• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

2021 YILGI DAVLAT DASTURI AMALDA: QISHLOQ VA MAHALLALAR YANADA OBOD VA FAYZLI GO'SHAGA AYLANADI

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirishni izchil davom ettirish orqali hududlarning yo'l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob'ektlarini rivojlantirish va shu asosda aholining farovonligi hamda turmush darajasini yanada yuksaltirish maqsadida 2021 yilning 2 aprel kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident Qarori qabul qilindi.

Mazkur Qaror 2021 yil — “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 77-bandi ijrosini ta'minlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Mazkur bandda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida mahalla va qishloqlar qiyofasini tubdan o'zgartirish bilan bog'liq vazifalar belgilangan.

Qarorga muvofiq, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qishloqlar (mahallalar) ro'yxati  olis va tabiiy-iqlim sharoiti og'ir hududlarda joylashganligi;

Prezidentning Xalq qabulxonalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga aholi tomonidan yo'l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha ob'ektlari bo'yicha kelib tushgan murojaatlar soni;

aholi va tadbirkorlarda o'zlari istiqomat qilayotgan (joylashgan) qishloq (mahalla) hududini birgalikda obodonlashtirish yuzasidan tashabbuslarning mavjudligi;

“Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog'i” yoki “Turizm ovuli” maqomiga egaligi bilan bog'liq mezonlar asosida shakllantirilishi nazarda tutilgan.

Qarorda qayd etilganidek, qishloqlarda (mahallalarda) amalga oshiriladigan qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini hamda ularni moliyalashtirish uchun talab etiladigan mablag'larni tuman (shahar) hokimliklari mahalla fuqarolar yig'inlari raislari bilan birgalikda tegishli tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashlarida himoya qiladi, har bir qishloqni (mahallani) rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari tegishli qishloqdagi (mahalladagi) mavjud imkoniyatlar, aholining uzoq yillar davomida shakllangan salohiyati, tadbirkorlik muhiti va “o'sish nuqtalari” inobatga olingan holda belgilanadi.

Qarorga ko'ra, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, joylarda oqova suv xandaqlari va sanitariya inshootlarini barpo etish, elektr ta'minotini, jumladan, transformatorlar va nimstansiyalar holatini yaxshilash, aloqa va axborotlashtirish tizimini modernizatsiya qilish, aholiga gaz yoqilg'isi uzluksiz yetkazib berilishini tashkil etish, ichki avtomobil yo'llari, piyodalar yo'laklari, transport to'xtash bekatlari va boshqa yo'l infratuzilmasini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash, yo'lbo'ylarini obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish, qishloq va suv xo'jaligi infratuzilmasini rivojlantirish, irrigatsiya tizimlarini barpo etish, sizot suvlar sathini pasaytirish, ariqlarni tozalash va foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni foydalanishga kiritish, ijtimoiy soha ob'ektlari, jumladan, maktabgacha ta'lim tashkilotlari, umumiy o'rta ta'lim maktablari, sog'liqni saqlash muassasalari, shuningdek, turizm ob'ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash bilan bog'liq tadbirlar amalga oshiriladi.

Yana shuni ta'kidlash lozimki, Qarorda ijtimoiy soha, ichimlik suvi ta'minoti, oqova suv tizimi hamda yo'l-transport infratuzilmasi ob'ektlari uchun ajratiladigan mablag'lar tegishincha Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg'armalari orqali moliyalashtirilishi, elektr energiyasi, tabiiy gaz va telekommunikatsiya tarmoqlarini qurish-ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish tegishincha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta'minot” AJ, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining o'z mablag'lari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Dasturlar doirasida amalga oshiriladigan qurilish-ta'mirlash ishlari bo'yicha buyurtmachilar etib:

ichimlik suvi ta'minoti ob'ektlari (ijtimoiy sheriklik loyihalari bundan mustasno) bo'yicha – “Suv ta'minoti va oqova suv ob'ektlari qurilishi bo'yicha injiniring kompaniyasi” unitar korxonasi, sohadagi ijtimoiy sheriklik loyihalari bo'yicha – Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi;

ichki avtomobil yo'llari (Toshkent shahri ko'chalari bundan mustasno) bo'yicha – Avtomobil yo'llari qo'mitasi huzuridagi “Mintaqaviy yo'llarga buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi, Toshkent shahri ko'chalari bo'yicha – Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi;

elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlari bo'yicha – tegishincha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta'minot” AJ, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari hududiy filiallari;

ijtimoiy soha ob'ektlari va markazlashgan mablag'lar hisobidan amalga oshiriladigan boshqa ob'ektlar bo'yicha – Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari hamda vazirlik va idoralar huzuridagi buyurtmachi tashkilotlar belgilandi.

Shuningdek, Qarorda ichki yo'llarga qum-shag'al aralashmasini yotqizish bilan bog'liq ishlarni bajarish to'g'risida tuziladigan shartnomalarda 30 foiz miqdorida oldindan to'lovni amalga oshirish, dasturlar bilan qamrab olingan hududlardagi gaz iste'molchilariga elektron gaz hisoblagichlarini o'rnatish hamda ushbu iste'molchilarni tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga ulashni navbatsiz amalga oshirish bilan bog'liq vazifalar ham o'rin olgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.