• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
Yangi O'zbekiston taraqqiyotida muhim o'rin tutuvchi tarixiy nutq
3819 | 30 Dek. 2020 y.

Rahmat MAMATOV,
Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vaziri,
Oliy Majlis Senati a'zosi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari a'zolari va xalqimizga yo'llagan Murojaatnomasi barcha yurtdoshlarimiz, keng jamoatchilik hamda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Davlatimiz rahbari o'z so'zi avvalida joriy yil davomida insoniyat boshiga kelgan ulkan sinov — koronavirus kasalligi va uning xalqimiz turmush tarziga ta'siri haqida to'xtalib o'tar ekan, yurtdoshlarimiz bu qiyin kunlardan o'zaro hamjihatlik va birdamlik bilan o'tib kelganligini alohida ta'kidlab o'tdi. Shuningdek, saxovatli xalqimizning mehru-muhabbati, himmati o'sha qiyin kunlarda fuqarolarimizga katta madad bo'lganligini aytib o'tdi.

Keyingi yillar davomida davlatimiz tomonidan yoshlar siyosati bo'yicha olib borilayotgan tub islohotlar zamirida kelajak avlod kamolotini ta'minlash, ularni jamiyatning eng muhim tashabbuskori sifatida kamol toptirish kabi ezgu g'oya yotganligi barchamizga yaxshi ma'lum. Murojaatnomada mazkur masalalarga ham alohida urg'u berilib, yoshlar bandligini ta'minlash va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash bugungi kunning eng muhim vazifasi ekanligi aytib o'tildi. Ayniqsa, farzandlarimizning ta'lim-tarbiyasini yanada yaxshilash, bu borada  “Yangi O'zbekiston – maktab ostonasidan, ta'lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” g'oyasi asosida keng ko'lamli islohotlarni amalga oshirilishi belgilab o'tildi.

Mazkur fikrlarga hamohang ravishda Prezidentimiz tomonidan kirib kelayotgan 2021 yilga mamlakatimizda “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berishning taklif etilgani, aminmanki, barcha yurtdoshlarimiz tomonidan katta xursandchilik bilan qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari yoshlarni oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha mavjud ko'rsatkichlarni yanada oshirish bo'yicha o'z fikrlarini bildirib o'tar ekan, bu borada eng avvalo, ehtiyojmand oila farzandlarini qo'llab-quvvatlash eng muhim vazifalardan biri ekanligini bildirib o'tdi. Jumladan, keyingi yildan boshlab oliy o'quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun davlat grantlari sonini 2 barobarga ko'paytirib, ularning sonini 2 mingtaga yetkazish, a'lo baholarga o'qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda yashayotgan qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etilishini ma'lum qildi.

Shuningdek, ehtiyojmand oilalar farzandlari, chin yetim, nogironligi bo'lgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat ko'rsatish bo'yicha yangi tizim joriy etilishi ta'kidlab o'tildi. Unga ko'ra, 2021 yilda 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan ta'minlash maqsadida, birinchi marta davlat byudjetidan 50 milliard so'm ajratiladi. Aytish mumkinki, hayotga joriy etilayotgan mazkur amaliyot orqali ko'plab ehtiyojmand oilalar turmush tarzida qator yengilliklar paydo bo'ladi, ota-ona mehriga to'ymagan yuzlab farzandlarimiz hayotida yangi sahifa ochiladi.

Murojaatnomada bir qator sohalar qatori mahalla tizimida olib borilayotgan ishlarga ham alohida to'xtalib o'tildi. Jumladan, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijalari, sodir bo'layotgan o'zgarishlar va bunga aholining munosabati, ularning kayfiyati, avvalo, mahallada aks etishi, mahallada sezilishi haqida ta'kidlab o'tdi. Davlatimiz rahbari bu boradagi o'z fikrlarini davom etar ekan,  “...shu ma'noda, “mahalla – yorug' yuzimiz va vijdonimiz ko'zgusi”, desak, to'g'ri bo'ladi”, deya mahallaning odamlar hayotida naqadar muhim maskan ekanligiga munosib baho berib o'tdi.

Darhaqiqat, bugun “tepadan — pastga” tamoyili asosida barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar mexanizmida mahallaning o'rni va ahamiyati ortib bormoqda. Ayniqsa, fuqarolar yig'inlari raislarining jarayonlar markazida bo'lishi, mahallasidagi mavjud muammolarni eng muhim masala sifatida mahalliy hokimliklar oldiga qo'yishi bo'yicha yangi amaliyot tizimi yaratilmoqda.

Murojaatnomada mazkur ish tizimini yo'lga qo'yish uchun bugungi kunda barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o'z sohasi bo'yicha mahallalardagi muammolarni o'rganishi va ularga yechim topishi, ularning ko'rsatayotgan natijalarini odamlar o'z hayotlarida sezishi lozimligi ta'kidlandi.

Mahallaning nufuzini oshirish, buning uchun fuqarolar yig'inlarining moddiy-texnik imkoniyatlari, tizim xodimlarining moddiy ta'minotini yaxshilash bo'yicha alohida dastur ishlab chiqish bo'yicha tavsiyalar bildirib o'tildi.

Keltirib o'tilganidek, mazkur masalalarni to'laqonli hal etish maqsadida joriy yilda tumanlar byudjetiga qo'shimcha manbalarning kamida 10 foizini bevosita mahalladagi muammolarni hal etishga sarflash bo'yicha ishlar boshlanib, bu maqsadlarga 70 milliard so'm ajratildi. Endilikda esa bu vakolatlar yanada kengaytirilib, tuman byudjeti xarajatlarining yana 5 foizi qo'shimcha ravishda ana shunday maqsadlarga yo'naltirish bo'yicha yangi tartib joriy etiladi va mahallalardagi aholi dolzarb deb hisoblaydigan muammolarni hal etishga sarflanadi.

Yurtboshimiz o'z nutqi davomida mahalla tizimi xodimlarining vakolat va huquqlarini oshirish bo'yicha aniq masalalarni o'rtaga tashlar ekan, mahalla raisi va uning o'rinbosarlari vakolatlarini kengaytirib, ularga joylardagi aholi muammolarini bevosita hal qilish bo'yicha zarur huquq va imkoniyat berish bo'yicha o'z fikrlarini bildirdi. Eng muhimi, bu yangi amaliyotga ko'ra, endilikda mahalla raisi mahalliy hokimlik kengashi majlislarida ko'rib chiqilishi majburiy bo'lgan masalalarni muhokamaga qo'yadi va ularning yechimi bo'yicha o'zining aniq takliflarini bildiradi. Bu tashabbus, o'ylaymanki, mahalladagi aholi  muammolarini tezkor hal qilish bo'yicha tizim xodimlariga katta imkoniyat beradi.

 


2
Похожие новости