• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

JAHON BANKINING O‘ZBEKISTON BO‘YICHA MAMLAKAT TIZIMLI DIAGNOSTIKASI MUHOKAMA QILINDI

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Jahon banki tomonidan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda mamlakatimizdagi Oliy ta'lim muassasalari ishtirokida O‘zbekiston bo‘yicha mamlakat tizimli diagnostikasi (Systematic Country Diagnostic - SCD) tadqiqotlari doirasida onlayn konsulьtatsiya shaklida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbati avvalida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Umid Abidxodjayevlar so‘z olib, Jahon banki O‘zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgani, xususan, har xil turdagi loyihalarni amalga oshirish orqali ham moliyaviy, ham ekspertlik yordamini ko‘rsatib kelayotganiga alohida to‘xtalib o‘tishdi.

- Mamlakat tizimli diagnostikasi tadqiqotlari bu Jahon bankining qashshoqlikni bartaraf etish va umumiy farovonlikni oshirish uchun mamlakatdagi asosiy muammolar va imkoniyatlarni aniqlaydigan yetakchi hisobot bo‘lib, Jahon banki mamlakatlar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda foydalanadigan asosiy ma'lumotnoma hisoblanadi.

Bugungi tadbirda mazkur tadqiqot doirasida kelgusi besh yil davomida O‘zbekistonni rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari haqidagi fikr mulohazalar muhokama qilinib, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqish nazarda tutilgan, — deya ta'kidladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov.

O‘zbekiston bo‘yicha mamlakat tizimli diagnostikasi oxirgi marta 2016-yilda, ya'ni Harakatlar strategiyasiga muvofiq hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy o‘zgarishlar boshlangunga qadar amalga oshirilgan edi. Ayni paytda Jahon banki O‘zbekiston bo‘yicha navbatdagi mamlakat tizimli diagnostikasi bo‘yicha ishlarni amalga oshirmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston bo‘yicha kelgusi besh yilga mo‘ljallab ishlab chiqilayotgan mamlakat tizimli diagnostikasi O‘zbekistonning to‘rtta asosiy imkoniyatlari atrofida amalga oshirilmoqda. Xususan, faol va keng qamrovli (inklyuziv) xususiy sektorni rivojlantirish, samarali va hisobdor bo‘lgan davlat institutlarini barpo etish, odamlarga va inson kapitaliga sarmoya kiritish hamda yashil, barqaror va hayotchan iqtisodiyotga o‘tish kabilardir.

Mamlakat tizimli diagnostikasini ishlab chiqishda barcha manfaatdor tomonlar, jumladan, vazirliklar, Oliy ta'lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa hamkorlar ishtirokida muhokamalarning o‘tkazilishidan ko‘zlangan maqsad — kelgusi besh yil ichida yuqorida ta'kidlab o‘tilgan to‘rt yo‘nalishning har biri bo‘yicha O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan vazifalarni belgilab olishdan iboratdir.

Shu bois, ayni kunlarda mamlakat tizimli diagnostikasi tadqiqotlari doirasidagi onlayn konsulьtatsiyalar tegishli vazirlik va idoralar vakillari bilan hamkorlikda davom ettirilmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati.