• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“TARAQQIYOT STRATEGIYASI” MARKAZI RAHBARI NUFUZLI XALQARO SAMMITDA O‘ZBEKISTON NOMIDAN ISHTIROK ETDI

Joriy yilning 7-8 oktyabr kunlari Turkiyaning “Marmara grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi tomonidan “Dunyo pandemiyadan so‘ng” mavzusida 23-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti videokonferensiya shaklida tashkil etildi.

Maqomi jihatidan yuksak nufuzga ega bo‘lgan mazkur xalqaro anjumanda AQSH, Avstriya, Belgiya, Fransiya, Turkiya, Sloveniya, Xitoy, Bolgariya, Makedoniya, Xorvatiya kabi dunyoning 45 ta mamlakatidan yuqori martabali davlat va jamoat arboblari, amaldagi va sobiq davlat hamda hukumat rahbarlari, parlamentlar aʼzolari, vazirlar, xalqaro tashkilotlar raislari, elchilar, yetakchi olim va mutaxassislar, dunyoga taniqli ekspertlar ishtirok etishdi. Tadbir global siyosat, jahon iqtisodiyoti va energetika, tinchlik va xavfsizlik yo‘nalishlaridagi sessiyalarga ajratilgan bo‘lib, maʼruzachilarning chiqishlari internet global tarmog‘ida onlayn tarzda hamda Turkiya va boshqa xorij davlatlarining milliy va xalqaro telekanallari orqali ikki kun davomida muntazam efirga uzatildi.

Nufuzli xalqaro sammitning ochilish marosimida “Marmara grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi prezidenti Akkan Suver barcha davlatlar vakillarini global pandemiyaga qarshi barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar saʼy-harakatlarini birlashtirishga, o‘zaro manfaatli aloqalar yuzasidan hamkorlikni yana-da mustahkamlashga, global inqirozning salbiy oqibatlarini tezroq bartaraf etib, barqaror rivojlanish darajasiga erishishga chaqirdi.

Tadbirning birinchi kunida Turkiya, Mongoliya va Ozarbayjon Parlamenti aʼzolari, Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Shaxbazov va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi raisi Georgiy Seretelini so‘zga chiqdi.

Eʼtiborlisi, xalqaro anjumanning birinchi kunida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ham O‘zbekiston tomonidan asosiy maʼruzachi sifatida ishtirok etib, mamlakatimizning global pandemiyaga qarshi olib borayotgan milliy islohotlari va ko‘rayotgan samarali chora-tadbirlari hamda mintaqaviy va xalqaro darajadagi hamkorligi yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.

Eldor Tulyakov o‘z chiqishida O‘zbekiston olib borayotgan faol tashqi siyosat global pandemiya davrida yana-da jadallashgani, nafaqat Markaziy Osiyo, balki boshqa mintaqalardagi davlatlar rahbarlari bilan muntazam aloqalar izchilligi taʼminlanib, inqirozga qarshi kurash harakatlarini muvofiqlashtirishga kirishilganini taʼkidladi. Qolaversa, pandemiyadan aziyat chekkan davlatlar, xususan, qo‘shni mamlakatlarga O‘zbekiston xalqi nomidan insonparvarlik yordamlari yuborildi. O‘z navbatida, hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda ham moddiy, ham amaliy ko‘mak berishdi, tibbiyot sohasida tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.

Jumladan, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining koronavirus taraqalishiga qarshi kurashdagi amaliy harakatlarini yuqori baholash mumkin. Global pandemiyaning ilk davrlaridanoq, Turkiy kengashga aʼzo besh davlat – Ozarbayjon Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Turkiya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi rahbarlari videoanjuman tarzida navbatdan tashqari sammit o‘tkazib, koronavirus pandemiyasi tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida amalga oshirilayotgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashdilar.

Pandemiya davrida O‘zbekistonga boshqa hamkor davlatlar qatori Turkiya Respublikasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va Turkiy kengash orqali koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasida insonparvarlik yordamini ko‘rsatib kelmoqda.

“Marmara grup” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi prezidenti Akkan Suver O‘zbekiston vakilining maʼruzasini yuqori baholab, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish lozimligini taʼkidladi.

Ikki kun davom etgan xalqaro sammitda ishtirok etgan 45 ta davlat vakillari global pandemiya sababli yuzaga kelgan bugungi murakkab vaziyatda kuch va imkoniyatlarni birlashtirish, o‘zaro tajriba almashish, iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etishda hamkorlikda ish olib borish va boshqa shu kabi muammolar yuzasidan fikr almashib, o‘z fikr-mulohazalarini bayon etishdi.

Xalqaro sammit yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

“Taraqqiyot strategiyasi”
markazi Axborot xizmati.