• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

YANGI HAMKORLIK STRATEGIYASINING ISTIQBOLLI LOYIHALARI MUHOKAMA QILINDI

Joriy yilning 23 dekabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda AQSh Xalqaro rivojlanish agentligi — USAIDning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Rebekka Blek va uning hamkasblari ishtirokida onlayn uchrashuv bo'lib o'tdi.

Mazkur onlayn uchrashuv tashabbusi USAID tomonidan bildirilgan bo'lib, unda agentlik tomonidan ishlab chiqilayotgan O'zbekiston bo'yicha yangi hamkorlik strategiyasining istiqbolli loyihalari muhokama qilindi.

USAIDning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Rebekka Blek agentlik tomonidan O'zbekistonda olib borilayotgan loyihalar va hamkorlik yo'nalishlari haqida ma'lumot berib, mamlakatda amalga oshirilgan va hozirda davom etayotgan loyihalarining samaradorligini oshirish bo'yicha “Taraqqiyot strategiyasi” markazining xulosalari va takliflarini eshitishga hamda ular asosida USAIDning O'zbekistondagi faoliyatini jadallashtirishga tayyor ekanligini bildirdi.

O'z navbatida, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov mahalliy boshqaruv organlarining faoliyatini takomillashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish, advokatlarning rolini oshirish, sog'lom iqtisodiy raqobatni rag'batlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolarning amalga oshirilayotgan islohotlarga dahldorligini oshirish, turizm, qishloq xo'jaligi, atrof-muhit muhofazasi va  ta'lim sifatini oshirish masalalarida O'zbekistonda USAID bilan hamkorlik bo'yicha loyihalar ustuvor ahamiyat kasb etishi hamda mazkur yo'nalishlarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni jadallashtirish muhimligini ta'kidladi.

Shuningdek, Eldor Tulyakov O'zbekistonda davlat boshqaruv organlarining ochiqlik siyosatiga urg'u berib, USAID tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlik bo'yicha loyihalarni bevosita hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi orqali ham amalga oshirishlari mumkinligini qayd etdi.

Onlayn uchrashuv yakunida Rebekka Blek AQShning yangi saylangan rahbariyati kelgusida O'zbekiston bo'yicha siyosatini o'zgartirmay, ikki va ko'p tomonlama hamkorlikka ustuvor ahamiyat berishda davom etishini ta'kidladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati