
Furqat YUNUSOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
loyiha rahbari
Prezidentning bu yilgi parlament hamda xalqimizga qilgan Murojaatida aholi va jamoatchilikni qiziqtirgan va o'z yechimini kutayotgan ko'plab masalalar ko'tarildi hamda ularni hal etish yuzasidan aniq yechimlar ko'rsatib o'tildi. Bu shundan dalolat berib turibdiki, davlat rahbarining eng asosiy maqsadlaridan biri, bu — halqni rozi qilish.
Oxirgi oylarda xalqimiz va jamoatchilik tomonidan energetika, jumladan, tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan bog'liq juda ham ko'p muammoli masalalar ko'tarilmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri esa bu mamlakatimizda mazkur soha egalarining monopol ekanligidir.
Iqtisodiyotda monopoliya, bu — bir kishiga, ma'lum bir shaxslar guruhiga yoki davlatga tegishli bo'lgan ishlab chiqarish, sotib olish, sotish bo'yicha mutlaq huquqqa ega bo'lish tushuniladi. Monopoliya bozor iqtisodiyotida raqobatbardoshlik imkoniyatlarini yo'qqa chiqarib, narxlarning oshishiga va muvozanat buzilishiga olib keladi.
Shularni hisobga olgan holda, Prezident bu yilgi Murojaatnomasida dolzarb masalalardan biri sifatida bozorlarni monopoliyadan chiqarish muhimligini ta'kidladi.
Shuningdek, Murojaatnomada tabiiy gaz ta'minoti sohasida monopoliya bekor qilinib, bozor mexanizmlari joriy etilishi ta'kidlandi. Ya'ni, tabiiy gazni ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uni birja orqali sotish huquqiga ega bo'lishadi, ulgurji iste'molchilar esa uni sotib olishlari mumkin bo'ladi. Shu bilan birga, “O'ztransgaz” kompaniyasi gazni faqat tashish bo'yicha xizmatlarni taqdim etadi.
Shuningdek, 2021 yilda iste'molchilar va davlat hamda xususiy elektr stantsiyalari o'rtasida ulgurji elektr energiyasi bozorini shakllantirish jarayoni boshlanadi.
Shuni ta'kidlash lozimki, avvalgi yillarda mamlakatimizda benzinni uzluksiz yetkazib berish sohasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar bunday siyosatning samaradorligini ko'rsatdi.
Mazkur choralarning ko'rilishi mamlakatimizdagi elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorini yanada erkinlashtirishga va monopoliyaga barham berilishiga, uning iste'molchilari, ya'ni xalq va tadbirkorlar uchun tabiiy gaz tanqisligini bartaraf etishga yordam beradi.