Tulyakov Eldor Sobirjonovich

Ijrochi direktor

Eldor Tulyakov “Taraqqiyot strategiyasi” markazining ijrochi direktori, shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, palataning Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashining a’zosi hamdir.


E.Tulyakov davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan uyushtirilgan turli anjumanlarda o‘z ma’ruzalari, taqdimotlari hamda qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha konstruktiv takliflari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.

 
Ayniqsa, mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, xususan, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining mazmun-mohiyati, ularda belgilangan maqsad-vazifalarni hayotga tadbiq etish natijasida erishilayotgan yutuqlarni mahalliy aholining turli qatlamlari hamda xalqaro hamjamiyatga yetkazishdagi sa’y-harakatlari e’tirofga loyiq.


E.Tulyakov hududlardagi haqiqiy ahvolni o‘rganish jarayonida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida parlament tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish yakunlarini muhokama qilish, aholi ko‘targan masalalar yuzasidan turli davlat tashkilotlariga deputatlik so‘rovlari yuborish va so‘rovlarning bajarilishini nazorat qilish masalalarida ham tashabbuskorlikni qo‘ldan bermay kelmoqda. 

Uning mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, jahon iqtisodiyoti muammolari tahlili, byudjet-soliq siyosati hamda bank faoliyatiga bag‘ishlangan qonunlar loyihalarini tayyorlashdagi bilim va malakasi, amaliy tajribasi va mas’uliyatini ham alohida ta’kidlash o‘rinlidir.


U Qonunchilik palatasi huzurida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi sifatida O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish borasida ham qator amaliy ishlarni qilmoqda. Yurtimizning turli hududlaridagi yoshlar vakillari bilan muntazam ravishda yuzma yuz uchrashib, ularning fikr-o‘ylari, muammolarini tinglab, vakolati doirasida yordamini ayamay kelayotgani barobarida, mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini yosh avlodga tushuntirish, bu jarayonlarda faol ishtirokchi bo‘lishga da’vat etish bo‘yicha ibrat ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, E.Tulyakov “O‘zbekiston-Yaponiya”, “O‘zbekiston-Ispaniya”, “O‘zbekiston-Misr” parlamentlararo do‘stlik guruhlarining a’zosi sifatida Qonunchilik palatasining xalqaro aloqalarini rivojlantirishga alohida hissa qo‘shib kelmoqda. Xususan, xorij davlatlaridan O‘zbekiston parlamentiga tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv-muloqotlarni tashkil etishda ham tashabbus ko‘rsatib kelmoqda. 

E.Tulyakov o‘z deputatlik faoliyati mobaynida hozirga qadar turli dolzarb masalalar yuzasidan televideniye orqali 150, radio orqali 200 dan ziyod chiqishlar qilgan. Bosma nashrlarda 120 dan, internet OAVlarda 200 dan ziyod maqolalari chop etilgan. 

Mazkur chiqishlarida u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan bir qator muhim vazifalarning ijrosi, qonun loyihalarining ahamiyati, Davlat dasturlarining amalga oshirilishi, jamiyatdagi turli muammolarni hal etishning tashkiliy-huquqiy yechimlari yuzasidan o‘z qat’iy pozitsiyasini bildirgan. Bu bilan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, parlament va davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning tub mohiyatini keng ommaga yetkazish ishlariga munosib ulush qo‘shib kelmoqda.

E.Tulyakov deputatlikka saylanishidan avval respublika sud tizimida samarali faoliyat yuritgan. U odil sudlovni hayotga tatbiq etish sohasida xorijiy davlatlarning sud organlari va axborot-tahlil muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlashda faol sa’y-harakatlarni amalga oshirgan. Shuningdek, sud-huquq sohasidagi islohotlarning dolzarb masalalari, adolatli sudlov sohasida axborot-tahliliy tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha xalqaro loyihalarni amalga oshirish, xalqaro konferetsiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkillashtirish va anjumanlar materiallari asosida takliflarni ishlab chiqishda muayyan tajriba to‘plagan. 


U Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining mustaqil tadqiqotchisi ham bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomalar asosida xorijiy investitsiyalarni himoya qilish mavzusida tadqiqot olib bormoqda.
E.Tulyakov Toshkent Xalqaro Vestminster universitetini hamda Frankfurt Universitetining Huquq va moliya instituti magistratura bosqichini tamomlagan. Mutaxassisligi – huquqshunos.