan chiqishda shaxsning harbiy hisobdan chiqqanligini tasdiqlovchi maʼlumotnomani talab qilish amaliyotini bekor qilish. Mazkur holatda ichki ishlar organlarining idoralararo maʼlumotlar bazasi orqali tekshiruvni amalga oshirishi asosida fuqaroning ortiqcha ovora bo‘lishiga (mudofaa bo‘limlaridan maʼlumotnoma olish va topshirish talabi bekor qilinishi natijasida) yo‘l qo‘yilmaydi.

Umuman olganda, davlat dasturi asosida joriy etilishi kutilayotgan propiska tizimidagi yangi normativ baza va mexanizmlar shaxsning erkin harakatlanish hamda turar joy tanlashga doir konstitutsiviy huquqlarini kafolatlash darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Djaxongir YULDASHEV,
IIV Akademiyasi kafedra boshlig‘ining o‘rinbosari,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.

 


6
Похожие новости