
Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori
Kutilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi mazmun-mohiyatiga ko‘ra, keng qamrovli va mavjud muammolar yechimiga qaratilgan aniq taklif va tashabbuslar ilgari surilgani bilan nafaqat xalqimiz, balki jahon hamjamiyatining eʼtirofiga sazovor bo‘ldi. O‘z navbatida, Davlat rahbarining BMT oliy minbarida tariximizda ilk bor o‘zbek tilida nutq so‘zlagani butun yurtimiz ahliga faxr-iftixor baxsh etdi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu chiqishida jahon hamjamiyati eʼtiborini ko‘plab dolzarb masalalar qatori yana bir bor Orolbo‘yi mintaqasidagi og‘ir ekologik vaziyat, jumladan, Orol dengizi muammolariga qaratdi.
Darhaqiqat, hozirgi kunda eng yirik global ekologik falokatlardan biri, bu Orol dengizi fojiasi bo‘lib, uning ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar oqibatlari tufayli mintaqa, sog‘liqni saqlash, genofond va unda yashayotgan odamlar kelajagining barqaror rivojlanishiga bevosita tahdid solmoqda, shuningdek, global ekotizimga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. Orolbo‘yi inqiroz zonasi bevosita Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston hududlarini, bilvosita esa, Qirg‘iziston va Tojikiston hududlarini qamrab oladi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bugun Orolning qurigan qismida 5,5 mln. gektarga teng hududda yangi tuzli cho‘l paydo bo‘lgan. Bu hududlarda yiliga 90 kundan ortiq davr mobaynida chang bo‘ronlari sodir bo‘ladi va 100 mln. tonnadan ortiq chang va zaharli tuzlarni atmosferaga ko‘tarib, minglab kilometrlarga yoyib yuboradi.
Shuning uchun ham Orol inqirozining atrof-muhit va Orolbo‘yi mintaqasi aholisi hayotiga salbiy taʼsirini qisqartirish, shuningdek iqlim taʼsirining yana-da yomonlashishini yumshatish yoki oldini olish bugungi kundagi eng muhim vazifalardan sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 72–sessiyasida so‘zlagan nutqida ham Orol dengizining ekologik fojiasiga alohida eʼtibor qaratgandi. Chunki Orol dengizi qurishi oqibatlarini bartaraf etish xalqaro saʼy-harakatlarning faol mustahkamlanishini talab qiladi. Shundan kelib chiqib, 2018 yilning 24 avgust kuni Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlarining sammitida O‘zbekiston rahbari tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish taklif etildi.
Ushbu tashabbus ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, yashil iqtisodiyot tamoyillarini, ekologik toza, energiya va suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni kompleks amalga oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlovchi texnologiyalarni joriy etish, cho‘llanishning oldini olish, ekologik migratsiya va ekoturizmni rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida anjuman ishtirokchilari eʼtiborini yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratgani bejiz emas. Chunki hozirgi kunga kelib Orolbo‘yi hududi chinakam ekologik fojianing markaziga aylandi. O‘zbekiston mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi o‘simlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqda.
Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast fondi tuzilgani, bu fond og‘ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi bo‘lib xizmat qilishi tabiiy.
O‘zbekiston rahbari 75-sessiyasidagi chiqishida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish hamda ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash taklifini bildirdi.
BMT maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish g‘oyasi 2019 yil 25 oktyabrda Nukus shahrida BMT shafeligida bo‘lib o‘tgan «Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi» deb nomlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada qo‘llab-quvvatlandi. Konferensiya yakunlari bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini eʼlon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasi, shuningdek, Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy Dasturni loyihalarga kiritish uchun takliflar taqdim etildi.
BMT rezolyutsiyasi investitsiyalarni rag‘batlantirish va iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitning yomonlashuvi, barqaror urbanizatsiya va qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, qashshoqlik va tengsizlik kabi keng qamrovli masalalarga eʼtibor berish orqali asosiy xavf omillarini bartaraf etish imkoniyatini beradi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqaro, mintaqaviy va milliy siyosatlarning uyg‘unligiga erishish, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik inqiroz zonasida mavjud xavf-xatarni hisobga olgan holda, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik zaiflikni yana-da chuqur tizimli tushunishni rag‘batlantirishga qaratilgan innovatsion chora-tadbirlar uchun yana-da keng imkoniyatlar ochadi.
Mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinishi mintaqaviy muammolarni birgalikda hal etish masalalarida O‘zbekistonning yetakchi o‘rinlarda bo‘lishi, shuningdek, mamlakatning xalqaro nufuzini yana bir bor namoyish etishga shart-sharoit yaratadi.
BMT tomonidan Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kunining belgilanishi esa, global muammolarni hal qilishda siyosiy iroda va resurslarni safarbar qilish, bu boradagi muammoli masalalar bo‘yicha keng jamoatchilikni xabardor qilish, shuningdek insoniyat yutuqlarini mustahkamlash imkonini beradi.
Mazkur Xalqaro kunni tashkil etish tashabbusining amalga oshishi mamlakatimiz uchun quyidagi jihatlar bilan ham alohida ahamiyatga ega:
– O‘zbekistonning mintaqaviy va global miqyosdagi ekologik muammolar va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishdagi muhim hissasi;
– Markaziy Osiyo mintaqasidagi ekologik muammolarni hal etishga qo‘shimcha resurslarni faol jalb etish;
– mintaqada barqaror o‘sish va barqarorlikni taʼminlash maqsadida O‘zbekistonning muhim hayotiy ekotizimlarni muhofaza qilish va tiklash masalalarida xalqaro hamkorlikka bo‘lgan qatʼiy irodasini namoyish etish;
– global maydonda O‘zbekistonning ijobiy xalqaro nufuzini yana-da mustahkamlash.
Umuman, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashabbuslari xalqaro miqyosda tan olinishi mamlakatimizda ekologik vaziyatning yaxshilanishiga ulkan hissa qo‘shishi barobarida, yurtimizning jahon maydonidagi imiji mustahkamlanishi va reytingi yuqorilashida ham alohida o‘rin tutadi.