• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

DAVLAT DASTURI IJROSI: YANGI TAHRIRDAGI «TAʼLIM TO‘G‘RISIDA»GI QONUN KUCHGA KIRDI

«2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini 2018 yilgi «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 172-bandida «Taʼlim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilab berilgan edi.

Taʼkidlash joizki, mazkur qonun loyihasi ishab chiqilishi va muhokamasi bir nechta bosqichdan o‘tib, takomillashtirish jarayonida uning bir qator normalariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Dastlab mazkur qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan kiritilib, o‘tgan yilning avgust-sentyabr oylarida umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Qisqa muhlat ichida qonun loyihasi bo‘yicha fuqarolar va soha mutaxassislari tomonidan 200 dan ortiq takliflar berildi. Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarga taʼlim-tarbiya berish, kasb-hunar o‘rgatishning huquqiy asoslarini va taʼlim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplarini belgilash hamda har kimning bilim olishdan iborat konstitutsiyaviy huquqini taʼminlashdan iborat ekani hisobga olinib, uning qabul qilinish jarayoni ham ancha jiddiy kechdi.

Qonun loyihasini takomillashtirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining masʼul qo‘mitalari hamda ishchi guruhlari tomonidan bir necha bor muhokamalar o‘tkazildi. Tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida loyihaning qoida va normalari maromiga yetkazildi.

Natijada yangi tahrirdagi «Taʼlim to‘g‘risida»gi Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 19 may kuni, Senat tomonidan esa 7 avgust kuni qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 sentyabr kuni mazkur Qonunni imzolashi bilan, amalda bo‘lgan 1997 yil 29 avgustdagi «Taʼlim to‘g‘risida»gi hamda «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi Qonunlar o‘z kuchini yo‘qotdi.

Endilikda amalga kiritilgan yangi tahridagi «Taʼlim to‘g‘risida»gi Qonun 11 ta bob va 75 ta moddadan iborat bo‘lib, taʼlimning quyidagi turlari ko‘rsatib o‘tilgan:

maktabgacha taʼlim va tarbiya;

  • umumiy o‘rta va o‘rta maxsus taʼlim;
  • professional taʼlim;
  • oliy taʼlim;
  • oliy taʼlimdan keyingi taʼlim;
  • kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • maktabdan tashqari taʼlim.

Qonunda, shuningdek, har bir taʼlim turining tarkibiy qismlari va bosqichlari atroflicha tasniflangan. Xususan, uning 9-moddasida umumiy o‘rta taʼlim bosqichlari boshlang‘ich taʼlim (1-4 sinflar), tayanch o‘rta taʼlim (5-9 sinflar) va o‘rta taʼlimdan (10-11 sinflar) iborat ekani, o‘rta maxsus taʼlim esa akademik litseylarda to‘qqiz yillik tayanch o‘rta taʼlim asosida ikki yil mobaynida amalga oshirilishi va taʼlim oluvchilarning intellektual qobiliyatlarining jadal rivojlanishini, shuningdek chuqur, tabaqalashtirilgan, kasb-hunarga va shaxsga yo‘naltirilgan taʼlim olishini taʼminlashi taʼkidlanadi. 

Bundan tashqari, professional taʼlim boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional taʼlim darajalariga ajratildi. Boshlang‘ich professional taʼlim kasb-hunar maktablarida 9-sinf bitiruvchilari negizida bepul kunduzgi taʼlim shaklida ikki yillik integratsiyalashgan dastur asosida amalga oshiriladi. O‘rta professional taʼlim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida davomiyligi ikki yilgacha bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllari bo‘yicha, o‘rta maxsus professional taʼlim esa texnikumlarda davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida davomiyligi kamida ikki yil bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Shuningdek, Qonunga ko‘ra, davlat oliy taʼlim, o‘rta maxsus, professional taʼlim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, o‘rta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladi. Nodavlat taʼlim muassasalarini tashkil etish esa ularning taʼsischilari tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi ijtimoiy yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lib, taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bilan birga, taʼlim sifatini zamon talablari darajasiga ko‘tarishga xizmat qiladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati