
Аyni kunlarda keng jamoatchilik va ekspertlar tomonidan 2021-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasi qizg‘in muhokama qilinmoqda. Unda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab olingan choralar hamda 2021-yil “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirish ko‘zda tutilgan vazifalar ustuvor ahamiyat kasb etgan.
Bugungi kunda rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ygan har qanday davlat uchun fuqarolar turmush farovonligini oshirish, aholi bandligini taʼminlashda iqtisodiy barqarorlikka erishish eng muhim vazifa sanaladi. Shu bois Davlat dasturi loyihasida iqtisodiy sohadagi islohotlarga katta ahamiyat qaratilgan. Jumladan, loyihada eʼlon qilingan 276 ta bandning 113 tasi aynan iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga qaratilgan.
Xususan, Davlat dasturi loyihasining iqtisodiy yo‘nalishida birinchi galdagi vazifa sifatida oziq-ovqat narxlarining oshib ketmasligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanmoqda. Bunda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, import bozorida monopoliyaning oldini olish, import tovarlarini olib kirishda raqobat sharoitlarini yaxshilash kabi vazifalar belgilangan. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, kafolatlangan zaxirani yaratish, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini shakllantirishda to‘liq kvota asosida sotib olish va ularni bozorga uzluksiz yetkazib berish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Davlat dasturi loyihasining iqtisodiy islohotlarga qaratilgan yo‘nalishida bugungi kunda aholi va keng jamoatchilik eʼtiroziga sabab boʼlayotgan byudjet mablag‘larining sarflanishi hamda davlat qarzi xarajatlarini shaffofligini taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Endilikda, vazirlik va idoralarga byudjetdan tashqari jamg‘armalarining daromad va harajatlari, davlat ulushiga ega bo‘lgan tashkilotlar xaridlari, davlat subsidiya va grantlariga oid maʼlumotlarni o‘z veb-saytlarida eʼlon qilib borish majburiyati yuklatilmoqda. Bu kabi ishlar samaradorligini o‘z vaqtida taʼminlash uchun esa maʼlumot bermagan tashkilotlar Hisob palatasi tomonidan jarimaga tortilish mexanizmi amaliyotga joriy qilinadi. Davlat qarzi to‘g‘risidagi maʼlumotlar esa har chorak yakuni bo‘yicha Oliy Majlis palatalariga kiritilib, Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi. Natijada keng jamoatchilik orasida byudjet mablag‘larining sarflanishiga oida salbiy fikrlar tug‘ilishining oldi olinib, fuqarolarning islohotlarga boʼlgan ishonchi ortishiga erishiladi.
Shuningdek, Davlat dasturi loyihasida “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida soliq maʼmurchiligini takomillashtirish borasida ham alohida vazifalar belgilanmoqda. Jumladan, soliq toʼlovchilarga xizmat koʼrsatishning yagona standartlarini ishlab chiqish va ko‘rsatiladigan xizmat turlarini kengaytirish, soliq organlari va soliq to‘lovchilar o‘rtasidagi biznes-protsesslarni takomillashtirish, soliqqa oid huquqbuzarlikka chora ko‘rishni bosqichma-bosqich avtomatlashtirish orqali soddalashtirish, “Soliq yuki kalkulyatori” interaktiv xizmat turini yaratish hamda “Soliq” mobil ilovasida o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar uchun umumrespublika banklararo protsessing markazi (Uzcard) bilan hamkorlikda qo‘shimcha imkoniyat va xizmatlar yaratish kabi chora-tadbirlar ko‘zda tutilmoqda. Bu kabi vazifalarning hayotga tadbiq etilishi natijasida yashirin iqtisodiyotning oldi olinib, soliq tushumlarining o‘z vaqtida byudjetga tushishiga erishiladi.
Bugungi kunda jamoatchilik tomonidan energetika, jumladan tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan bog‘liq ko‘plab muammoli masalalar ko‘tarilmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri esa bu mamlakatimizda mazkur sohada faoliyat olib borayotgan tashkilotlarning monopol tashkilot sifatida faoliyat ko‘rsatayotganidir. Natijada bu borada aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishda bir qator to‘siqlar yuzaga kelgan. Shularni hisobga olgan holda, bu yilgi davlat dastur loyihasida tabiiy gaz (yuridik shaxslarga) va suyultirilgan gazni bozor tamoyillari asosida sotish mexanizmini joriy etishga va elektr energiyasi hisobini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi kabi choralar mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada liberallashtirishga, jahon iqtisodiyoti bilan globallashuviga, O‘zbekistonning хalqaro mehnat taqsimotidagi ishtirokining yanada kengyishiga olib keladi. Jahon tajribasidan maʼlumki, mazkur jarayonlar mamlakat iqtisodiyotining zamonaviylashuviga va unga yangi innovatsion yangiliklarning kirib kelishiga sabab bo‘ladi.
Furqat YUNUSOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i