• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
DAVLAT VA JAMIYAT QURILISHI TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISHNING USTUVOR
15615 | 04 Sen. 2020 y.

MUNDARIJA
 

1. Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalarning rolini yana-da kuchaytirish.

2. Davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish.

3.Jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish.
 

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish yo‘nalishida 38 ta bandning bajarilishi nazarda tutilgan.

Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasidagi islohotlar natijalari bo‘yicha 2020 yilgi Davlat dasturi doirasida 2 ta Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma Qarori, 1 ta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarori, 1 ta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qarori, 1 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1 ta qarori, 2 ta farmoyishi, 1 ta Senatning va 1 ta Vazirlar Mahkamasining chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Shuningdek, Oliy Majlis palatalari va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o‘rtasida «Yoshlar parlamenti» faoliyatiga ko‘maklashish to‘g‘risidagi hamkorlik Bitimi imzolandi.

Bundan tashqari, mazkur yo‘nalish doirasida 2020 yilning 1-yarim yilligida keng ko‘lamli ishlar olib borildi.

1.1.Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish yo‘nalishida

2020 yil 27 fevral kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzildi va uning reglamenti tasdiqlandi.

Parlament komissiyasi Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish, muntazam ravishda parlament va jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish, hukumat huzurida tashkil etilgan tegishli Muvofiqlashtiruvchi kengash va masʼul tuzilmalarning davriy hisobotlarini eshitish,ushbu maqsadlarning amalga oshirilishi ustidan milliy hamda hududiy darajada o‘rganishlar olib borish,o‘rganishlar natijalaridan kelib chiqib, qonunchilikni yanada takomillashtirish, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqish masalalari bilan shug‘ullanadi.

2020 yil davomida Komissiya tomonidan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlaridan 8 tasining amalga oshirilishini o‘rganish nazarda tutilmoqda. Bunda 6600 dan ortiq mahalliy Kengashlar deputatlarining salohiyatidan foydalaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. 2020 yilning 12 mart kuni O‘zbekistonning Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Polsha, Turkiya, Fransiya, Gretsiyadagi elchilarining hisobotlari eshitildi.

Oliy Majlis Senatining mahalliy Kengashlar bilan hamkorligini yana-da kuchaytirish maqsadida Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlardagi mahalliy Kengashlarga masʼul etib biriktirilib, mahalliy Kengashlarda “senatorlar xonalari” tashkil etildi.

Senatning Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etish jarayonlari ustidan hududlar manfaatidan kelib chiqqan holda nazorat olib borish faoliyatini kuchaytirish, davlat byudjeti, iqtisodiyot, pul-kredit siyosati masalalarida senatorlarga professional va xolis axborot-tahliliy, ekspertlik xizmatini tashkil etish maqsadida Senat Kengashining 2020 yil 9 martdagi KQ-19–IV-sonli qaroriga muvofiq Senat devoni tarkibida Davlat byudjeti, pul-kredit siyosati va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini tahlil qilish boshqarmasi tashkil qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalarning faolligini oshirish maqsadida O‘zLiDeP, O‘zMTDP, “Adolat” SDP, O‘zXDP va Ekologik partiya fraksiyalarining saylovoldi uchrashuvlarda aholi tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalarni  hal etish bo‘yicha aniq dastur va “yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Yoshlarning qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtirokini yana-da kengaytirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Yoshlar partlamenti” tuzildi hamda 29 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o‘rtasida «Yoshlar parlamenti» faoliyatiga ko‘maklashish to‘g‘risidagi hamkorlik Bitimi imzolandi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, jamiyatda yoshlarni siyosiy faol qatlamga aylantirish hamda ularning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini amalda boyitish, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish va qabul qilinayotgan qonunlarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirish “Yoshlar parlamenti”ning maqsadi etib belgilandi.

“Yoshlar parlamenti” o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, tegishli siyosiy partiyalar va O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga hisobdor bo‘lib, “Yoshlar parlamenti” aʼzosi parlamentning vakolatlari muddatiga jamoatchilik asosida saylanadi.

“Yoshlar parlamenti” aʼzosiga komissiya tomonidan guvohnoma va ko‘krak nishoni beriladi.

1.2. Davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatida xalq bilan muloqot qilishning “qayta aloqa” vositalarini keng joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Mazkur dasturga muvofiq Hukumat qarorlari ijrosini tashkil etishda keng jamoatchilik fikrini o‘rganish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy tarmoqlarda Hukumat qarorlari ijrosi bo‘yicha aholi fikrini o‘rganish uchun maxsus sahifalar ochish, hokimlarning tadbirkorlikka oid qarorlarini Hukumat tomonidan monitoring qilib borish va uning natijalari yuzasidan tegishli choralarni ko‘rish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 219-sonli qarori qabul qilinib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahalliy dasturlarga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishish tartibi joriy qilindi.

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri virtual qabulxonasi axborot tizimi – “business.gov.uz” Yagona interaktiv portalini moddiy-texnik jihatdan takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 apreldagi 214-f-son farmoyishi qabul qilindi. Mazkur xujjatga muvofiq portalni modernizatsiya qilish bo‘yicha texnik talablarni ishlab chiqish, tizim va mobil ilovaning talablarini o‘rganish va tahlil qilish, o‘tkazilgan o‘rganishlar asosida talablarni ishlab chiqish va joriy qilish nazarda tutilgan.

1.3. Jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish

«Jamiyat — islohotlar tashabbuskori» degan yangi g‘oyani amalda ro‘yobga chiqarish, aholining davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki ko‘lamini kengaytirish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, fuqarolar, jamiyat va davlatning o‘zaro yaqin hamkorligini o‘rnatish, shuningdek davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Jamoatchilik palatasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar jamoatchilik palatalari tashkil etildi.

Jamoatchilik palatasi jamoatchilik asosida ishlaydigan 50 nafar aʼzodan iborat tarkibda shakllantirildi.

  •  Jamoatchilik palatasi har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari to‘g‘risida yillik milliy maʼruzalarni taqdim etadi;
  • Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari aʼzolari har bir davlat organining ochiq hayʼat majlisida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida, «Hukumat soati»da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlari majlislarida ishtirok etishga haqli;
  • Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari davlat organlari va tashkilotlariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan Jamoatchilik palatasi so‘rovini yuborish huquqiga ega. Bunda davlat organlari va tashkilotlari so‘rovga javobni, agar boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, u olingan kundan eʼtiboran o‘n kundan kechiktirmay yuborishi lozim.

Butun dunyoda bo‘lgani kabi, pandemiya sharoitidagi murakkab vaziyat O‘zbekistonda ham 2020 yilning 1-yarim yilligi davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasidagi islohotlarni amalga oshirish hamda avval ko‘zda tutilgan natijalarga erishishga o‘z taʼsirini ko‘rsatdi. Biroq, yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, pandemiya va iqtisodiy inqirozga qaramay, nazarda tutilgan islohotlarni amalga oshirish uchun kerakli choralar ko‘rildi va dastlabki natijalar qo‘lga kiritildi.

O‘z o‘rnida, shuni qayd etish lozimki, Davlat dasturidagi ayrim bandlarning bajarilishi yuzasidan qo‘shimcha muddat talab etilgani hamda sharoit va holatga bog‘liq bo‘lgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi hisobga olinib, 19 ta band bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari masʼul vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilib, normativ hujjatlarni qabul qiluvchi subyektlarga kiritilgan hamda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

 

 


153
Похожие новости