• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

MUDOFAA SOHASIDA ERISHILAYOTGAN NATIJALAR AVVALO, HARAKATLAR STRATEGIYASI VA UNING ASOSIDA QABUL QILINAYOTGAN DAVLAT DASTURLARI IJROSINING MAHSULIDIR

Ona yurt tinchligi va osoyishtaligidan azizroq ne'mat bormi, bu dunyoda?! Uni muhofaza qilishdan ham ulug'vor jasoratchi? Yo'q, albatta.

Harbiylar, tom ma'noda ana shunday jasorat va matonat timsollaridir. Bu kasb insondan chinakam vatanparvarlikni, fidoyilikni, metin irodani talab etadi.

Harbiylar bugungi tinch-osoyishta, dorilomon, farovon hayotimizning kafolati. Ular bor ekan, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, sarhadlarimiz mustahkam. Shu bois ham harbiylik — mardlar kasbi deyiladi, Vatan himoyachilari doimo ulug'lanadi, sharaflanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo'llagan bayram tabrigida: “Biz bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan – o'zining muqaddas qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini yerda ham, ko'kda ham sharaf ila ado etayotgan yurtimizning zabardast o'g'lonlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz”, deya harbiylarimizning mehnati va jasoratini munosib e'tirof etdi.

Davlat rahbari o'z tabrigida Qurolli Kuchlar tizimida so'nggi to'rt yil ichida amalga oshirilgan keng ko'lamli ishlarga ham to'xtalib o'tdi.

Xususan, bundan to'rt yil oldin O'zbekistonda harbiy qurilish sohasini tubdan isloh qilish bo'yicha eng muhim va ustuvor yo'nalishlar belgilab olingani, shu asosda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish uchun keng ko'lamli ishlar amalga oshirayotgani alohida ta'kidlandi.

Darhaqiqat, o'tgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko'rib chiqildi, qo'shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, Milliy Armiyamizni zamonaviy qurol-yarog' va texnika vositalari bilan ta'minlash bo'yicha o'ta muhim loyihalar amalga oshirildi.

Davlat rahbari tariximizda birinchi marta o'z mohiyatiga ko'ra noyob tizim – harbiy-ma'muriy sektorlar tashkil etilgani haqida to'xtalib o'tar ekan, bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish uchun imkon berganini, eng muhimi, “Armiya va xalq – bir tanu bir jondir” degan ulug' g'oyani amalda ta'minlashga xizmat qilayotganini ta'kidladi.

O'zbekiston rahbari o'z tabrigida bu yilning mamlakatimiz uchun sinovli kelgani haqida ham to'xtalib o'tdi. Chindan ham, 2020 yil butun dunyo, xususan, O'zbekiston uchun ham sinovli yil bo'ldi. Koronavirus pandemiyasi yetmaganidek, Buxoroda yuz bergan tabiiy, Sirdaryoda sodir bo'lgan texnogen ofatlar xalqimiz matonatini sinovdan o'tkazdi, irodasini tobladi. Tabrikda mazkur ofatlarni bartaraf etishda hissa qo'shgan harbiylarning mehnati haqli ravishda e'tirof etildi.
 

Shunday murakkab vaziyatda ham Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etildi. Mintaqamizda yagona bo'lgan ushbu yangi akademiya harbiy tibbiyot sohasida, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etadigan yuqori malakali va ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e'tibor qaratimoqda. Harbiylar uchun yangi xonadonlarning topshirilayotgani, ularning oila a'zolari uchun qo'shimcha ravishda ko'plab yangi ish o'rinlari yaratilayotgani, 3 mingdan ziyod harbiy pensioner ishga joylashtirilgani, harbiy xizmatchilarning mingdan ortiq farzandlariga oliy o'quv yurtlarida ta'lim olishlari uchun davlat grantlari ajratilayotgani fikrimiz dalilidir.

O'rni kelganda aytish joizki, bugun mazkur sohada erishilayotgan natijalarda bundan qariyb to'rt yil avval Davlat rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi muhim asos bo'lmoqda. Boisi, Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yo'nalishidan aynan O'zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini muhofaza qilish, fuqarolik, millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni hamda davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar qudrati va salohiyatini oshirish bilan bog'liq muhim vazifalar o'rin olgan.

Shuni ta'kidlash kerakki, Harakatlar strategiyasi asosida har yili qabul qilinayotgan Davlat dasturlarida mudofaa tizimini isloh qilish bilan bog'liq ko'plab vazifalar belgilanmoqda hamda ularning ijrosi izchil ta'minlanyapti.

O'ylaymizki, 2021 yilda qabul qilinadigan Davlat dasturida ham mazkur sohada muhim vazifalar o'rin oladi, bu esa, o'z navbatida, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yana bir pog'onaga ko'tarishga xizmat qiladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.