• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

“TARAQQIYOT STRATEGIYASI” MARKAZI DELEGATSIYASI TURKIYADA NUFUZLI “AQL MARKAZLARI” BILAN MUZOKARALAR OLIB BORMOQDA


Ayni kunlarda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Turkiya Respublikasida bo‘lib turibdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad – Turkiyaning bir qator nufuzli “Aql markazlari”, ijtimoiy-iqtisodiy tahlil va tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari va boshqa tashkilotlar vakillari bilan amaliy muloqotlar o‘tkazish, ular bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda birgalikda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borishdan iboratdir.

Joriy yilning 6-iyul kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov rahbarligidagi delegatsiya a'zolarini butun dunyoda o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lgan Turkiya Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi (SETA) rahbari – bosh koordinatori Burxanettin Duran tashkilotning Istanbul shahridagi bosh qarorgohida qabul qildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozim, SETA – milliy, mintaqaviy va xalqaro muammolarni innovatsion tadqiq etib boruvchi nufuzli notijorat tadqiqot instituti hisoblanadi. Mazkur jamg‘arma faoliyatining asosiy maqsadi zamonaviy siyosiy va iqtisodiy tendentsiyalarni tahlil qilishdan iborat. Jamg‘arma xalqaro muloqot forumini taqdim etish bilan bir qatorda, tadqiqot hisobotlari, nashrlar, aqliy hujumlar, konferentsiyalar va siyosiy tavsiyalar orqali siyosiy yetakchilarning faoliyatiga tuzatishlar kiritishga ham harakat qiladi. Shuningdek, SETAning asosiy vazifasi davlat apparati va xususiy sektorda qaror qabul qiluvchilar uchun e’tiborga molik, ishonchli, va mustaqil axborotlarni taqdim etishdan iborat.

Ushbu jamg‘arma ilmiy-tahliliy yo‘nalishdagi turli mavzular bilan bog‘liq maqolalarni doimiy ravishda chop etib boradi, xususan, “Policy Brief” va “Policy Report” jurnallarida, bosma va elektron nashrlarda e’lon qilinayotgan harbiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashqi siyosiy mavzularga bag‘ishlangan maqolalar shular jumlasidandir.

Uchrashuv avvalida Markaz rahbari Eldor Tulyakov O‘zbekistonda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar natijalari, xususan, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, bu borada “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va boshqa nodavlat jamoat tashkilotlarining o‘rni va roli haqida batafsil ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, Turkiya Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar fondi (SETA) rahbari Burxanettin Duran ham O‘zbekiston bilan Turkiya munosabatlari keyingi vaqtlarda jadal rivojlanib borayotganini ta'kidlab, O‘zbekistonda so‘nggi besh yil ichidagi islohotlar natijasida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi hamda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilayotgan mintaqaviy va global darajadagi xalqaro tashabbuslar Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Burxanettin Duran Markaziy Osiyo va unga qo‘shni hududlarda o‘zaro iqtisodiy, transport va infratuzilmaviy loyihalarning samaradorligi hamda ularning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka ta’sirini yetakchi ilmiy tadqiqot markazlari tomonidan tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etdi. Bu borada Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi (SETA) “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan faol ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bayon etib, birgalikda qo‘shma loyihalarni boshlashga tayyorligini bildirdi.

Shu bilan birga, uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi ilmiy tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish hamda istiqbolda o‘zaro manfaatli, dolzarb mavzularda qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasining Turkiya Respublikasiga ishchi tashrifi davom etmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati