• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

HUQUQIY ISLOHOTLARGA BAG‘ISHLANGAN MILLIY KONFERENTSIYAGA START BERILDI

Bugun Toshkent shahrida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamkorligida “Huquqiy islohotlarni amalga oshirishda davlat va fuqarolik jamiyati tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik” mavzusidagi ikki kunlik milliy konferentsiya ishiga start berildi.

O‘zbekistonda davlat va jamiyat boshqaruvida, qonun ustuvorligini ta'minlashda hukumat va fuqarolik jamiyati tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha tajriba almashish va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan mazkur tadbirda parlament, davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining ekspert-mutaxassislari hamda OAV vakillari ishtirok etishmoqda.

Konferentsiyani “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ochdi va olib bordi.

— Mazkur tadbir mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat sektor faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari safini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda bu institutning qonun ijodkorligi hamda davlat va jamiyat boshqaruvi jarayonidagi ishtirokini faollashtirishga qaratilgan milliy qonunchilik va qonunchilik tashabbuslarini muhokama qilishda muhim platforma sifatida xizmat qiladi, — dedi jumladan Eldor Tulyakov. — Shuningdek, ushbu ikki kunlik tadbirda biz fuqarolik jamiyati tashkilotlarining ijtimoiy sheriklik, jamoatchilik nazorati va volontyorlik sohalarida yanada keng qatnashishiga qaratilgan yondashuvlarni hamkorlikda ishlab chiqishni ustuvor maqsad sifatida belgilaganmiz.

Anjumanning ochilish marosimida, shuningdek, USAIDning O‘zbekistondagi ofisi mas'uli Deyna Bigan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Shuhrat Bafayev, Oliy Majlis Senati a'zosi Manzura Salimova, Adliya vazirligining Nodavlat notijorat tashkilotlar boshqarmasi boshlig'i Avazbek Madaminov va boshqalar ham ishtirok etib, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining islohotlar jarayonidagi o‘rni va roli, xususan, ularning qonun ijodkorligida ishtirok etish imkoniyatlari, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda davlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni o‘rnatish va boshqa masalalar bo‘yicha o‘z mulohazalarini bayon etishdi.

Milliy konferentsiya o‘z ishini plenar yig‘ilish shaklida davom ettirmoqda. Unda “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasining asosiy yo‘nalishlari”, “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun qulay huquqiy muhitni shakllantirishda qonunchilik va qonunchilik tashabbuslarining o‘rni”, “Fuqarolik jamiyati institutlarining qonun ijodkorligida ishtirok etish imkoniyatlari”, “Huquqiy islohotlarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va davlat tashkilotlarining hamkorligi” va boshqa qator mavzularda taqdimotlar o‘tkazilib, fikr-mulohazalar tinglanadi, bahs-munozaralar uyushtiriladi.

Ertaga – konferentsiyaning ikkinchi kunida esa, Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalarining taqdimoti o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati