• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
ADOLAT VA INSONPARVARLIK – SUD-HUQUQ ISLOHOTLARINING USTUVOR MEZONI
5570 | 30 Dek. 2020 y.

Nilufar NODIRXONOVA,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
loyiha rahbari

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parlamentga yo'llangan navbatdagi Murojaatnomasida demokratik jamiyat va huquqiy davlat qurishning muhim jihatlari haqida batafsil fikr yuritildi. Xususan, davlatimiz rahbari sud-huquq islohotlari masalalariga atroflicha to'xtalar ekan, adolat, bu – davlatchilikning mustahkam poydevori ekaniga alohida urg'u berdi. Prezident e'tirof etganidek, so'nggi 4 yil davomida sud-huquq sohasini isloh etish borasida mamlakatimizda dadil qadamlar qo'yildi. Bu yo'nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.

Shu nuqtai nazardan, ushbu ustuvor sohadagi keyingi islohotlar borasidagi masalalar ham dolzarb ahamiyatini yo'qotmaydi. Xususan, Prezident tomonidan «bir sud – bir instantsiya» tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta'minlashda bosh mezon bo'lishi, ishlarni nazorat tartibida ko'rib chiqish amaliyotini bekor qilish, fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo'yicha viloyat darajasidagi 3 ta sudni bitta sud sifatida birlashtirish, sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyotini joriy etish, sud tizimini raqamlashtirishni yanada kengaytirish va boshqalar muhim vazifalar ekani qayd etildi. Shuningdek, Murojaatnomada jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qo'llash borasidagi ishlarni davom ettirish, qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga fuqarolikni berish bo'yicha ham zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi e'tirof etildi.

Tabiiyki, Prezidentning mamlakatda sud-huquq islohotlari haqidagi fikrlarining mazmun-mohiyatini anglashda, xususan, bu tashabbuslarni ko'rib chiqishda boshlang'ich nuqtaga aylanishi lozim bo'lgan ikkita savol tug'iladi: nima uchun davlat rahbari, aynan ushbu masalalarni ko'tarib chiqdi va bu xalqqa nima beradi?

Ushbu dolzarb savollarga javob berish asnosida, eng avvalo, shuni ta'kidlash lozimki, sudlar ishini birlashtirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatini kengaytirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash uzoq vaqt davomida dolzarb masalalardan bo'lib keldi. Aynan davlat rahbarining so'nggi 4 yil davomidagi sa'y-harakatlari tufayli ushbu masalalarni hal etish borasida muhim o'zgarishlar yuz bermoqda. Ushbu sohadagi islohotlar Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo'nalishidan biri sifatida belgilangan. Islohotlar sudyalarni o'ziga xos bo'lmagan funksiyalarni bekor qilish, sud organlarining samarali ishlashiga to'sqinlik qiluvchi elementlarni bartaraf etishga qaratilgan, chunki bu omillar sudning davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlaridan mustaqil bo'lishiga to'sqinlik qiladi, natijada xalqning sud tizimiga bo'lgan ishonchi kamayadi. Shu munosabat bilan Prezident tomonidan bildirilgan ushbu tashabbuslar davlat va jamiyatning sud-huquq sohasidagi ishlar holatini yanada yaxshilash, adolatni ta'minlash va mamlakatda odil sudlovga nisbatan bo'lgan ishonchni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Endi, xalq uchun aniq ijobiy natijalarga kelsak, bunda yettita jihatni ta'kidlab o'tish maqsadga muvofiq.

Birinchidan, joriy yildan boshlab fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo'yicha viloyat darajasidagi 3 ta sud bitta sudga birlashtiriladi. Bu yangilik aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratadi.

Ikkinchidan, kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi. Bunda ishni to'xtatish yoki tugatishga asos yetarli bo'lsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, qisqa muddatlarda o'zining yakuniy qarorini qabul qiladi.

Uchinchidan, investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko'rish bo'yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi. Endi investor o'z xohishiga ko'ra, nizoni hal qilish uchun to'g'ridan-to'g'ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin bo'ladi.

To'rtinchidan, sud tizimida raqamlashtirish yanada kengaytirilib, fuqarolarga sud binosiga kelib yurmasdan, «onlayn» tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratiladi, shuningdek, ular o'z arizalarini ko'rib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatib borishlari mumkin bo'ladi. Bu, fuqarolarga nafaqat o'z vaqtlarini tejash imkoniyatini beradi, balki sudlarga hujjat topshirishdagi turli asabbuzarliklarning oldini ham oladi. Shuningdek, ushbu yangilik fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatini kengaytirish nuqtai nazaridan ham juda muhim sanaladi.

Beshinchidan, insonparvarlik tamoyilini keng qo'llagan holda, bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo yengilrog'i bilan almashtirilsa, u manzil-koloniyaga o'tkazilmasdan, to'g'ridan-to'g'ri probatsiya nazoratiga olinadi. Mazkur yengillik natijasida hozirda jazoni o'tayotgan 6 ming nafar shaxsga o'z mahallasi nazorati ostida, oilasi bag'rida bo'lish imkoniyati yaratiladi.

Oltinchidan, Ombudsman vakolatlari kengaytirilib, shuningdek, jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi. Bunda Ombudsman tomonidan har chorakda jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni o'tash muassasalariga «monitoring tashriflari» tizimi yo'lga qo'yiladi. Bu, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish uchun juda muhim qadam sanaladi.

Yettinchidan, bundan buyon yurtimizda 15 yil davomida muqim yashagan fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga to'g'ridan-to'g'ri O'zbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilinadi. Davlat rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2005 yilgacha mamlakatimizga kelib doimiy yashayotgan, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga ham to'g'ridan-to'g'ri O'zbekiston fuqaroligi berilishini alohida ta'kidlab o'tdi. Bu bilan 20 ming kishi O'zbekiston fuqarosi bo'lish imkoniga ega bo'ladi, mamlakat fuqarosining pasportini olish quvonchini boshdan kechiradi hamda ushbu huquqiy maqom orqali beriladigan barcha imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanadi.

Umuman olganda, Murojaatnomaning mazmun-mohiyatiga tayangan holda shunday xulosa qilish mumkinki, so'nggi paytlardagi barcha qiyinchilik va sinovlarga qaramasdan, O'zbekiston mamlakatdagi islohotlar kun tartibini yanada rivojlantirishga qat'iy e'tibor qaratmoqda va bu boradagi sud-huquq islohotlari Harakatlar strategiyasining asosiy poydevori hisoblanadi. Prezident Murojaati kelgusida amalga oshiriladigan tub islohotlarning konseptual asosi bo'lib, mamlakatimizda hayotning barcha jabhalariga adolat va insonparvarlik tamoyilini singdirishga bo'lgan yuksak siyosiy irodaning yorqin dalilidir.


8
Похожие новости