• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

YEVROPA ITTIFOQI — MARKAZIY OSIYO FUQAROLIK JAMIYATI FORUMI BO'LIB O'TDI

Joriy yilning 27 oktyabr kuni  “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo Fuqarolik jamiyati 2-Forumi” videokonferensaloqa shaklida bo'lib o'tdi.

Nufuzli xalqaro onlayn anjumanda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo'yicha Oliy vakili Jozef Borrel, Yevropa tashqi faoliyat xizmatining Bosh kotibi Helga Shmidt, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Piter Burian kabi yuqori martabali vakillar hamda Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi fuqarolik jamiyati institutlaridan vakillar, jumladan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.

Xalqaro onlayn anjumanning maqsadi — Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha yangi strategiyasida ko'zda tutilgan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish jarayonlariga hissa qo'shish hamda o'tgan yili boshlab berilgan “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo Fuqarolik jamiyati Forumi” an'anasini davom ettirishdir.

Forumda so'z olgan Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo'yicha Oliy vakili Jozef Borrel Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik, barqarorlik va farovonlik bo'yicha fuqarolik jamiyati institutlarining ayniqsa karonavirus pandemiyasiga qarshi kurashdagi sa'y-harakatlarini va hukumatlarning hamkorligini yuqori baholadi.

Yevropa tashqi faoliyat xizmatining Bosh kotibi Helga Shmidt ham fuqarolik jamiyati institutlarining davlat bilan samarali muloqotlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar — yoshlar, ayollar, qariyalar va imkoniyati cheklangan insonlarning huquqlarini himoya qilish hamda ular ishtirokidagi inklyuziv dasturlarning bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etayotganligini ta'kidladi.

Shuningdek, ushbu xalqaro anjuman hukumatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va xususiy sektor o'rtasida muloqotni rivojlantirish orqali fuqarolik jamiyatining salohiyati va imkoniyatlarini yanada oshirishga qaratilgan bo'lib, Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar va Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida tajriba almashinuvi maydoniga aylanishi ko'zda tutilgan. Videokonferentsiya shaklida bo'lib o'tgan mazkur onlayn muloqot koronavirus pandemiyasi sharoitida Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik, barqarorlik va farovonlik mavzulariga bag'ishlangan sessiyalarga ajratilgan bo'lib, ma'ruzachilarning chiqishlari Yevropa tashqi faoliyat xizmati platformasida jonli efirga uzatildi.

Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati institutlari forumida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov O'zbekiston tomonidan asosiy ma'ruzachi sifatida ishtirok etib, global pandemiya sharoitida O'zbekistonda olib borilayotgan inqirozga qarshi chora-tadbirlar, davlat va fuqarolik jamiyati institutlari, xususan nodavlat notijorat tashkilotlar hamda tashabbuskor fuqarolarning o'zaro hamkorlikdagi samarali faoliyatlari va erishilgan muvaffaqiyatli tajribalari yuzasidan batafsil ma'lumot berdi.

Tadbir yakunlari bo'yicha erishilgan natijalar, ma'ruzachilar tomonidan ilgari surilgan taklif va tavsiyalar rejalashtirilgan navbatdagi Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O'zbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari va Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo'yicha Oliy vakili ishtirokidagi «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» vazirlar uchrashuviga taqdim etilishi belgilangan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati