• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

HARAKATLAR STRATEGIYASI – IQTISODIY TARAQQIYOT KAFOLATI

Joriy yilning 26-27-may kunlari “O‘zbekiston Respublikasi Harakatlar strategiyasi: makroiqtisodiy barqarorlik, investitsion faollik va innovatsion rivojlanish istiqbollari” mavzusida IV an'anaviy xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferentsiya bo‘lib o‘tishi nazarda tutilgan edi.

Bugun ushbu nufuzli xalqaro anjuman Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘z ishini boshladi.

Mazkur tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Bandlik va mehnat munosabatlari, Innovatsion rivojlanish vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Jahon banki, Konrad Adenauer (Germaniya) jamg‘armasi kabi qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Unda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi, shuningdek, AQSh, Germaniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Malayziya, Chexiya, Polьsha, Bolgariya, Yangi Zelandiya va Qozog‘iston kabi davlatlarning nufuzli universitetlari rahbarlari, olimlar, mutaxassis va ekspertlar ishtirok etishmoqda.

Konferentsiyada so‘z olganlar O‘zbekistonda ro‘y berayotgan ustuvor iqtisodiy va siyosiy islohotlarni o‘zida mujassamlagan Dastur – Harakatlar strategiyasi doirasida yangi O‘zbekistonda o‘tgan to‘rt yil mobaynida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tishdi.

O‘z navbatida, har yili an'anaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro anjuman milliy va xalqaro ekspertlarning o‘zaro tajriba almashish maydoniga aylangani ta'kidlandi. Shuningdek, Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan har yilgi Davlat dasturlarining tahlili jarayonida to'plangan tajriba navbatdagi strategik kontseptsiyalarni hayotga joriy etishda muhim va dolzarb ahamiyat kasb etishi e'tirof etildi.

Xalqaro konferentsiyani tashkil etishdan ko‘zlangan ustuvor maqsad – tadbir doirasida shakllantirilgan sektsiyalar bo‘yicha ilmiy-nazariy hamda amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Xususan, Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar sarhisobi, istiqboldagi strategik yo‘nalishlar bo‘yicha iqtisodchi olimlar, tadqiqotchilar, yetuk amaliyotchi xodimlar va xalqaro ekspertlar munosabatlarini umumlashtirishdir.

Anjumanni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida yetakchi “Aql markazi” hisoblangan “Taraqqiyot strategiyasi” markazining tajribasiga tayanilmoqda.

Eldor Tulyakov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori:

– Mazkur xalqaro anjuman Harakatlar strategiyasining uchinchi ustuvor yo‘nalishi – Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, makroiqtisodiy barqarorlik, investitsion faollik va innovatsion rivojlanish istiqbollari mavzusiga bag‘ishlangani bilan ham alohida ahamiyatga molik.

Boisi, jadal rivojlanayotgan dunyoga, jumladan, O‘zbekistonga ham printsipial jihatdan yangi iqtisodiy siyosat, barcha yo‘nalishlarda katta o‘zgarishlar uchun yangi imkoniyatlar topishga qaratilgan faol iqtisodiy islohotlar zarur.

Shu ma'noda, Harakatlar strategiyasi mana to‘rt yildirki, mamlakatda davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish, inson huquq va manfaatlarini ta'minlash va himoyalash, eng asosiysi, xalqni rozi qilish va aholining farovon turmushini ta'minlash yo‘lida muhim o‘rin tutib kelmoqda.

Harakatlar strategiyasi bilan o‘tgan to‘rt yil ichida O‘zbekistonning rivojlangan davlatlar va xalqaro moliya institutlari bilan munosabatlardagi yondashuvi o‘zgartirilib, olib borilayotgan makroiqtisodiy, jumladan, pul-kredit siyosati va bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning ochiqligi va shaffofligi yo‘lga qo‘yildi.

Natijada, xalqaro hamjamiyat, xalqaro tashkilot va moliyaviy institutlar tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar e'tirof etildi. Xususan, 2020-yilda O‘zbekiston Open Data Inventory (ODIN) — Ochiq ma'lumotlar reytingida jahon bo‘yicha 44-o‘rinni, Markaziy Osiyo miqyosida 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, mamlakat dunyoning boshqa nufuzli reytinglarida ham yuqorilab borayotganini kuzatish mumkin.

Umuman, keyingi vaqtlarda O‘zbekiston o‘z iqtisodiy siyosatida xalqaro xamkorlikni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, valyutani va tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish, bank, moliya va soliq tizimini tubdan isloh qilish masalalariga jiddiy e'tibor qaratayotganini alohida ta'kidlash kerak.

O‘ylaymanki, bugungi xalqaro anjumanda muhokama qilinadigan qator dolzarb masalalar ham mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti yo‘lida o‘ziga xos o‘rin tutadi.

Konferentsiyada quyidagi sho‘balar kesimida 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan islohotlarning natijalari sarhisobi va istiqbolli yo‘nalishlardagi islohotlarning dolzarb masalalari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan:

– O‘zbekiston Respublkasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi: makroiqtisodiy barqarorlik va izchil iqtisodiy o‘sishni yanada mustahkamlashga qaratilgan islohotlar, erishilgan yutuqlar sarhisobi hamda istiqboldagi taraqqiyot odimlari;

– Tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, real sektor tarmoqlarining ishlab chiqarish salohiyatini oshirish asosida hududlarni barqaror rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash chora-tadbirlari;

Qulay investitsion muhitni shakllantirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy integratsiya, infratuzilma va transport koridorlarini kengaytirish yo‘nalishlari;

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta'minlash, mehnat migrantlarini har tomonlama muhofaza qilish va munosib ish o‘rinlarini yaratishning dolzarb masalalari.

Konferentsiya yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotini istiqbolda rivojlantirishda ilmiy va amaliy ahamiyatga molik taklif-tavsiyalar ishlab chiqiladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.