• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

YANGI QONUN: NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLARNING HUQUQLARINI TAʼMINLASH TAKOMILLASHADI


Maʼlumki, «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturining 143-bandida «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan edi.

Qonun loyihasida:

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablari va xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka tatbiq qilish, shuningdek, “nogiron” tushunchasi o‘rniga «nogironligi bo‘lgan shaxs» tushunchasidan foydalanish;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari;

davlat organlarining nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi vakolatlari;

nogironlikni aniqlash va oldini olish, ularning taʼlim olishi va ishga joylashishiga ko‘maklashish, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy shakl va mexanizmlarini belgilash;

nogironlikni belgilashda qo‘llanilayotgan usullarni tubdan takomillashtirish va boshqa qoidalarni nazarda tutish belgilangan edi.

Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 22 iyulda qabul qilinib, Senat tomonidan 2020 yil 11 sentyabrda maʼqullangan edi.

2020 yilning 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonun imzolanishi bilan Davlat dasturida belgilangan ushbu band ijrosi taʼminlandi.

Qonun bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashning asosiy prinsiplari belgilab berildi. Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyati yana-da takomillashtirildi.

Unga ko‘ra, tekshiruvdan o‘tkazish tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan eʼtiboran 10 kun ichida bepul amalga oshiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashga oid qator masalalar Qonun darajasida belgilandi.

Jumladan:

– tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport inshootlari, dam olish, shuningdek turistik obyektlardan bepul foydalanishini taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratadi;

– davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarga, fuqarolarga bepul tibbiy yordam ko‘rsatishning davlat kafolatlari dasturi doirasida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha choralar ko‘radi;

– davlat nogironligi bo‘lgan bolalarning bepul umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, o‘rta maxsus va professional taʼlim olishini kafolatlaydi;

– nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining 2 foizi miqdorida qo‘shimcha qabul kvotasi ajratiladi;

– nogironligi bo‘lgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sog‘lomlashtirish, shuningdek dori vositalari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarish qilish uchun mo‘ljallangan tibbiy buyumlar va nogironligi bo‘lgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanish huquqiga ega;

– nogironligi bo‘lgan shaxslar imtiyozli shartlar asosida ijtimoiy uy-joy olish huquqiga ega;

– mehmonxonalarda kamida bitta xona o‘rindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlanishi, shuningdek eshitish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun displeylar hamda ovozli qurilmalar o‘rnatilishi taʼminlanishi shart;

– mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironligi bo‘lgan shaxslarga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar belgilash huquqiga ega.

Mazkur Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach, yaʼni 2021 yilning 16 yanvar kunidan kuchga kiradi.

Muhim ahamiyatga moliy tomoni shundaki, ushbu Qonun nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini tartibga solish barobarida, ular uchun jamiyat hayotining barcha jabhalarida kamsitilmasdan, jamiyatning boshqa aʼzolari bilan teng ravishda ishtirok etish uchun teng imkoniyatlar yaratishni nazarda tutuvchi insonning asosiy huquq va erkinliklariga rioya etishga asoslangan.

Shu bilan birga, Qonunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning qadr-qimmatini, ularning shaxsiy mustaqilligini, tanlash erkinligini hurmat qilish, nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligi, nogironligi bo‘lgan bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatini va o‘z individualligini saqlab qolish huquqini hurmat qilish, obyektlar va xizmatlarni nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay holda yaratish kabi prinsiplar o‘z aksini topgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.