• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
Tadbirkorlar huquqlari himoyasi — davlat rahbari e'tiborida
9427 | 30 Dek. 2020 y.

Nilufar NODIRXONOVA,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
loyiha rahbari

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha Oliy Majlisga Murojaatnomasida iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlarni kengaytirish, xususiy mulkni himoya qilish, biznes muhitini turli bosimlardan xoli qilish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Masalaga tanqidiy ruhda yondoshgan holda, Prezidentimiz qo'lga kiritilgan ulkan yutuqlar barobarida o'z yechimini kutayotgan muammolar ham borligiga e'tibor qaratdi. Xususan, ayrim hollarda mahalliy davlat hokimiyati va nazorat organlari tomonidan xususiy mulk huquqlarining buzilishi holatlari takrorlanayotganligini ta'kidladi.

Bunday holatlarga qarshi tizimli kurashishning samarasini oshirish, tadbirkorlik faoliyatining himoyasini yanada mukammallashtirish, ishbilarmonlarning haq-huquqlari, xususiy mulk daxlsizligini ta'minlash maqsadida tadbirkorlarning mulkka doir huquqlarini buzish holatlariga  yo'l qo'ygan mansabdor shaxslarga nisbatan Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil (Biznes-ombudsman) tomonidan ma'muriy javobgarlikka tortish bo'yicha vakolat berish tashabbusi bildirildi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari tadbirkorning ortiqcha mo'neliksiz, xotirjam ishlashi, o'z faoliyatida turli tekshirishlardan chalg'imasligi qanchalik muhim ekaniga to'xtalib, tadbirkorlik sub'ektlarini tekshirishga o'rnatilgan moratoriy qanday samara berganligini ta'kidladi. Prezidentimiz ushbu moratoriy muddatini yana bir yilga uzaytirishni taklif qildi.

Tabiiy savol tug'iladi, bu takliflarning tadbirkorlar uchun ahamiyati, mazmuni nimadan iborat?

Eng avvalo, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, 4 yil avval tekshiruvlarga nisbatan o'rnatilgan moratoriy natijasida o'tgan davrda tadbirkorlar soni 2 barobar ko'payib, 400 mingtaga yetdi. Shuning o'ziyoq ushbu choraning biznes muhitini takomillashtirishda qanday ahamiyatga egaligini ko'rsatib turibdi.

Biznes-ombudsmanga tadbirkorlarning xususiy mulkka doir huquqlari buzilishiga yo'l qo'ygan mansabdor shaxslarga nisbatan ma'muriy javobgarlikka tortish bo'yicha vakolatning berilishi quyidagi jihatlari bilan ahamiyatlidir.

Eng avvalo, Biznes-ombudsmanning tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishda endilikda sanktsiyalar qo'llash huquqiga ham ega bo'lishi, tabiiyki, Biznes-ombudsmanning ta'sir doirasini oshiradi. Ya'ni, Biznes-ombudsman endilikda nafaqat yozma ogohlantirishlar, taqdimnomalar kiritish orqali, balki ma'muriy javobgarlik mexanizmini ishga solgan holda xususiy mulkka daxl qilish holatlariga qarshi kurasha oladi.
 

Ikkinchidan, bu chora tadbirkorlar huquqlarining qanchalik ahamiyatli ekani haqida mansabdor shaxslarga yo'llangan o'ziga xos “messedj”dir. Endilikda, qarorlar qabul qilish jarayonida mansabdor shaxslar o'z harakat va harakatsizliklarining tadbirkor huquqlariga qanday ta'sir o'tkazishi mumkinligi, buning oqibatlari o'zlari uchun qanday bo'lishi mumkinligi haqida yanada chuqurroq o'ylab ko'rishlariga turtki bo'ladi.

Uchinchidan, shubhasiz, bu tadbirkorlarga ham yo'llangan mujdadir. Har bir tadbirkor endilikda mansabdor shaxslar bilan bog'liq holatlarda Prezident huzuridagi tashkilot bo'lmish Biznes-ombudsman ularning huquqlari himoyasi uchun lozim bo'lsa keskin choralar qo'llashi mumkinligini ko'rib, ishbilarmonlarning haq-huquqlarini himoya qilish davlat siyosati darajasidagi masala ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilsa, ajab emas.

Xulosa qilib aytganda, davlat rahbari tomonidan tadbirkorlik sub'ektlariga qaratilayotgan yuksak e'tibor iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, tadbirkorlarning jamiyat taraqqiyotidagi o'rnini yanada mustahkamlash, ishbilarmonlarning haq-huquqlari hamda samarali faoliyatini ta'minlash va pirovardida aholi farovonligining ta'minlanishiga xizmat qiladi.


39
Похожие новости