• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

SUDLАR FАOLIYATINI TАKOMILLАSHTIRISH BORАSIDАGI ISLOHOTLАR IZCHIL DАVOM ETTIRILАDI

2-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Oliy sud hamkorligida “Prezident Murojaatnomasi – yangi tarixiy o‘zgarishlarning boshlang‘ich nuqtasi” mavzuida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrda parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasining qonun ustuvorligini taʼminlash va huquqiy davlat barpo etish borasidagi asosiy g‘oyalari muhokamasiga bag‘ishlangan anjumanda Oliy sud, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, BMT Taraqqiyot dasturi, YeHXT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori va АQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ekspertlari ishtirok etishdi.

Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar Prezidentning Oliy Majlisga yo‘llagan har bir Murojaatnomasida sud hokimiyatining mustaqilligini amalda taʼminlash, odil sudlovga erishish darajasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelinayotgani alohida qayd etildi. Xususan, 2020-yil 29-dekabrdagi navbatdagi Murojaatnomada ham adolat davlatchilikning mustahkam poydevori ekani, qonun ustuvorligini taʼminlashda esa, sud hokimiyati hal qiluvchi o‘rin tutishi alohida taʼkidlandi.

Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoevning 2020-yil 24-iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi.

Yaʼni, inson huquqlari to‘la-to‘kis taʼminlanishi yo‘lida O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga sud qarorlarini qayta ko‘rish institutini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

“Davlat rahbari tomonidan “bir sud — bir instantsiya” tamoyilining ilgari surilishi sud qarorlarini qayta ko‘rish tizimida yillar davomida to‘planib qolgan muammolarning hal qilinishida ayni muddao bo‘ldi. Taʼbir joiz bo‘lsa, bu tamoyil ushbu tizimni tubdan takomillashtirishga zamin yaratdi. Bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartirildi. Xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratildi.

Bu kabi ishlar izchil davom ettirilishini taʼminlash maqsadida 2021-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasida ham sudlar faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq qator vazifalar belgilanmoqda. Xususan, sud boshqaruvchilari faoliyatini tubdan takomillashtirish, sud boshqaruvchilari talabgorlarini o‘qitish va ularning malakasini oshirishni tashkil etish, sud boshqaruvchisi attestatini davlat xizmatlari markazlari orqali berish bo‘yicha shaffof tizimni yaratish kabi vazifalar shular jumlasidandir” — deb taʼkidladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov.

Darhaqiqat, “Bir sud — bir instantsiya” tamoyilining ilgari surilishi fuqarolar va tadbirkorlarning sud idoralariga nisbatan ishonchi oshishiga, sud qarorlarining barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Endilikda jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy sudlar asosida yagona umumyurisdiktsiya sudlari faoliyat ko‘rsata boshladi. Bu o‘rinda viloyat darajasidagi 3 ta sud bitta sud sifatida birlashtirilishi xususida gap bormoqda.

Ushbu yangilik, albatta, aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratadi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning eʼtiroziga sabab bo‘layotgan, odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti bekor qilinadi.

Endilikda sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etildi. Bunda ishni to‘xtatish yoki tugatishga asos yetarli bo‘lsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, o‘zining yakuniy qarorini qabul qiladi.

Yana bir muhim yangilik — investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi. Endi yirik investorlar, o‘z xohishiga ko‘ra, nizoni hal qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin. Bu esa mamlakatimizda faoliyatini boshlash niyatida bo‘lgan xalqaro investorlarning ishonchi oshishiga hamda 2021-yilgi Davlat dasturida xalqaro investorlar bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalarning o‘z vaqtida hayotga tadbiq etilishiga zamin yaratadi.

Xulosa qilib aytganda sud tizimi sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi — jamiyatda adolat, qonun ustuvorligi, odil sudlovni taʼminlash, inson haq-huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni to‘laqonli mustahkamlashdan iborat.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Аxborot xizmati.