
Farrux XAKIMOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
loyiha koordinatori
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tugayotgan yildagi asosiy natijalar, yangi yilga mo'ljallangan reja va ustuvor vazifalar yuzasidan Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatida 2021 yilni “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlash taklifi bildirildi.
Ta'kidlash joizki, mazkur taklif mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlar bo'yicha davlat siyosatining mantiqiy davomi sifatida muhim ahamiyatga ega. Xususan, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish maqsadida yaxlit va uzluksiz tizim yaratilishi, shubhasiz, yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga ko'taradi. Prezident e'tirof etgan ushbu yaxlit tizim bola tug'ilganidan boshlab, to 30 yoshgacha bo'lgan davrda uni har tomonlama davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishini nazarda tutadi.
Asosiy e'tibor yosh avlodga ta'lim tizimining barcha bosqichlarida sifatli va zamonaviy ta'lim-tarbiya berishga, mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasb-hunarlarni o'rgatishga hamda ularni munosib ish o'rinlari va uy-joy bilan ta'minlashga qaratilishi Prezident tomonidan ta'kidlandi.
Darhaqiqat, bugunimiz va kelajagimiz bo'lgan yosh avlodning ham jismonan, ham ma'nan sog'lom bo'lishlarida, ularning milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatli vatanparvar insonlar bo'lib ulg'ayishlarida kuchli ijtimoiy himoya, sifatli ta'lim, zamonaviy bilim va tajribalar muhim ahamiyatga ega.
“Yangi O'zbekiston — maktab ostonasidan, ta'lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g'oya asosida so'nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasi ikki barobarga ortdi, xalq ta'limi tizimida Prezident va ijod maktablari, matematika, kimyo va biologiya fanlari bo'yicha maxsus maktablar tashkil etildi, zamonaviy professional ta'lim tizimi shakllantirildi hamda yoshlarning oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasi 25 foizga yetdi. Kelgusi yilda esa mazkur yo'nalishlarda islohotlarni izchil davom ettirish orqali yoshlarni zamonaviy bilimlar, ilg'or xorijiy tajribalar asosida o'qitish va shu orqali raqobatbardosh milliy kadrlarning yangi avlodini shakllantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ham Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalardan kelib chiqib, “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da boshqa barcha ustuvor yo'nalishlar qatori, yoshlar manfaatlarini himoya qilish, ta'lim sifatini oshirish, yoshlar bandligini ta'minlash, turmush sharoitlarini yaxshilash va boshqa dolzarb masalalarda izlanishlar olib borib, tegishli idoralarga taklif-tavsiyalar ishlab chiqishni hamda mutaxassislar va faol yoshlar ishtirokida turli xalqaro anjumanlar tashkil etishni rejalashtirmoqda.