• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

JAMOATCHILIK ESHITUVIDA FARG‘ONA VILOYATIDAGI IJRO INTIZOMI MUHOKAMA QILINDI

 

Joriy yilning 2-iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar va tashrif bayonlaridagi topshiriqlar ijrosini o‘rganish natijasiga bag‘ishlangan navbatdagi jamoatchilik eshituvini o‘tkazdi.

Markaz ekspert-mutaxassislari, huquqshunoslar, Adliya vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi mas’ullari, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etgan jamoatchilik eshituvida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar natijasi tanqidiy tahlil qilindi.

Ta’kidlanganidek, viloyatning 12 ta tuman va shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 13 ta farmoni va 33 ta qarori, shuningdek 5 ta bayonidagi Farg‘ona viloyatiga oid topshiriq va vazifalarning ijro holati o‘rganildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash borasida erishilgan natijalar bilan birga, hal etilishi zarur bo‘lgan muammolarning ham mavjudligi, mutasaddilarning e'tiborsizligi tufayli ayrim topshiriqlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilmagani dolzarb masalalarga tezkor va samarali yechim topilmagani qayd etildi. Xususan, o‘rganish jarayonlarida viloyatda suv tejovchi texnologiyalar yetarli darajada joriy etilmagani, xorijiy kredit mablag‘larini o‘zlashtirish darajasi pastligi, raqamlashtirish ishlari qoniqarsiz ahvoldaligi hamda aholi bandligini ta’minlash yetarlicha nazoratga olinmagani aniqlandi.

Shuningdek, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida joylashtirilgan 2017-2021-yillarda Farg‘ona viloyatiga taalluqli bo‘lgan 5 207 ta topshiriqning 3 643 tasi (69%) o‘z muddatida bajarilgan bo‘lsa, 955 tasi (18%)ning muddati o‘tib ketganidan so‘ng ijro etilgan. Bugungi kunda 1 575 ta topshiriq bajarilish jarayonida bo‘lsa, 16 tasining ijrosi esa o‘z vaqtida ta’minlanmagan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-5-fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida va Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida bergan topshiriqlari bo‘yicha 7-son majlis bayonining 3-bandida viloyatning “Shodiyona” mahallasi misolida Farg‘ona shahridagi barcha mahallalar qiyofasini yangilash, ko‘chalarini ta'mirlash, hududini obodonlashtirish va infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan zarur choralarni ko‘rish vazifasi yuklatilgan.

Biroq, bu topshiriq shahardagi mavjud 72 ta mahallaning 22 tasidagina bajarilgan, xolos.

Majlis bayonidagi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Farg‘ona viloyati hokimligi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birga bir oy muddatda mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha “raqamli mahalla” yangi tizimini yaratish vazifasi ham to‘liq ijrosini topmagan, ya'ni idoralararo elektron hujjat almashinuv platformasi yo‘lga qo‘yish va uni integratsiya qilish masalasi ham hanuzgacha hal etilmagan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari ijrosi doirasida qishloq xo‘jaligi va yer munosabatlari sohasida ham bir qator sustkashliklar aniqlangan. Jumladan, pilla rejasini bajargan ishsiz, kam ta'minlangan oilalarga 12 million 622 ming so‘m miqdordagi to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan. Tomorqa yer egalariga “On-line” tarzda yetarlicha kreditlar, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan talabgorlarga esa subsidiyalar ajratilmagan, Auktsionga chiqarilgan yer uchastkalari qonunchilikka zid ravishda chaqirib olingan.

Misol uchun, 2020-yilda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash tizimini takomillashtirish yo'nalishida 2020-yil 1-apreldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Farg‘ona va Oltiariq tumanlarida jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun shaffof va ochiq tanlov o‘tkazish orqali ajratish mexanizmini joriy etish belgilangan bo‘lsada, mazkur mexanizm hanuzgacha ushbu tumanlarda joriy qilinmagan.

Shu bilan birga, viloyatda sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi bilan bog‘liq bir qator topshiriqlar ijrosi ham o‘z muddatida ta’minlanmagan. Xususan, 2021-yil mart oyiga qadar viloyat umumta’lim maktablari o‘quvchilari davomatini nazorat qilishning Yagona elektron apparat dasturiy kompleksini joriy qilish viloyatdagi jami 948 ta maktabning bor yo‘g‘i 14 tasida (1,4 %) joriy etilgan, xolos. Xuddi shuningdek, viloyatdagi 284 ta tibbiyot muassasasining faqatgina 47 tasi (16,5 %), shu jumladan, jami 19 ta tuman va shahardan 8 tasi “Elektron poliklinika” yagona tizimiga ulangani asosli e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Jamoatchilik eshituvida mutasaddilarning yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan izohlari tinglandi, jurnalistlar va blogerlar tomonidan berilgan savollarga javoblar olinib, ijro intizomini ta'minlash yuzasidan taklif-tavsiyalar berildi.

Tadbir yakunida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida belgilab berilgan topshiriqlaring o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha bugungidek jamoatchilik eshituvlarini muntazam tashkil etib borish joylarda islohotlarni sifatli amalga oshirilishini nazorat imkonini berishi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati