• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

2021 — YILGI DAVLAT DASTURINING IJROSI TAЪMINLANA BOSHLADI: MAS’ULLARNING FAOLIYATI “IJRO.GOV.UZ” TIZIMI ORQALI NAZORAT QILINADI

Joriy yilning 3-fevral kuni qabul qilingan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining birinchi — davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘limida dastur ijrosini ta'minlashga mas'ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish borasida bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Xususan, Davlat dasturining 8-bandida 2021-yil 1-martga qadar Adliya vazirligi qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish va majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar talablarini bajarmaslik, “Ijro.gov.uz” tizimiga zarur ma'lumotlarni kiritmaslik yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarini o‘z muddatida bajarmaslik yoki sifatsiz ijro etish holatlari bo‘yicha mansabdor shaxslarning mas'uliyatini oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarini mas'ullarga yetkazish, tushuntirish, amaliyotda qo‘llashga ko‘maklashish va hokimiyatlar bo‘linishi tamoyiliga qat'iy rioya qilingan holda nazorat qilish bo‘yicha Adliya vazirligi vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi.

Joriy yilning 10-fevral kuni ushbu chora-tadbirlar ijrosini ta'minlashga qaratilgan “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan “Ijro.gov.uz” tizimi orqali qonun hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etilishi belgilandi. Shuningdek, bu boradagi ishlar samaradorligini o‘z vaqtida ta'minlash maqsadida bir qator mutasaddi tashkilotlarga vazifalar yuklatilgan.

Xususan, Adliya vazirligi qonun hujjatlari va topshiriqlar o‘z vaqtida ijro etilishining “Ijro.gov.uz” tizimida nazoratini olib boradi va “Ijro.gov.uz” tizimini yuritadi. Shu bilan birga, vazirlik tizimda nazoratga olinadigan topshiriqlarni kiritadi, mazkur topshiriqlardan kelib chiqqan holda mas'ul ijrochilar va bajarish muddatlarini belgilaydi, ular tomonidan kiritilgan ma'lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, shuningdek, qonun hujjatlari va topshiriqlarda belgilangan ijro muddatlarini uzaytirish haqidagi takliflar asosliligini o‘rganadi. O‘rganish va tahlilar natijasi haqidagi ma'lumotlarni har oyda Prezident Administratsiyasi va Hukumatga kiritib boradi.

Tizimga zarur ma'lumotlarni o‘z vaqtida kiritmaslik yoki noto‘g‘ri ma'lumotlarni kiritish, bu borada Adliya vazirligi ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarmaslik intizomiy, ma'muriy va boshqa javobgarlik choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.

Farmon bilan yana bir qator vazirlik va idoralarga ham alohida vazifalar yuklatildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlari va topshiriqlar mas'ul ijrochilar tomonidan o‘z vaqtida ijro etilishining “Ijro.gov.uz” tizimida nazoratini olib boradi. Hisob palatasi tizimda mas'ul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi va hukumat tomonidan tekshirilgan ma'lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi hamda ularni nazoratdan yechadi.

Prezident Administratsiyasi qonun hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Zarurat bo‘lganda, nazoratdan yechilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni qayta nazoratga qo‘yadi, ularning ayrimlarini alohida nazoratga oladi.

Xulosa qilib aytganda, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro etilishini tashkil etish borasidagi faoliyat samaradorligini oshirish hamda davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini ta'minlashdagi mas'uliyatini kuchaytirishga qartilgan yaxlit tizim yaratiladi. Natijada, mamlakat taraqqiyoti hamda fuqarolar turmush tarzi farovonligini ta'minlashga qartilgan Davlat dasturi o‘z vaqtida malga oshiriladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati