• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
MARKAZIY OSIYO IQLIM MULOQOTI: OʻZBEKISTONNING EKOLOGIK BARQARORLIKKA QARATILGAN TASHABBUSLARI
13144 | 19 Avg. 2024 y.

Avazbek Xolbekov

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi boʻlimi boshligʻi

Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi global ekologik muammolarning biri boʻlib, bu mintaqa xalqlari uchun ham muhim ahamiyatga egadir. Maʼlumki, soʻnggi yillarda iqlim oʻzgarishlari dunyo miqyosida shiddat bilan ilgarilamoqda. Bu kabi oʻzgarishlar nafaqat tabiiy tizimlarga va inson turmush tarziga, balki ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar va sogʻliqni saqlash tizimlariga ham oʻzining katta taʼsirini koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish va barqaror rivojlanishga qaratilgan saʼy-harakatlarga ham toʻsqinlik qiladi. Oʻzbekiston bu muammolarga qarshi kurashish va mintaqaning ekologik barqarorligini taʼminlashga qaratilgan bir qator tashabbuslar bilan chiqmoqda.

Iqlim oʻzgarishi va uning taʼsiri

Iqlim oʻzgarishi boʻyicha Hukumatlararo ekspertlar guruhining (IPCC) xulosasiga koʻra, iqlim xavflari taxmin etilganidan jiddiyroq boʻlishi kutilmoqda. Global isishning kuchayib borishiga moslashish tobora qiyinlashib bormoqda. Hisobotlarda taʼkidlanishicha, dunyoda 3,6 milliard kishi iqlim oʻzgarishiga yuqori darajada duchor boʻlgan hududlarda yashaydi. Shuningdek, zaif hududlarda ekstremal ob-havo hodisalari bilan bogʻliq oʻlim darajasi 15 baravar yuqori boʻlganligi ham eʼtirof etilgan.

Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlari jiddiy darajada sezilmoqda. Mintaqamizda havo haroratining oshishi jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravar koʻpdir. Favqulodda issiq kunlarning soni ikki barobar ortishi va muzliklar maydonining uchdan bir qismi yoʻqolishi kuzatilmoqda. Soʻnggi 30-yilda Markaziy Osiyoda isish surʼati dunyo boʻylab oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlib, oʻrtacha yillik harorat 0,5 darajaga oshgan. Prognozlarga koʻra, 2085-yilgacha harorat 2,0-5,7 darajaga oshishi kutilmoqda.

Oʻzbekistonning ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslari

Oʻzbekiston atrof-muhit sifatini yaxshilash va ekologik muammolarning salbiy oqibatlarining oldini olish uchun faol saʼy-harakatlarni olib bormoqda. Xususan:

Xalqaro hamkorlik doirasida

Hozirgi vaqtda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlik zarurati barcha mamlakatlarning bir-biriga boʻlgan ekologik bogʻliqligining oʻsib borishi bilan belgilanadi. Ozon qatlamining buzilishi, atmosfera va okeanlarning ifloslanishi hamda sayyoramizdagi haroratning koʻtarilishi ekologik xavfli faoliyatga yoʻl qoʻyilgan mamlakatlarga emas, balki butun dunyo hamjamiyatiga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Shu sababli bugungi kunda qator davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan ekologik xavfsizlik masalalarida hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Bunday hamkorlik xalqaro hamjamiyat tomonidan umumeʼtirof etilgan qator tamoyillarga asoslanadi. Ular qisman davlatlararo shartnomalar va aktlarda, xalqaro tashkilotlarning normativ hujjatlarida oʻz aksini topgan va, asosan atrof-muhitni muhofaza qilish va bu sohada davlatlar hamda xalqlar oʻrtasidagi hamkorlikni tartibga solishga bagʻishlangan eng muhim xalqaro konferensiyalar qarorlarida umumlashtirilgan.

Aynan shulardan kelib chiqib, Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish uchun mintaqani birlashtirishga qaratilgan muhim iqlim tashabbuslarini faol ilgari surmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bu gʻoyalari mintaqa mamlakatlari tomonidan doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Markaziy Osiyo uchun yagona iqlim kun tartibini shakllantirishning mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekiston tomonidan davlat rahbarlarining 5-yigʻilishida iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha Mintaqaviy strategiya ishlab chiqish tashabbusi eʼlon qilindi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston rahbari ekologiya vazirlari darajasidagi koʻp tomonlama platforma – “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni tashkil etishni taklif qildi, u esa, Markaziy Osiyo mamlakatlarining “yashil” rivojlanish yoʻlida integratsiyalovchi boʻgʻin boʻlishi mumkin.

Bundan tashqari, Sh.Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasida (SOP28) ham bir qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, Prezidentimiz Parij shartnomasi doirasida Iqlim oʻzgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishishga chaqirdi. Shu bilan birga, Global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga oʻtish adolatli, shaffof va inklyuziv boʻlishi zarurligi, bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi juda muhimligini qayd etdi. Ushbu dolzarb muammoni muntazam ravishda, shu jumladan “Katta yettilik” va “Katta yigirmalik” formatlari kun tartiblarida koʻrib chiqib borishni taklif qildi.

Mamlakatimizdagi ekologik islohotlar doirasida

Yashil iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi

Oʻzbekiston 2019–2030-yillarga moʻljallangan “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini qabul qildi. Mazkur strategiyaning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

Tabiiy resurslarni asrab-avaylash: Sugʻorish tizimlarini modernizatsiya qilish, suv tejamkor texnologiyalarni joriy etish.

Muqobil energiya manbalaridan foydalanish: Quyosh, shamol va biomassa energiyasidan foydalanishni kengaytirish.

Iqtisodiyot tarmoqlarida tejamkor vositalarni joriy etish: Ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida energiya samaradorligini oshirish.

Ekologik qonunchilikni takomillashtirish

Oʻzbekistonda ekologik barqarorlikni taʼminlash uchun qonunchilik ham takomillashtirilmoqda. Bu qonunlar atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik barqarorlikni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan.

“Oʻzbekistonda barqaror oʻrmon landshaftlarini tiklash” loyihasi

“Oʻzbekistonda barqaror oʻrmon landshaftlarini tiklash” loyihasi Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida amalga oshirilmoqda. Loyiha qiymati 205 million dollardan ortiq boʻlib, u 6-yil davomida amalga oshirilib boriladi. Maqsadlar qatoriga oʻrmonlar hududini kengaytirish, oʻrmon xoʻjaliklari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, barqaror boshqaruvni joriy etish va ekoturizm infratuzilmasini rivojlantirish kabi vazifalarning ham kiritilganligi muhim ahamiyatga ega.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi

2023-yilning 11-sentyabrida Oʻzbekiston Prezidentining Farmoni bilan qabul qilingan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish doirasidagi islohotlar ustuvor maqsadlardan biri sifatida belgilandi. Strategiya doirasida qator chora-tadbirlar nazarda tutilgan boʻlib, ular samarali amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan,

“Yashil makon” umummilliy loyihasi

2024-yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi tadbirlarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-martdagi 144–F-sonli farmoyishi qabul qilindi. Ushbu loyiha Oʻzbekistonning ekologiyasini yaxshilash va yashil hududlarni kengaytirish maqsadida qator muhim tashabbuslarni oʻz ichiga olgan.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yil bahorgi koʻchat ekish mavsumida Respublika boʻyicha 138,1 million tup daraxt koʻchatlari oʻtqazildi. Bu koʻrsatkich rejaga nisbatan 110,5 foizni tashkil etdi. Loyihaning ushbu qismi nafaqat ekologiyani yaxshilash, balki shaharlarimizning estetik koʻrinishini yaxshilashga ham qaratilgan.

“Yashil bogʻlar” va “Yashil belbogʻlar”

Xususan, 257 ta “Yashil bogʻlar” barpo etildi, ularning umumiy soni 517 taga yetdi. Shuningdek, sanoat korxonalari hududlari va atrofida 5,3 million tup daraxt koʻchatlarini ekish orqali “Yashil belbogʻlar” tashkil qilindi. Ushbu saʼy-harakatlar sanoat korxonalarining taʼsirini kamaytirish va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida amalga oshirildi.

Tashkilot va idoralarning tashabbuslari

Yuqoridagi eʼtirof etilgan ishlar boʻyicha vazirlik va idoralar ham oʻz hissasini qoʻshmoqda. Xususan, Mudofaa vazirligi 100 gektar, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi 65 gektardan bogʻ yaratdi. Ushbu saʼy-harakatlar loyihaning keng qamrovli va barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Daraxt ekish va chiqindilarni qayta ishlash

Yurtimizda avtomobil va temir yoʻl boʻylari, daryo va kanal yoqalari, sanoat korxonalari va yoqilgʻi quyish shoxobchalari atrofida ham daraxtlar ekilishi yoʻlga qoʻyilgan. Bular, ayniqsa, transport va sanoatning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirishga qaratilgan.

Yurtimizda yiliga oʻrtacha 6,8 million tonna maishiy chiqindi hosil boʻladi. Soʻnggi yillarda sanitar tozalash xizmati bilan qamrab olingan mahallalar soni 90 foizdan oshdi. Chiqindilarni qayta ishlash darajasi 2024-yil 1-iyul holatiga 38,1 foizni tashkil etdi, fevral holatiga bunday korxonalar soni 313 tani tashkil etdi.

Chiqindilarni qayta ishlash va poligonlar

Chiqindi poligonlarini tartibga keltirish va chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyilmoqda. Har bir viloyatda joylashuvi qulay boʻlgan 3-4 tadan poligon maxsus eko-sanoat zonasiga aylantirilib, qayta ishlash loyihalari amalga oshirilmoqda. Qolgan poligonlarda chiqindini vaqtincha toʻplab, qayta yuklaydigan stansiyalarni ishga tushirish boʻyicha yangi amaliyot qoʻllanilmoqda. Resursini oʻtab boʻlgan poligonlar yopilib, ularning atrofida terak, tut, gujum va zarang ekilib, “yashil belbogʻlar” barpo etilmoqda.

Umuman olganda, mazkur loyihalar mamlakatimizda ekologik muammolarni bartaraf etish va aholi uchun sogʻlom muhit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur loyihalar orqali Oʻzbekiston ekologik barqarorlikka erishishga va yashash sifatining yaxshilanishiga intilayotganini koʻrsatadi.

Xulosa

Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishlari nafaqat tabiiy muhitga, balki ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bu oʻzgarishlar oziq-ovqat xavfsizligi, kambagʻallikni qisqartirish va barqaror rivojlanishga qaratilgan saʼy-harakatlarga toʻsqinlik qiladi. Orol dengizi fojiasi va havo haroratining oshishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun jiddiy muammo boʻlib qolmoqda.

Oʻzbekiston hukumati iqlim oʻzgarishlari va uning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish uchun qator tashabbuslarni ilgari surmoqda. Xalqaro hamkorlik doirasida Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha Mintaqaviy strategiya ishlab chiqish va “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni tashkil etish takliflari muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferensiyasida (COP28) Oʻzbekistonning faol ishtiroki, Parij shartnomasi doirasida Global hadli mexanizmni tezroq kelishishga chaqirish va kam uglerodli iqtisodiyotga oʻtish masalalaridagi takliflari, mamlakatning bu yoʻnalishdagi qatʼiy pozitsiyasini koʻrsatadi.

Ichki islohotlar doirasida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi, ekologik qonunchilikni takomillashtirish va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi va chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha yangi tizimlar joriy etilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlar mamlakatning ekologik barqarorlikka erishishga boʻlgan intilishini namoyon etmoqda.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishlari va uning oqibatlariga qarshi kurashishda faol qatnashmoqda. Hukumatning ekologik tashabbuslari va islohotlari mintaqa xalqlari uchun sogʻlom va barqaror muhitni yaratishga qaratilgan. Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik doirasidagi tashabbuslar mintaqaning ekologik barqarorligiga xizmat qiladi. Mazkur maqola, kelajakda iqlim oʻzgarishlariga moslashish va uning salbiy taʼsirlarini kamaytirish uchun amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni yoritib, Oʻzbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlarini toʻla qoʻllab-quvvatlaydi.

 


55
Похожие новости