• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“TASHKENT LAW SPRING” II XALQARO HUQUQIY FORUMIDA HUQUQ SOHASIGA RAQAMLI TEXNOLOGIYALARNI JORIY QILISH MASALASI MUHOKAMA QILINDI

Joriy yilning 22-23-aprel kunlari “Tashkent Law Spring” II Xalqaro huquqiy forumi o‘tkazildi. Forum doirasida 23-aprel kuni Toshkent shahrida “Siyosatni amalga oshirish” (Policy implementation) mavzusida onlayn taqdimot shaklidagi munozara sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hammoderatorligida bo‘lib o‘tgan sessiyada Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kotibiyatining Yevroosiyo bo‘limi boshlig‘i Uilyam Tompson, Xalqaro yuristlar assotsiatsiyasi bosh kotibi Klaudio Visko,  World Justice Projectning bosh ilmiy xodimi (AQSh) D-r Alexandro Ponse, Germaniyaning Kiyel universiteti Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi direktori professor Aleksandr Trank, Jahon banki davlat sektorini boshqarish bo‘yicha bosh mutaxassisi Valid Malik hamda Massachusets texnologiyalar instituti professori Daron Ajemoglu ma'ruzaga chiqib, yaqin kelajakda huquq sohasiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va uni rivojlantirish istiqbollari, siyosatni ishlab chiqish uni amalga oshirishdagi dolzarb vazifalar bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Xususan, Uilyam Tompson o‘z ma'ruzasida Markaziy Osiyoda biznes uchun huquqiy muhitni yaxshilash, islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, siyosatni amalga oshirishda muammolarni hal qilish hamda mahalliy biznes uchun izchil huquqiy muhitni ta'minlashga oid bir qator fikr va takliflarni bildirib o‘tdi.

Sessiyada fuqarolik jamiyati tashkilotlarining ommaviy va professional siyosatni rivojlantirishdagi o‘rni va ahamiyatini oshirishga ham alohida e'tibor qaratildi.

Jumladan, Klaudio Visko o‘z ma'ruzasida ularni amalga oshirishni baholashning bir nechta maqsadlari, baholashda kuzatiladigan standart jarayon, baholashdagi muammolar va uning yechimlari, fuqarolik jamiyatlari tashkilotlarining siyosatni amalga oshirishda taklif va e'tirozlarini hisobga olish haqidagi o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildi.

Shuningdek, sessiya davomida ishtirokchilar Aleksandr Trankning “Siyosatni amalga oshirish” — Germaniya va Yevropa Ittifoqidagi yondashuvlar haqida ba'zi eslatmalar mavzusidagi ma'ruzasini tinglashdi hamda Germaniya va Yevropa Ittifoqi misolida qonun loyihalarini ishlab chiqish, qonun ijodkorligi va qonun hujjatlarini qo‘llash bosqichlari haqida zarur ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.

Sessiya yakunida kun tartibida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga xorijiy ekspertlar tomonidan batafsil javoblar berildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.