• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

BMT BOLALAR JAMG'ARMASINING O'ZBEKISTONDAGI VAKOLATXONASI VAKILLARI BILAN UCHRASHUV O'TKAZILDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari hamda BMT Bolalar jamg'armasi (YUNISEF)ning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade hamda mazkur ofis xodimlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov dastavval markaz faoliyatiga to'xtalib, ikki tomonlama hamkorlik masalalari, xususan bolalar hamda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasida qo'shma loyihalarni amalga oshirish yaxshi samara berishini ta'kidladi.

M.Mamedzade bolalar va yoshlarni ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo'lgan islohotlarga jalb qilish, shuningdek mahalliy ahamiyatga molik masalalarni ko'rib chiqishda yoshlar parlamentining roli va samaradorligini oshirish muhimligini ta'kidlab o'tdi.

Shuningdek, u “Mahalliy hokimiyat organlari yoshlar bilan ahil” tizimini o'rnatish taklifini berdi. Mazkur tizim mahalliy hokimiyat organlari va yoshlar o'rtasidagi muammolarni o'rganish hamda ularni hal qilishda do'stona munosabatlarni nazarda tutadi.

Tadbirda “Multi klaster tadqiqotlari tashabbusi” deb nomlanuvchi yangi mamlakat dasturi doirasida ma'lumotlar yig'ish bazasi ish boshlashi ma'lum qilindi. Dastur mamlakat rivojlanish bosqichini belgilovchi 17 ta barqaror rivojlanish maqsadlari haqida ma'lumot beradi. Ushbu tadqiqot bolalar, ayollar va butun ijtimoiy bloklarga oid bir qator ko'rsatkichlarni o'z ichiga oladi. Ushbu tadqiqot natijalariga ko'ra, kelasi yil oxiriga qadar 14250 xo'jalikni qamrab olish rejalashtirilgan. Mazkur tadqiqot har 4-5 yilda bir marta o'tkaziladi, bu, o'z navbatida, mamlakatning o'sish dinamikasini kuzatish istiqbollarini beradi.

Bundan tashqari, M. Mamedzade YUNISEF va mahalliy idoralar tomonidan sanitariya, nogironlik va bolalarning ovqatlanish masalalari bo'yicha olib borilayotgan tadqiqotlar natijalarini muntazam ravishda taqdim qilib borishga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv davomida bolalarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi kurashish, atrof-muhit omillarining bolalar salomatligiga ta'siri, ota-onalarning yosh avlodni tarbiyalashdagi to'g'ri yondashuvini shakllantirish, jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish bilan bog'liq istiqboldagi qator loyihalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida M.Mamedzade “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbariyatiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, yanada samarali hamkorlikka tayyor ekanligini ta'kidladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati