• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

TURK ISHBILARMON DOIRALARI BILAN MULOQOT

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasi a’zolari Turkiya Respublikasiga ishchi tashrif doirasida qator tashkilotlarda bo‘lib, samarali muloqotlarni davom ettirishmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston vakillari Turkiyaning “Çalık Holding” (“Chalik Xolding”) kompaniyalari guruhi rahbariyati hamda Istanbuldagi ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashishdi.

1981-yilda tashkil etilgan mazkur kompaniya energetika, qurilish, tog‘-kon va to‘qimachilik sanoati, moliya, telekommunikatsiya va raqamli texnologiyalar kabi ko‘p qirrali sohalarda samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya Markaziy Osiyo, Bolqon, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqalarini o‘z ichiga olgan dunyoning 31 mamlakatida ish olib boradi.

Shu bilan birga, “Çalık Holding” turli innovatsion biznes modellarini ishlab chiqadi hamda ishbilarmon doiralar uchun novatorlik loyihalarini amalga oshiradi.

Uchrashuvda «Çalik Holding» kompaniyalari guruhi boshqaruvi raisi Axmet Chalik bugungi kunda O‘zbekistonda shakllantirilgan qulay biznes muhiti, xorijiy investorlarga yaratib berilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar turkiyalik ishbilarmonlarning ham qiziqishini oshirayotganiga e’tibor qaratdi. Mazkur imkoniyatlardan unumli foydalanib, O‘zbekistonda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yayotgan turk ishbilarmonlari tibbiyot, ta’lim, mashinasozlik kabi sohalarga investitsiya kiritish, xalqaro sifat standartlarini joriy etish orqali yuqori sanoatlashgan mahsulotlar ishlab chiqarib, uchinchi davlatlarga eksport qilishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, o‘zaro muloqotlar chog‘ida turkiyalik ishbilarmonlar tomonidan bugungi kunda Turkiya kompaniyalari O‘zbekistonda qurilish, energetika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishayotgani, bunda qo‘shma sarmoyaviy loyihalar ijrosi nazoratga olingani, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish rag‘batlantirilayotgani muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, turk qardoshlarimiz Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar ta'lim-tarbiyasi va kelajagi yo‘lida olib borayotgan izchil siyosatini e'tirof etib, O‘zbekiston rahbarining BMT minbaridan turib ilgari surgan Yoshlar huquqlari to‘g'risidagi BMT konventsiyasini qabul qilish taklifini qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qilishdi.

O‘z navbatida, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari Eldor Tulyakov O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy sarmoyadorlar uchun huquqiy kafolatlarni kuchaytirish, xususan, Turkiya bilan tobora rivojlanib borayotgan savdo-iqtisodiy aloqalarning istiqboli haqida to‘xtaldi.

Xususan, O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘zaro ishonch va ikki tomonlama teng manfaatlarga asoslangan hamkorik natijasida oxirgi yillarda O‘zbekiston-Turkiya o‘rtasidagi savdo hajmi ikki barobardan ziyodga ortgani, qo‘shma shirkatlar soni salkam mingtaga ko‘paygani, transportda tashish ishlari jadal kengayib borayotganini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida bu boradagi sa’y-harakatlarni yanada rivojlantirish, hajmi va ko‘lamini kengaytirish yuzasidan hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirib borishga kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
aAxborot xizmati.