• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“ILM-FAN SOHASINI 2030 YILGACHA RIVOJLANTIRISH KONTSEPTSIYASI TO'G'RISIDA”GI O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI QABUL QILINDI. UNDA QANDAY MAQSAD-VAZIFALAR O'RIN OLGAN?

“2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi Prezident Farmonida Ilm-fan sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini ishlab chiqish belgilangan edi. Shu munosabat bilan 2020 yil 29 oktabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Ta'kidlash lozimki, mazkur farmon iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni to'liq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borishning ustuvor yo'nalishlarini belgilash, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Kontseptsiya hamda uning maqsadli ko'rsatkichlari va indikatorlari, ilmiy tashkilotlarning ilmiy-innovatsion faoliyati samaradorligini baholashga yo'naltirilgan milliy reyting tizimini joriy etish, ilm-fanda o'zini o'zi boshqarish tizimini rivojlantirish orqali davlat va ilmiy tashkilotlar o'rtasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish hamda uning doirasida loyihalarni amalga oshirish, 2025 yilga qadar ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar sohasidagi texnologik innovatsiyalarga xarajatlarning umumiy hajmida tashkilotning o'z kuchi bilan bajarilgan texnologik innovatsiyalarga xarajatlarning ulushini 3,5 baravarga, 2030 yilgacha esa 9 baravarga oshirish kabi maqsad-vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Farmonda ilmiy tashkilotlar rahbarlari lavozimiga ustuvor ravishda ilm-fan tizimini boshqarish ko'nikmasiga va iqtisodiy bilimga ega bo'lgan yosh mutaxassislar tayinlanishi, 2021 yil 1 yanvardan boshlab ilmiy tashkilotlar rahbarlarini O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida o'qitish va muntazam malakasini oshirib borish tizimi joriy qilinishi, ilmiy yo'nalishlarni shakllantirish va ularning samarali faoliyat yuritishini ta'minlash hamda ilmiy maktablar, fan namoyandalari va yetakchi olimlarning sohadagi mas'uliyatini oshirish maqsadida har bir fan yo'nalishlari bo'yicha fan jamiyatlari tashkil qilinishi va boshqa vazifalar belgilangan.

Shuningdek, farmonda oliy ta'limdan keyingi ta'limning bir pog'onali tizimi joriy qilingan xorijiy davlatlarning ro'yxati har yili Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining qo'shma qarori bilan tasdiqlanadigan xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o'rindan birini egallagan oliy ta'lim tashkilotlarida olingan falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasi to'g'risidagi hujjatlari O'zbekiston Respublikasida fan doktori (DSc) sifatida to'g'ridan-to'g'ri tan olinishi va nostrifikatsiya qilinishi (ekvivalentligi qayd etiladi) kabi vazifalar ham nazarda tutilgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati