• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

ISHLARNI NAZORAT TARTIBIDA KO'RISH INSTANSIYASI TUGATILIB, YANGI TARTIBLAR JORIY ETILDI

“Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 42-bandida sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta ko'rib chiqish institutini takomillashtirish belgilangan edi. Xususan, bu borada qabul qilinishi mo'ljallangan qonun loyihasida sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini qayta ko'rib chiqish tartibini ilg'or xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda takomillashtirish, fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellyatsiya va kassatsiya instantsiyalarini isloh qilish, nazorat tartibida ish yuritish institutini bekor qilish nazarda tutilgandi.  

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yilning 12 yanvar kuni “Sud qarorlarini qayta ko'rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonunni imzoladi. Qonun bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilib, ishlarni nazorat tartibida ko'rish instansiyasi tugatildi.

Shuningdek, investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarning iqtisodiy sudlarga taalluqli ekanligi belgilandi. Ishlar investitsiyaviy nizo bo'yicha yirik investorning, raqobatga oid ish bo'yicha taraflarning xohishiga ko'ra Oliy sud tomonidan ko'riladi.

Prokurorlarning barcha iqtisodiy sud majlislarida ishtirok etish huquqi bekor qilindi. Endilikda prokuror faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki prokurorning da'vo arizasi bilan qo'zg'atilgan ishlardagina ishtirok etishi mumkin.

Yana bir yangilik shundan iboratki, Biznes ombudsmanga hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berish huquqi taqdim etildi. Bundan tashqari, Oliy sud sudyasi kassatsiya shikoyati bo'yicha iqtisodiy suddan ishni talab qilib olishga haqli ekanligi belgilandi. Nazorat instansiyasi bekor bo'lgan bo'lsada, kassatsiya tartibida ko'rilgan ish takroran ko'rilishi mumkin.

Shuningdek, joriy yilning 12 yanvar kuni “Sud qarorlarini qayta ko'rish institutining takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham Prezident tomonidan imzolandi.

Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kiritilgan o'zgartish va qo'shimchalarga ko'ra, ma'muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar endilikda jinoyat ishlari bo'yicha sudlar tomonidan ko'riladi. Fuqarolar bundan buyon o'z hisobidan ma'muriy bayonnomaning ko'chirma nusxasini, shuningdek sud majlisining audio- yoki videoyozuvini olishga haqli.

Qonun bilan ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi qaror ustidan ma'muriy bayonnomani tuzgan organ tomonidan ham shikoyat berilishi mumkinligi belgilandi.

Shuningdek, ma'muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni nazorat tartibida ko'rish bekor qilinib, apellyatsiya instansiyasi joriy etildi.

Sud hujjatining noqonuniyligi, asoslantirilmaganligi bilan bir qatorda ularning adolatsizligi ham sud hujjatini kassatsiya tartibida o'zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo'lishi belgilandi.

Kassatsiya instansiyasi sudi ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishni Oliy sud raisi, Bosh prokuror yoki ularning o'rinbosarlari kiritgan protestga ko'ra kassatsiya tartibida takroran ko'radi.

Yuqoridagi Qonunlarning qabul qilinishi bilan “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturining 42-bandi ijrosi ta'minlandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.