
Eldor TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo'llagan navbatdagi Murojaatnomasini zo'r qiziqish va hayajon bilan tingladik. Keng jamoatchilik kutganidek, unda o'ziga xos yangi tashabbus va g'oyalar o'rtaga tashlanib, mamlakatimiz taraqqiyoti yo'lida kelgusi yilda ham katta ko'lamdagi o'zgarishlar va hayotbaxsh islohotlarni amalga oshirish yuzasidan strategik maqsad va vazifalar belgilab berildi.
Murojaatnomada inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta'minlashga qaratilgan islohotlar yangi yilda ham izchil davom ettirilishi qayd etildi.
Jumladan, yangi yildan boshlab joriy etiladigan “bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta'minlashda bosh mezon bo'lishi lozimligi ta'kidlandi. Bu masalaning kun tartibiga olib chiqilgani bejiz emas, albatta. Guvohi bo'lmoqdamiz, keyingi vaqtlarda aholi o'rtasida sud qarorlaridan norozilik kayfiyati tez-tez ko'zga tashlanmoqda. Birgina 2019 yilning o'zida viloyat sudlari qabul qilgan 13 mingta qarorning Oliy sud tomonidan o'zgartirilgani va bekor qilingani fakti ham fuqarolarning odil sudlovni ta'minlash talabida jon bor ekanini ko'rsatib turibdi. Muammo esa, viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar yana shu sudlarning o'zida ko'rib chiqilishida edi. Endilikda bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirilib, odil sudlovga xos bo'lmagan ishlarni nazorat tartibida ko'rish amaliyotining bekor qilinishi ana shu kabi kamchilik va muammolarga barham berib, tom ma'noda adolat va qonun ustuvorligining ta'minlanishiga xizmat qiladi.
Kelgusi yildan boshlab fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo'yicha viloyat darajasidagi uchta sud birlashtirilib, ularning negizida sudyalarning qat'iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda yagona umumyurisdiksiya sudlarining tashkil etilishi, birinchi navbatda aholi va tadbirkorlar uchun qulay imkoniyatlarni yaratadi. Ya'ni, aytaylik, fuqarolik va iqtisodiy nizo yuzasidan sudga ishi tushgan shaxslar yoki tadbirkorlik sub'ektlarining u suddan bu sudga qatnab behuda vaqt yo'qotishlariga, ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qo'yiladi. Shuningdek, sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish institutining joriy etilayotgani sudda ishlarni ko'rib chiqishda inson huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini amalda ro'yobga chiqarish maqsadlariga xizmat qiladi. Avvallari ish sudda bir necha oy davomida ko'rilar, dastlabki tergovdagi kamchiliklar aniqlanadigan bo'lsa, ularni bartaraf etish uchun prokurorga qaytarib yuborilardi. Natijada sud ishini ko'rish yana bir necha oyga cho'zilib ketar, bu esa, tomonlarning haqli e'tirozlarini keltirib chiqarishidan tashqari, ko'rib chiqish muddati belgilangan qonun hujjatlari buzilishiga ham sabab bo'lardi. Bundan buyon ana shu kabi kamchiliklar tugatilib, ishni sudga tayinlash jarayonida asos yetarli bo'lsa, 7 sutka ichida sud o'zining yakuniy qarorini qabul qilishi mumkin bo'ladi.
Sud tizimida raqamlashtirishning yanada kengaytirilib, fuqarolarga sud binosiga kelib yurmasdan, onlayn tartibda murojaat qilish va o'z arizalarini ko'rib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatib borish imkoniyatining yaratilayotgani, o'z navbatida, sudga ishi tushgan shaxslarning vaqtlari tejalishi, ortiqcha sarf-xarajatlarga tushishlarining oldini oladi.
