
Farhod ISHANKULOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
loyiha rahbari
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasi xalqimiz tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Davlat rahbari taklifiga ko'ra, 2021 yil — “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlandi.
Mazkur Murojaatnomada o'tgan yillar davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil etilib, hayotimizning barcha jabhalarida kelgusi yillarga mo'ljallangan ustuvor yo'nalishlar, amalga oshiriladigan islohotlarning muhim jihatlari qamrab olingani alohida ahamiyat kasb etdi.
Prezident o'z Murojaatida davlat boshqaruvi idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirish masalasiga alohida e'tibor qaratdi. Darhaqiqat, mazkur sohada so'nggi to'rt yilda tizimli islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramay, ushbu masala hali ham dolzarb bo'lib turibdi. Ya'ni, davlat boshqaruvi organlarida qarorlar qabul qilish o'ta markazlashgani, o'rta bo'g'in rahbarlarining mustaqil qaror qabul qila olmasligi, vazirlik va idoralarning funksiya va vazifalarida bir-birini takrorlash holatlari mavjudligi, ushbu sohada tizimli islohotlarni amalga oshirish zarurligini ko'rsatadi.
Ta'kidlash joizki, davlat boshqaruvi organlarining vazifalari aniq va to'liq belgilab berilmagani natijasida fuqarolarning davlat idoralarida sarson bo'lishiga, murojaatlari natijasini oylab kutishiga olib kelmoqda. Bunday holatlar esa fuqarolarimizning haqli e'tiroziga sabab bo'lmoqda. Shu sababdan, davlatimiz rahbari parlamentga Murojaatnomasida Vazirlar Mahkamasiga bir-birining vazifalarini takrorlaydigan idoralar va funksiyalarni, ortiqcha byurokratik to'siqlarni qisqartirish bo'yicha ikki oy muddatda hujjat loyihasini ishlab chiqish vazifasini yukladi. Shuningdek, kelgusi yil oxiriga qadar elektron davlat xizmatlari ko'rsatishni 300 taga yetkazish orqali davlat tashkilotlari ish samaradorligini oshirish bo'yicha ham vazifalar belgilandi. Bu esa, o'z o'rnida, fuqarolarga davlat xizmatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratishi bilan birga, ularning davlat organlariga bo'lgan ishonchini yanada oshiradi.
Davlat rahbari ta'kidlaganidek, o'rta bo'g'in rahbarlarining bilim va malakasini oshirish, ularni ish samaradorligini baholab borish tizimini joriy qilish bugungi zamon talabidir. Sir emaski, qabul qilinayotgan qaror va farmonlar, qonunlarning joylarda ijrosi yetarlicha ta'minlanmayapti. Bunga esa, Prezident ta'kidlaganidek, hududiy rahbarlarning hududiy masalalarni hal qilishda yo bilimi yetishmasligi, yo qat'iyati yetmasligi yoki korrupsiyaga berilgani sabab bo'lmoqda. Natijada hududlardagi keraksiz yig'ilishlar va byurokratik to'siqlar muammolarni to'planib qolishiga hamda aholining ishonchsizligiga sabab bo'lmoqda.
Shu sababdan, Bosh vazir o'rinbosarlari, vazirlar o'zlarining quyi tizim rahbarlari va xodimlarini yangicha talablar va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida samarali ishlashga o'rgatish va malakasini muntazam oshirib borish uchun mas'ul etib belgilandi. Shuningdek, kelasi yil boshidan har bir vazirlik o'z ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtiradi va tashkil etadi.
Muxtasar aytganda, davlat boshqaruvida tub islohotlarni amalga oshirish zamirida xalqimiz farovonligini ta'minlash, hududlar infrastrukturasini yaxshilash va taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko'tarishdek ezgu maqsadlar mujassam.
Davlat rahbarining mazkur Murojaatnomasida ilgari surilgan vazifalar ham kelgusi yil Davlat dasturida o'z aksini topadi va tabiiyki, ularning ijrosini ta'minlashda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ham faol sa'y-harakatlarni amalga oshiradi.