• О'zbek
"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

2021 YILGI DAVLAT DASTURI AMALDA: JINOYATCHILIKKA QARSHI KURASHISH VA HUQUQBUZARLIKLARNING OLDINI OLISH TIZIMI YANADA TAKOMILLASHADI

2017 — 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida  jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish bilan bog'liq vazifalar belgilangan bo'lib, mazkur chora-tadbirlar har yili qabul qilinayotgan Davlat dasturlarida o'z aksini topmoqda hamda ularning ijrosi izchil ta'minlanmoqda.

2021 yilning 26 mart kuni qabul qilingan “Jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni mazkur vazifalar ijrosida muhim ahamiyatga ega.

Mazkur Farmon 2021 yil – “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 32-bandi ijrosini ta'minlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Mazkur bandda aholi osoyishtaligini ta'minlash va mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo'yicha “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan tizim joriy qilish ishlarini faollashtirish belgilangan.

Farmonga ko'ra, har bir mahalla, oila va shaxs kesimida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid muammolar bevosita joylarning o'zida hal etiladi. Ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari tashkil etiladi.

Bunday maskanlar dastlab Toshkent shahrida namunaviy tarzda tashkil etiladi. Toshkent va Samarqand viloyatlarida 2021 yil 1 iyungacha profilaktika inspektoriga masofadan turib murojaat yuborish va uni ko'rib chiqish jarayonini kuzatib borish imkonini beruvchi “Smart mahalla” axborot dasturi yaratiladi. Mazkur axborot dasturi joriy yil yakuniga qadar respublikaning boshqa hududlarida ham ishga tushiriladi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida:

– Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi;

– Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi;

– Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasini o'z ichiga oladigan Tezkor-qidiruv departamenti;

– Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi;

– Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi;

– Yo'l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi;

– Probatsiya xizmatini o'z ichiga oladigan Jamoat xavfsizligi departamenti;

– Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi;

– Xavfsiz turizmni ta'minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasini o'z ichiga oladigan Transport va turizm ob'ektlarida xavfsizlikni ta'minlash departamenti tashkil etiladi.

Farmonda Kadrlar bosh boshqarmasi, Ma'naviy-ma'rifiy ishlar boshqarmasi, kasbiy tayyorgarlik boshqarmasini o'z ichiga oladigan Ma'naviy-ma'rifiy ishlar va kadrlar bilan ta'minlash departamenti, Huquqiy statistika va tezkor-hisob ma'lumotlar markazi (Bosh prokuraturaning Jinoiy-huquqiy statistika boshqarmasi va uning hududiy bo'linmalari tugatildi), Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi tuzilishi ham belgilangan.

Shu bilan birga, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti etib qayta tashkil etildi. Hududiy ichki ishlar organlarining tuzilmasida ichki ishlar organlari boshliqlarining jamoat tartibini saqlash bo'yicha, probatsiya va jazoni ijro etish masalalari bo'yicha o'rinbosari, huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi (bo'limi) boshlig'i lavozimlari tugatildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.