Murojaatnomada jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qo'llash borasidagi ishlar davom ettirilishi alohida ta'kidlab o'tildi. Jumladan, 25 ta manzil-koloniyalarning bosqichma-bosqich qisqartirilishi, birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo yengilrog'i bilan almashtirilsa, u manzil-koloniyaga o'tkazilmasdan, to'g'ridan-to'g'ri probatsiya nazoratiga olinishi haqidagi yangilik ham yurtimizda yuksak insonparvarlik va bag'rikenglik siyosatining yana bir amaldagi namunasidir. Demak, jazo o'tayotgan minglab shaxslar endilikda o'z oilasida bag'rida, mahalla-ko'y ko'z o'ngida bo'ladi, bu imkoniyat ularga tezroq tuzalish yo'liga o'tishlariga turtki berishi tabiiy.
Bilamizki, amaldagi qonunchilikka ko'ra, shu vaqtga qadar jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoning o'talmagan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish jazoni ijro etish muassasasi ma'muriyatining taqdimnomasiga yoki mahkumning, uning himoyachisining iltimosnomasiga binoan sudya tomonidan qo'llanib kelinmoqda. Kelgusi yildan bu mazmundagi taqdimnoma kiritish vakolati jazoni ijro etish organi vakolatidan chiqarilib, yangi tashkil etiladigan Insonparvarlik komissiyasiga o'tkazilishi ham, ma'lum ma'noda xolislik va adolat tamoyillari ustunligiga erishish barobarida, mahkumlar huquqlarining himoyasida muhim o'rin tutadi.
Keyingi vaqtlarda tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish organlari tomonidan fuqarolarni qiynoqqa solish, bu borada hatto o'lim holatlarining uchrab turgani jamoatchilikda jiddiy e'tirozlar va norziliklar keltirib chiqarayotgani, bu mamlakatimizning xalqaro maydondagi reytingiga ham salbiy ta'sir ko'rsatayotgani achchiq haqiqat.
Shundan kelib chiqib, Murojaatnomada qiynoqlarning oldini olish bo'yicha Ombudsman vakolatlarini yanada kengaytirish, shuningdek, bu boradagi jamoatchilik nazoratini kuchaytirish vazifasining kun tartibiga qo'yilgani ayni muddao bo'ldi. Endilikda Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda, tergov izolyatori va jazoni o'tash muassasalariga “monitoring tashriflari” yo'lga qo'yiladi, Oliy Majlis palatalari har yili Ombudsmanning qiynoqlarning oldini olish bo'yicha ma'ruzasini eshitib, bu illatga butunlay barham berish bo'yicha zarur chora-tadbirlarni belgilaydi. Bu bilan insonning qiynoqdan himoya qilishga doir konstitutsiyaviy huquqi ta'minlanishiga erishiladi.
Yaxshi bilamiz, Konstitutsiyamizning 18-moddasida O'zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo'lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, qonun oldida teng ekani mustahkamlab qo'yilgan. Shu jumladan, fuqarolik huquqi ham. Bosh Qomusimizdagi ana shu tamoyildan kelib chiqib, keyingi vaqtlarda yurtimizga ko'chib kelib muqim yashayotgan, ammo fuqarolikni ololmagan minglab shaxslarga O'zbekiston fuqaroligini to'g'ridan-to'g'ri berish amaliyoti yo'lga qo'yildi. Xususan, o'tgan yili 1995 yilgacha yurtimizga ko'chib kelgan 50 ming nafardan ortiq shaxs fuqarolikni olgan bo'lsa, kelgusi yilda bu ezgu ishlar yana davom ettirilib, 2005 yilgacha mamlakatimizga kelib, doimiy yashayotgan hamda yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan, fuqaroligi bo'lmagan yana 20 ming kishiga ham to'g'ridan-to'g'ri O'zbekiston fuqaroligi berish imkoniyati yaratilmoqda. Ta'kidlash o'rinli, bu tartib amaliyotga joriy etilishi bilan bu kabi insonlar va ularning farzandlari uzoq yillar davomida oddiy rasmiyatchilik bilan bog'liq turli muammolar, ayrim fuqarolik huquqlari cheklangani singari muammolardan xalos bo'ladilar.
Xulosa o'rnida aytganda, kelgusi yilda ham biz uchun inson huquqlari ustuvor masala va maqsad bo'lib qolaveradi va bu sohada mamlakatimizda yanada yangi ufqlar ochilishiga shubha yo'q.