• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

NAVBATDAGI MANZIL – “MARMARA GROUP” STRATEGIK VA IJTIMOIY TADQIQOTLAR FONDI

Turkiyadagi “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi dunyodagi nufuzi baland va taniqli “Aql markazlari” qatorida turadi. Mazkur muassasa 20 yildan ziyod vaqt mobaynida jahondagi yetakchi davlat arboblari, hukumat mansabdorlari, parlament a’zolari, akademik va analitik doira raislari va boshqa nodavlat tashkilotlari bilan ishlab kelmoqda.

Fond dolzarb muammolarga bag‘ishlangan seminarlar, konferentsiyalar va uchrashuvlar tashkil etadi, o‘tkazilgan strategik va ijtimoiy tadqiqotlar asosida tahlil va hisobotlar tayyorlaydi. Fondning tahlil va hisobotlari Turkiyaning ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon doiralari va Anqarada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus, shuningdek Istanbulda joylashgan 15 dan ortiq xalqaro tashkilotlarga tarqatiladi.

“Marmara Group” fondining yirik loyihalari qatoridan global energetika xavfsizligi, turkiy mamlakatlar va mintaqalarning siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorligi, shuningdek xalqaro hamkorlikning boshqa masalalari muhokama qilinadigan yillik tahliliy sammitlar o‘rin olgan.

Xususan, tashkilot har yili ishtirokchi mamlakatlarning ikki tomonlama va ko‘p tomonlama aloqalarini mustahkamlash va fikr almashishga qaratilgan “Evroosiyo iqtisodiy sammiti”ni o‘tkazib keladi. Sammit yakuniy hujjatlarni imzolash yoki hukumat qarorlarini qabul qilishni nazarda tutmaydi.

Nodavlat tashkilot sifatida “Marmara Group” fondi YEXHT akkreditatsiyasiga, Qora dengiz iqtisodiy hamkorligining Parlament Assambleyasida kuzatuvchi maqomiga ega, YUNESKOning “Madaniyatlararo muloqot dasturi” bo‘yicha muloqot hamkori hisoblanadi.

Turkiya Respublikasiga tashrif doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasi a’zolari mazkur tashkilotning bosh qarorgohida bo‘lishdi.

“Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi bosh direktori, doktor Akkan Suver O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni qiziqish bilan kuzatib borayotganini, ayniqsa, so‘nggi to‘rt yil ichida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan samarali islohotlar mamlakatning jahon hamjamiyatidagi reytingini yuksaltirib, dunyo miqyosida demokratik davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlaganini ta'kidladi. Xususan, doktor Akkan Suver O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining bugungi kundagi jadal rivoji, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, transport, logistika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik yuqori bosqichga chiqqanini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.

O‘z navbatida, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov iliq va samimiy qabul uchun janob Akkan Suverga minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston tashqi siyosatida Turkiya alohida o‘rin tutishini, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalar o‘zaro hamkorlik rivojiga katta turtki berayotganini qayd etib, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan natijalar to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar “Marmara Group” fondi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o‘rtasida ikki davlat manfaatlariga xizmat qiluvchi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashib borish istiqbollarini muhokama qilishdi. Bu boradagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati.