• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

2021 YILGI DAVLAT DASTURINING YANA BIR BANDI IJROSI TA'MINLANDI: ZIYORAT VA ICHKI TURIZM TARAQQIY ETADI

Mamlakatimizda turizm iqtisodiyotning muhim strategik tarmog'i sifatida belgilangan. Jumladan, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi va uning doirasida har yili amalga oshirib kelinayotgan tegishli Davlat dasturlarida ham bu sohani rivojlantirish va erkinlashtirish, milliy turizm mahsulotlarini diversifikatsiyalash, sayyohlarni jalb qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Xususan, joriy yilgi “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 99-bandida ham ziyorat turizmi va ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan choralar belgilangan. Ana shu maqsadlarda salohiyatli ziyorat turizmi bozoriga ega mamlakatlardan muntazam aviaqatnovlarni yo'lga qo'yish, ayrim davlatlar uchun viza tizimini yanada soddalashtirish, targ'ibot tadbirlari uchun alohida mablag'lar ajratish, har yili turli festival va tanlovlarni o'tkazish va keng targ'ib qilish, targ'ibot ishlarining qo'shimcha moliyalashtirish manbalarini belgilash, nomavsumiy turizm davri uchun turli rag'batlantiruvchi tadbirlarni o'tkazish, madaniy meros ob'ektlarini va ziyoratgohlarni obodonlashtirish nazarda tutilgan.

2021 yil 9 fevralda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni bilan Davlat dasturining mazkur bandi ijrosi ta'minlandi.

Farmonga ko'ra, turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda solig'i stavkasini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirish, kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun O'zbekiston Respublikasida tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yo'l chiptalari bo'yicha xarajatlarini chipta narxining 30 foizi miqdorida qisman subsidiyalash, turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko'rsatuvchi sub'ektlar bo'yicha yuridik shaxslardan olinadigan yer solig'i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to'lashdan ozod qilish, ular tomonidan to'lanadigan ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida belgilash nazarda tutilmoqda.

Ta'kidlash lozimki, mazkur Farmon bilan ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va ustozlar bilan birgalikda sayohat qilishni nazarda tutuvchi besh ish kunidan kam bo'lmagan “oilaviy sayohat ta'tili” tizimi joriy qilinadi. Bu ta'til asosiy ta'til hisobidan taqdim etiladi va jamoaviy shartnomalarga muvofiq ish beruvchining roziligi bilan amalga oshiriladi.

Yana bir yangilik shundan iboratki, 2021 yil 1 martdan boshlab O'zbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan e'tiboran 10 kunlik muddatga o'z yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilgan Bahrayn Qirolligi, Qatar Davlati, Quvayt Davlati, Ummon Sultonligi va Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong va Makao maxsus ma'muriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilanadi.

Ushbu Farmonga muvofiq, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Avtomobil yo'llari qo'mitasi ikki oy muddatda turizm ob'ektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal va yo'l infratuzilmalarini yaxshilash, turizm infratuzilmasi va yondosh infratuzilmani qurish, rekonstruktsiya qilish, kengaytirish va modernizatsiya qilish ishlarini olib borish, madaniy-ko'ngilochar infratuzilmalarni rivojlantirish, madaniy meros ob'ektlarini restavratsiya, konservatsiya qilish hamda obodonlashtirish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish uchun 1 trillion so'm miqdoridagi mablag'larni O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi hisobidan teng ulushlarda ajratishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangan.

Bunda, Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida byudjetdan tashqari Qashqadaryo hududida turizmni rivojlantirish jamg'armasini tashkil etish va unga Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi mablag'lari hisobidan, istisno tariqasida, 200 milliard so'm ajratish va ushbu mablag'lar yo'naltiriladigan maqsadlar nazarda tutilgan.

Farmon bilan Qo'mita raisining amaldagi o'rinbosarlari soni doirasida ziyorat turizmini rivojlantirish bo'yicha rais o'rinbosari lavozimi joriy etiladi.

Yana shuni qayd etish kerakki, Farmonga muvofiq, qo'mita tashkiliy tuzilmasida 2021 yilda rejali qisqartirilishi kutilayotgan shtat birliklari hisobidan 9 ta shtat birligidan iborat Ziyorat turizmini rivojlantirish departamenti tashkil etiladi.

Mazkur Farmonda Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ziyorat turizmi yo'nalishida to'g'ri targ'ibotni yo'lga qo'yish va ziyorat ob'ektlari haqida ilmiy asoslangan ma'lumotlarni taqdim etish maqsadida, Ziyorat turizmini rivojlantirishni muvofiqlashtirish kengashi va uning faoliyatini tashkil etish yuzasidan Hukumat qarorini qabul qilishi belgilandi.

Ta'kidlash joiz, mazkur Farmonning qabul qilinishi hamda unda belgilangan maqsad-vazifalarning hayotga joriy etilishi kelgusida ziyorat turizmi va ichki turizmni yanada rivojlantirishda yana bir muhim qadamdir.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.