• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

BARQAROR RIVOJLANISH MAQSADLARINI AMALGA OSHIRISHDA PARLAMENTNING ROLI QANDAY BO‘LISHI KERAK?

Joriy yilning 24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, BMT Taraqqiyot Dasturining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy markazi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida “O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ni amalga oshirishda parlament rolini kuchaytirish” mavzusida seminar tashkil etildi.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, Senat va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalari raislari, Oliy Majlisning BRM bo‘yicha komissiyasi a'zolari, joylardagi senator va deputatlar, BMT Taraqqiyot Dasturi xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda Parlament va mahalliy Kengashlarning rolini yanada oshirish, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibi va Maqsadlar monitoringini olib borish va targ‘ib qilish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Jumladan, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlarning rolini oshirish bo‘yicha maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish to‘g‘risida muhim tashabbusni ilgari surganini alohida ta'kidlab, bugungi kunda O‘zbekistonda parlamentni isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

E'tirof etilganidek, hozirda ushbu rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqish yuzasidan sa'y-harakatlar boshlangan. Bu ishlar O‘zbekistonning xalqaro hamkorlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mazkur Barqaror rivojlanish maqsadlarining eng muhim yo‘nalishlari O‘zbekiston uchun dasturilamal vazifasini o‘taydi.

Shuningdek, 2020-yilda tashkil etilgan Parlament komissiyasining asosiy vazifalari BRMni qonun ijodkorligi jarayonlariga integratsiyalash va parlament nazorati samarali amalga oshirilishini ta'minlashdan iborat. Parlament komissiyasi a'zolari ishtirokida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Ixtiyoriy milliy sharhining birinchi loyihasi ishlab chiqilgan. O‘zbekiston uni barqaror rivojlanish bo‘yicha yuqori darajadagi siyosiy forumga taqdim etgan 49 ta mamlakat safidan birinchi marta joy oldi.

Tadbirda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi E. Gadoyev, Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi M. Xo‘jayevaning BRM kontseptsiyasining mazmun-mohiyati va Parlament palatalari tomonidan bu borada olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlari eshitildi.

Ushbu chora-tadbirlarni izchil va samarali amalga oshirish maqsadida seminar doirasida BMTTDning mintaqaviy vakolatxonasi xodimi Mixail Pelyax bilan suhbat bo‘lib o‘tdi.

Seminarda joriy yilda Barqaror rivojlanish doirasida 5 ta milliy maqsadning holatini o‘rganish, uning natijalari to‘g‘risida Hukumat a'zolarining axborotini eshitish, shuningdek, 4 ta maqsadni amalga oshirish bo‘yicha parlament so‘rovi loyihasini tayyorlash rejalashtirilgani ma'lum qilindi.

Qizg‘in bahs-munozalar, fikr mulohazalar, taklif-tavsiyalar asosida o‘tgan seminar yakunida Parlament a'zolari va ekspertlar tomonidan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlament rolini kuchaytirish borasidagi kelgusi chora-tadbirlar belgilab olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.