• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

2021 YILGI DAVLAT DASTURI AMALDA: 18 TURDAGI XALQARO IMTIHON TIZIMI BO'YICHA YUQORI BALL (DARAJA) OLGAN YOSHLARGA XARAJATLARI TO'LIQ QOPLAB BERILADI

“Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 159-bandida Xalqaro ta'lim dasturlari (imtihonlar) bo'yicha eng yuqori ball to'plagan iqtidorli yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to'liq qoplab berish tartibini yo'lga qo'yish bilan bog'liq vazifalar belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yilning 13 aprel kuni qabul qilingan “Xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha yuqori ball (daraja) to'plagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to'liq qoplab berish tartibini joriy etish to'g'risida”gi Qarori bilan Davlat dasturining mazkur bandi ijrosi ta'minlandi.

Mazkur Qarorga muvofiq, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 18 turdagi xalqaro imtihon tizimi bo'yicha yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari to'liq qoplab beriladi.

Ya'ni 5 turdagi — IELTS, TOEFL, GRE, GMAT, SAT xalqaro imtihon tizimlaridan yuqori ball olganlarga 2021 yil 1 maydan boshlab imtihon topshirish xarajatlari qoplab beriladi.

Ingliz, nemis, fransuz, ispan, italyan, turk, koreys, yapon, xitoy, arab, rus kabi xorijiy tillar bo'yicha imtihonlarda eng yuqori ball to'plaganlarga imtihon topshirish xarajatlari 2022 yil 1 yanvardan boshlab qoplab beriladi.

Mazur Qarorda imtihon topshirish xarajatlari kompensatsiya qilinishi uchun to'planishi lozim bo'lgan yuqori ballning (darajaning) minimal ko'rsatkichi berilgan. Misol uchun, IELTS xalqaro imtihon tizimida eng yuqori ko'rsatkich 9 daraja bo'lsa, imtihon topshirish xarajatlari to'liq qoplab berilishi uchun imtihon topshiruvchi kamida 7 darajani qayd etishi lozim.

Qarorga ko'ra, imtihon bo'yicha yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to'liq qoplab berish bo'yicha davlat xizmati quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

— davlat xizmatlari markazlari ariza beruvchi kelib murojaat etganda uning nomidan so'rovnomani to'ldirib, Yoshlar ishlari agentligiga yuboradi;

—    Yoshlar ishlari agentligi maxsus sertifikatni verifikatsiyadan o'tkazadi yoki maxsus sertifikatning haqiqiyligini mas'ul vakolatli xorijiy tashkilot orqali tasdiqlatib oladi. Haqiqiyligi tasdiqlangan maxsus sertifikat egasi bo'lgan ariza beruvchilarning elektron reyestrini shakllantiradi, ushbu elektron reyestrni va unga muvofiq, kompensatsiya mablag'larini O'zbekiston Respublikasi aktsiyadorlik tijorat Xalq bankining hisobvarag'iga o'tkazadi va xizmat natijasi bo'yicha ariza beruvchiga SMS xabar yuboradi;

— Xalq banki filiali ariza beruvchining kompensatsiya pulini olishga bo'lgan huquqini tasdiqlagan holda uning xohishiga ko'ra ushbu kompensatsiyaning naqd yoki naqd pulsiz shaklda to'lanishini amalga oshiradi.

— ariza beruvchiga SMS xabar yuborish bilan bog'liq xarajatlar Yoshlar ishlari agentligi mablag'lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag'lar hisobidan qoplanadi.

— Davlat xizmatlari markazlari, Yoshlar ishlari agentligi va Xalq banki o'rtasidagi elektron davlat xizmatlarini ko'rsatish doirasida axborot almashinuvi Elektron hukumatning idoralararo ma'lumotlar uzatish tarmog'i orqali amalga oshiriladi.

Muxtasar aytganda, mazkur Qaror xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha yuqori ball (daraja) to'plagan yoshlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.