• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGI: MAVJUD MUAMMOLAR VA RIVOJLANISH ISTIQBOLLARI

Joriy yilning 10-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, BMTning Taraqqiyot dasturi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida “Oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, ovqatlanish ratsionini yaxshilash hamda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.

Onlayn shaklida tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi xodimlari, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi tashkiloti (FAO)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakillari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat tashkilotlarning mas'ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Anjumanda BMT Bosh Assambleyasining 2015-yil 25-sentyabrdagi 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi rezolyutsiyasi va ushbu hujjatda aks etgan 17 ta maqsad va vazifalar yuzasidan fikr mulohazalar bildirildi.

Xususan, BRMning ikkinchi maqsadi – oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, ovqatlanish ratsionini yaxshilash hamda agrar sohani barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish yuzasidan O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar tahlil etildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, yer va suv munosabatlarini yaxshilash, agrobiznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, kooperatsiya rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, bozor mexanizmlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan agrar islohotlar, shuningdek, ilmiy yutuqlardan samarali foydalanish va kadrlar salohiyatini yaxshilash ishlari aniq chora-tadbirlarga asoslangan holda amalga oshirilmoqda.

Davra suhbatida so‘z olgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov 2017-yilda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi doirasida O'zbekistonda barqaror rivojlanish bo'yicha global maqsad va vazifalarni amalga oshirish borasida olib borilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi:

— E'tirof etish kerak, so'nggi yillarda O‘zbekistonda qishloq xo'jaligi sohasini modernizatsiya qilish maqsadida davlat byudjeti, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan qiymati 1,2 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Har bir hududda zamonaviy agroxizmat markazlarini tashkil etish uchun Jahon bankining 500 million dollarlik mablag‘i jalb qilindi.

O‘z navbatida, Barqaror rivojlanish bo‘yicha global maqsad va vazifalar O‘zbekistonda 2017-yilda qabul qilingan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining maqsad-vazifalari bilan to‘liq hamohang ekanini aytib o‘tish kerak.

Shundan kelib chiqib, so'nggi yillarda O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash masalasiga davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralib, Prezidentning “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi kabi qator farmon va qarorlari qabul qilindi.

Yana bir diqqatga sazovor jihati shundaki, O‘zbekiston uchun qishloq xo‘jaligida klaster uslubini qo‘llash ilk qadam bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligiga klasterlarni joriy etish 2018-yilda qabul qilindi. Klasterlarni joriy qilish qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining har xil turlari uchun qayta ishlash va logistika markazlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Ayni vaqtda mamlakatda paxta, ipakchilik, meva-sabzavot mahsulotlari, go‘sht va baliq ishlab chiqarish va qayta ishlash klasterlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Xalqaro forumda so‘z olganlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasining asosiy yo‘nalishlari ham Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘un ekani qayd etildi. Mazkur Strategiyaning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligining raqobatdoshligini oshirish, islohotlarni chuqurlashtirish orqali davlat siyosatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan. Ya'ni, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, qulay agrosanoat iqlimi va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, sohani boshqarishda davlat rolini kamaytirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni ta'minlash, davlat boshqaruvining zamonaviy tizimini rivojlantirish va boshqa strategik ustuvor vazifalar qamrab olingan.

Forum yakunida muhokama qilingan mavzular yuzasidan bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilarning javoblari tinglandi. O‘z navbatida, oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanish sohasidagi siyosatga tizimli yondashuv, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini barqaror ishlab chiqarish, ushbu sohaga investitsiyalarni jalb qilish, mavjud muammolar yechimi va sohani rivojlantirish istiqbollari yuzasidan taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati