
Iskandar Oʻroqboyev,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti
Oʻzbekiston oʻzining boy madaniy merosi, tarixiy obidalari va goʻzal tabiati bilan, turizmni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratadigan davlatlar qatoriga kiradi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida Oʻzbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish vazifasi qoʻyilgan.
Xorijiy turistlar tashrifi boʻyicha Oʻzbekiston pandemiyadan oldingi darajaning 98 foizini tashkil etdi. Jumladan, 2019-yilda Oʻzbekistonga 6 mln 748 ming nafar xorijiy turistlar tashrif buyurgan boʻlsa, 2023-yilga kelib 6 mln 626 ming nafarga yetdi. Bu esa mamlakatimizda turizm sohasining tez surʼatlar bilan tiklanayotganini koʻrsatadi.
Oʻzbekistonga xorijiy turistlarni yanada koʻproq jalb qilish maqsadida viza rejimini soddalashtirish chora-tadbirlari, yangi yoʻnalishlarni ishlab chiqish, soha bilan bogʻliq loyihalarga investitsiya kiritish, yirik tadbirlarni oʻtkazish kabi amaliy ishlar olib borilmoqda. Masalan, 2023-yilda umumiy qiymati 9,5 trln soʻmlik 508 ta loyiha amalga oshirilganligi hisobiga jami 9 492 ta yangi ish oʻrni yaratildi. 183 ta yangi mehmonxona va 232 ta xostel faoliyati yoʻlga qoʻyilib, jami joylashtirish vositalari soni 5 526 taga yetdi. Shuningdek, 452 ta oilaviy mehmon uyi tashkil qilinib, ularning umumiy soni 3 458 taga yetdi. Turistlar uchun xizmat koʻrsatuvchi 810 ta yangi turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida ularning soni 2 649 taga yetdi.
2017-2023-yillar davomida Oʻzbekistonga xorijiy turistlar soni yil sayin ortib bordi. Xususan, 2017-yilda 2,7 mln nafarni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilga kelib 6,6 mln nafarni tashkil etdi, bu esa 2017-yilga nisbatan 2,5 barobarga, 2022-yilga nisbatan esa 1,3 barobarga oshganini koʻrishimiz mumkin.
Sayyohlar soni 2023-yilda Yaponiyadan – 5 barobar, Hindiston va Italiyadan – 3,5 barobar, AQSHdan – 2 barobarga ortdi.
Oʻzbekistonga 2023-yilda kelgan xorijiy turistlarning 80,7 foizi qoʻshni davlatlar, 11,5 foizi qolgan MDH davlatlari hamda 7,8 foizi boshqa davlatlar hisobiga toʻgʻri kelmoqda. Shu bilan birga, turistlarning oʻrtacha qolishi 4-5 kunni tashkil etib, 2022-yilga (3 kun) nisbatan 1,5 baravarga ortdi. Bu esa mamlakatda turistlarga har tomonlama qulaylik yaratilganligining natijasidir.
Ichki turizmni rivojlantirish boʻyicha ham bir qator amaliy choralar koʻrilmoqda. “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida 15 mln nafar aholi sayohatga chiqdi va hududlar boʻylab 21 mln tashrif uyushtirildi. Ijtimoiy koʻmak sifatida 1,1 ming nafar imkoniyati cheklangan shaxs va 570 ming nafar yoshlar sayohatga chiqarildi.
2023-yilda turistik xizmatlar eksporti 2 mlrd 143,5 mln dollarni tashkil etdi, bu 2022-yilga nisbatan 1,3 barobar oshganini koʻrsatadi. Shuningdek, turizm va unga yondosh sohalar yoʻnalishida 70 ming nafarga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi. Bu esa mamlakatda turistlarga har tomonlama qulaylik yaratilganligining natijasidir.
Turizmning rivojlanishi, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallashini taʼminlamoqda. Masalan, “Jahon musulmon sayohati indeksi” (GMTI-2023) xalqaro ziyorat turizmi reytingida Oʻzbekiston 140 ta mamlakat ichida 13-oʻrinni egalladi. “Halal In Travel Awards 2023” tadbirida Xiva shahri “Yilning islom merosi turizm manzili” sovrinini qoʻlga kiritdi.
2023-yilda Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida Navoiy viloyatidagi Sentob qishlogʻi “Best Tourism Village 2023 Awards” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib boʻldi. Bundan tashqari, “Lonely Planet” xalqaro nashriyot kompaniyasi tomonidan 2024-yil uchun “Oʻzbekiston – eng yaxshi sayohat maskani” nominatsiyasi gʻolibi boʻlganligi munosabati bilan Oʻzbekistonga maxsus sertifikat topshirildi.
Oʻzbekistonning 2024-yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi davlatlar roʻyxatiga kiritilishi va “World of Statistics” tomonidan bu haqda eʼlon qilinishi, xorijiy turistlar soni ortishi va turizm eksporti hajmining oshishiga xizmat qiladi. Bularning barchasi mamlakatimizning xalqaro maydonda yanada tanilishiga yordam beradi.
Umuman olganda, Oʻzbekistonda turizm sohasining hozirgi holati va rivojlanish tendensiyalari ijobiy natijalarni koʻrsatmoqda. Mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va kelajakdagi istiqbollar haqidagi tahlillar ushbu sohaning strategik ahamiyatini tasdiqlaydi. Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida nazarda tutilgan turizmni rivojlantirishga oid vazifalar aholi daromadi oshishi, yangi ish oʻrinlari yaratilishi va xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.