
Bosh Qomusimizda davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida masʼul ekanligi, mamlakat fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egaligi, bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshirilishi tegishli moddalar asosida belgilab qo‘yilgan.
Davlat rahbari faoliyatining ilk kunlaridanoq, yuqoridagi kabi konstitutsiyaviy normalarni amalda keng tadbiq etib, 2017-yildan boshlab esa har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga va u orqali butun mamlakat aholisiga murojaat yo‘llash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bugun yurtimizda fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqidan to‘liq va hech qanday to‘siqlarsiz erkin foydalanish mexanizmini joriy etildi. Islohotlar tez va samarali amalga oshirilib, davlat organlari uchun ham, fuqarolar uchun ham, muxtasar aytganda, jamiyat uchun manfaatli bo‘lgan qarorlar qabul qilinmoqda.
Mamlakatimizda har bir yilga nom berish va shu orqali amalga oshiriladigan islohotlar dasturini belgilab olish yaxshi anʼanaga aylangan. 2021-yilning yurtimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanishi ertamiz egalari boʼlgan — unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodning komil inson bo‘lib voyaga yetishi uchun zamin yaratish bilan bir qatorda, aholi salomatligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.
Maʼlumki, yaqinda 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʼyildi.
Davlat dasturi loyihasi 5 ta yo‘nalishda 276-banddan iborat boʼlib, Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarida 19 ta, Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘ʼnalishlarida 17 ta, Iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida 113 ta, Ijtimoiy sohani rivojlantirishda 96 ta hamda Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni taʼminlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirishda 31 ta chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shu o‘rinda, davlat dasturi loyihasining Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, unda bir qator chora-tadbirlar qatorida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish belgilangan. Unga ko‘ra, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyatlari xodimlari malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari raislari tavsiyasiga asosan kotibiyat xodimlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘quv kurslarini tashkil qilish nazarda tutiladi.
Shu o‘rinda savol tugʼilishi tabiiy: mazkur vazifalarning davlat dasturida aks etishi hamda kelgusida uning ijrosi taʼminlanishi mahalliy Kengashlar deputatlari faoliyati samaradorligi oshishida nechog‘li ahamiyatga ega bo‘ladi?
Аvvalo, shuni taʼkidlash lozimki, bugungi kunda aholining siyosiy, huquqiy madaniyati ortib, ular davlat organlari bilan bir qatorda, o‘zlari saylagan deputatlar oldiga ham o‘tkir masalalarni qo‘ymoqda. O‘z navbatida, deputatlarning ham saylovchilari oldidagi masʼuliyati, kerak bo‘lsa, javobgarligi ham ortyapti. Deputatlar ham zimmalaridagi vazifalarini his qilishmoqda. Buni xalq vakillarining aholini o‘ylantirayotgan masalalarni ijobiy hal qilish borasidagi saʼy-haraktlarida, amaliy ishlari misolida ko‘ryapmiz, guvohi bo‘lyapmiz.
Аytish joizki, mahalliy Kengashlarda kotibiyatlarning tashkil etilib, ularda deputatlarning faoliyat yuritishi milliy davlatchilik tariximizdagi yangi institut hisoblanadi. Davlat dasturi loyihasidan Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari kotibiyatlari xodimlari malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan maqsad-vazifalarning o‘rin olishi kelgusida mahalliy Kengashlar ish hujjatlarining sifati, samaradorligi oshishiga, qolaversa, nazorat mexanizmlari kuchayishiga xizmat qiladi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bu bilan mamlakatda jamoatchilik nazorati yanada ortib davlat organi va jamoatchilikni bog‘lovchi ko‘prik mustahkamlanadi.
Аlbatta, bu tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadigan deputatlarning malakasini oshirish, ular uchun o‘quv kurslarining tashkil etilishi kotibiyat xodimlari uchun asqotishi shubhasiz.
Аvazbek XOLBEKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bo‘lim boshlig‘i