• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
“ILM, MAʼRIFAT VA RAQAMLI IQTISODIYOTNI RIVOJLANTIRISH YILI” DAVLAT DASTURIDA BELGILANGAN YANA BIR MUHIM VAZIFANING IJROSI TAʼMINLANDI
19526 | 15 Okt. 2020 y.


Maʼlumki, “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 138-bandida «Raqamli O‘zbekiston — 2030» dasturini ishlab chiqish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonini qabul qilish chora-tadbiri belgilangan edi.

Unda telekommunikatsiya sohasi, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, sog‘liqni saqlash, davlat kadastri va boshqa sohalarda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, bu borada «Raqamli O‘zbekiston — 2030» dasturini tasdiqlash; elektron hukumatning texnik infratuzilmasini takomillashtirish; inson kapitalini rivojlantirish hamda kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish; davlat xizmatlarini raqamli shaklga transformatsiya qilish va axborot ekotizimini rivojlantirish; davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, aholining elektron ishtiroki darajasini oshirish; axborot xavfsizligini, axborot resurslari va tizimlarining himoyasini taʼminlash; raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasidagi yagona vakolatli organni belgilash hamda Hukumat, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarida rahbarning raqamli texnologiyalar va elektron hukumat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish kabi masalalar nazarda tutilgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrda qabul qilgan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6079-son Farmoni bilan ushbu band ijrosi taʼminlandi.

Mazkur Farmon bilan:

“Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

2020–2022 yillarda hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari tasdiqlandi.

Bunda, 2020 — 2022 yillarda hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish doirasida:

aholi punktlarini Internet tarmog‘iga ulash darajasi, shu jumladan keng polosali ulanish portlari 2,5 milliongacha ko‘paytirilib, 20 ming kilometr optik-tolali aloqa liniyalarini qurish va mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish orqali 78 foizdan 95 foizga yetkaziladi;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning turli sohalarida 400 dan ortiq axborot tizimlari, elektron xizmatlar va boshqa dasturiy mahsulotlar joriy etiladi;

587 ming nafar kishini, shu jumladan «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida 500 ming nafar yoshlarni qamrab olish orqali kompyuter dasturlash asoslariga o‘qitish tashkillashtiriladi;

iqtisodiyotning real sektori tarmoqlaridagi korxonalarda boshqaruv, ishlab chiqarish va logistika jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha 280 dan ortiq axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar joriy etiladi;

hududlarda hokimlar, davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish uchun tegishli oliy taʼlim muassasalari biriktiriladi hamda ularning 12 ming nafar xodimi axborot texnologiyalari sohasida o‘qitiladi.

Shuningdek, 2020 — 2022 yillarda «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xarita»si muvofiq:

elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha:

2021 yil 1 yanvardan boshlab tajriba tariqasida «Raqamli Toshkent» kompleks dasturi doirasida jismoniy shaxsga identifikatsiya ID-kartasini berishda davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro elektron munosabatlarni yo‘lga qo‘yish uchun uning shaxsiy kabineti shakllantiriladi;

2021 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Ochiq maʼlumotlar portalida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirish, patentlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatga olish, jamoat transporti harakati, yer resurslaridan foydalanish va boshqa umumfoydalanishdagi statistik maʼlumotlar onlayn rejimda joylashtirib borilishi taʼminlanadi;

2021 yil 1 avgustdan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga barcha belgilangan davlat bojlari, yig‘imlar, jarimalar va boshqa majburiy to‘lovlarni elektron to‘lov tizimlaridan foydalangan holda onlayn rejimda to‘lash imkoniyati taqdim etiladi;

raqamli industriyani rivojlantirish bo‘yicha:

2020 yil 1 noyabrdan boshlab Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidenti maqomini axborot texnologiyalariga o‘qitish, apparat-dasturiy vositalarni ishlab chiqish va realizatsiya qilish, robototexnika, Internet tarmog‘i orqali axborot xizmatlarini eksport qilish, shuningdek, maʼlumotlarni saqlash va hisoblab qayta ishlash sohasida xizmat ko‘rsatadigan O‘zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblangan yuridik shaxslar olishi mumkin bo‘ladi;

2022 yil 1 yanvarga qadar masofadan kredit mahsulotlarini realizatsiya qilish, omonatlar va hisob raqamlarni ochishni o‘z ichiga olgan keng turdagi onlayn xizmatlar ko‘rsatishni taʼminlash orqali tijorat banklarining raqamli transformatsiyasi yakuniga yetkaziladi;

raqamli taʼlimni rivojlantirish bo‘yicha:

2021 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolar tomonidan tizim boshqaruvi, maʼlumotlar bazasi va “bulutli” platformani boshqarish, axborot xavfsizligini taʼminlash va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplash tizimi joriy etiladi;

2021 yil 1 sentyabrga qadar har bir tuman va shaharda mavjud infratuzilma obyektlari negizida keng aholi qatlamlari, ayniqsa yoshlar va ayollar uchun raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari ochiladi;

2023 yil yakuniga qadar barcha tuman va shaharlarda o‘quvchilarning ijodiy rivojlanishi va kompyuter dasturlash asoslarini o‘rganishi uchun mavjud taʼlim muassasalari negizida 200 dan ortiq informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etiladi;

raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha:

2022 yil yakuniga qadar har bir aholi punkti 10 Mbit/sdan kam bo‘lmagan maʼlumotlarni uzatish tezligidagi Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati bilan taʼminlanadi;

2022 yil 1 yanvarga qadar barcha mashhur sayyohlik joylari yuqori tezlikdagi Internet bilan taʼminlanadi.

Farmon bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi barcha uchun ochiq bo‘lgan mahalliy dasturiy mahsulotlar va IT-xizmatlar elektron platformasini yaratish ko‘zda tutilmoqda:

mahalliy IT-kompaniyalar va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar hamda ularning mahsulotlari va xizmatlarining yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek, ularga o‘z mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda ilgari surishda ko‘maklashish;

davlat organlari va tashkilotlarida axborot tizimlari va boshqa dasturiy mahsulotlarni joriy etish bo‘yicha rejalashtirilayotgan loyihalar to‘g‘risida maʼlumotlarni eʼlon qilish;

mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning amaliy masalalarini hal qilish hamda axborot texnologiyalari sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish jarayonida samarali va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish.

Mazkur Farmon bilan belgilangan yillarda hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari doirasida, jumladan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning turli sohalarida 400 dan ortiq axborot tizimlari, elektron xizmatlar va boshqa dasturiy mahsulotlar joriy etilishi belgilab qo‘yildi.

Farmon bilan 29 ta namunaviy tuman (shahar)larda 2020 yilda va 2021 yil I choragi yakuniga qadar raqamli transformatsiya qilish loyihalari amalga oshiriladi.

2020 yil 1 noyabrdan investitsiya loyihalari hamda jalb etilayotgan xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donor mamlakatlar mablag‘larining 5 foizdan kam bo‘lmagan qismi “raqamli” komponentlarga yo‘naltiriladi.

Farmonga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda Adliya vazirliklari va ular tasarrufidagi tashkilotlarda “Raqamli idora” loyihasi amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida, jumladan, 2022 yil 1 yanvarga qadar qog‘ozsiz elektron hujjat almashinuvi va ish yuritishni tashkil qilgan holda barcha maʼmuriy tartib-taomillar va operatsion jarayonlar raqamlashtiriladi.

2021 yil 1 avgustdan davlat bojlari, yig‘imlar, jarimalar va boshqa majburiy to‘lovlarni onlayn rejimda to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Shuni alohida taʼkidlash joiz, Davlat rahbarining “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan qabul qilingan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 2.5-bandida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan ishlab chiqilgan qator takliflar ham inobatga olingan. Xususan:

– axborot texnologiyalari sohasida masofaviy, onlayn va virtual o‘qitish texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish, onlayn kurslar uchun platformalar ishlab chiqish;

– aholi o‘rtasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish sohasida yirik IT-korxonalarni jalb qilgan holda davlat xususiy sheriklik mexanizmlarini tashkil qilish;

– aholi o‘rtasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun «Bir million dasturchi» loyihasini amalga oshirish;

– davlat xizmatchilarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ko‘nikmalari va malakalarini oshirish mexanizmini rivojlantirish va doimiy takomillashtirib borish;

– raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini baholash mexanizmlarini ishlab chiqish va bunda quyidagi jihatlarni inobatga olish: axborot savodxonligi (qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan maʼlumotlarni topish qobiliyati); kompyuter savodxonligi (raqamli qurilmalar bilan ishlash qobiliyati); media savodxonligi (ommaviy axborot vositalarini tanqidiy o‘rganish imkoniyati); kommunikativ savodxonlik (zamonaviy raqamli aloqa vositalaridan foydalanish qobiliyati); texnologik innovatsiyalarga (yangi texnologiyalarga) ijobiy munosabatni shakllantirish

– o‘quvchilar uchun raqamli texnologiyalardan foydalanishning umumiy darajasini oshirish maqsadida umumtaʼlim maktablarining asosiy o‘quv dasturlariga doimiy o‘zgartirishlar kiritish;

– g‘oyalar va yangi texnologiyalar yaratishni targ‘ib qiluvchi respublika tanlovlari va tadbirlarini (xakatonlar, konkurslar, olimpiadalar va boshqalar) o‘tkazish;

– inson kapitalini rivojlantirish, shu jumladan, ixtisoslashgan taʼlimni rivojlantirish hamda IT-sohasidagi kasblarni ommalashtirish, IT-korxonalar uchun institutsional sharoitlarni yaxshilash va maʼmuriy to‘siqlarni kamaytirish shular jumlasidandir.

Muxtasar aytganda, mazkur Farmon mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, taʼlim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar samaradorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.

 


Похожие новости