• О'zbek

Uzbekistan2030.uz

"TARAQQIYOT STRATEGIYASI"
  MARKAZI
"Taraqqiyot Strategiyasi" markazi

TURKIYADA O‘ZBEKISTONDAGI ISLOHOTLAR NATIJALARI HAQIDA TAQDIMOT O‘TKAZILDI


Nufuzli akademiklar, ekspert-mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik vakillari va boshqa ziyolilarni o‘zida jamlagan Turkiyaning yetakchi “aql markazi” – Inqiroz va siyosat masalalari bo‘yicha tadqiqotlar markazi – ANKASAM Yevropa va Osiyo mintaqasi bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlardagi dolzarb muammolarni tahlil qilib, mazkur masalalarga bag‘ishlangan xalqaro seminarlar, konferentsiyalar va uchrashuvlar tashkil etadi, o‘z xulosalarini ishlab chiqadi.

Ayni vaqtda ushbu tashkilot doirasida Osiyo-Tinch okeani, Markaziy Osiyo, Rossiya-Kavkaz va “AF-PAK” kabi to‘rtta mintaqaviy institut faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu muassasalar tomonidan Osiyo mintaqasi bilan bog‘liq siyosiy va ijtimoiy inqirozlar tahlil etilib, ularning yechimi yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasi Turkiya Respublikasiga ishchi tashrifi chog‘ida ANKASAM tashkilotida ham bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari Markaz rahbari Mehmet Seyfettin Erol bilan uchrashishdi.

Mehmet Seyfettin Erol mehmonlarni Turkiya zaminida qutlar ekan, Markaziy Osiyoda muhim o‘rin tutuvchi O‘zbekistondagi bugungi o‘zgarishlar diqqat bilan kuzatib borilayotganini ta'kidladi. Xususan, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan samarali tashqi siyosat, samarali islohotlar nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasining jahon hamjamiyatidagi reytingi yuqorilashiga, savdo-iqtisodiy aloqalar yuksalishiga katta hissa qo‘shayotganini mamnuniyat bilan e'tirof etdi. Shuningdek, O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining bugungi kundagi jadal rivoji ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, transport, logistika, fan-ta'lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik yuqori bosqichga ko‘tarilishida muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.

O‘z navbatida, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov iliq va samimiy qabul uchun janob Mehmet Erolga samimiy minnatdorlik bildirib, bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan xalqaro maydonda ilgari surilayotgan mintaqaviy va global ahamiyatga ega tashabbuslarni Turkiya davlati faol qo‘llab-quvvatlab kelayotganini e’tirof etdi.

Uchrashuv doirasida ANKASAM markazi xodimlari uchun O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Eldor Tulyakov “Yangi O‘zbekiston: keng qamrovli ichki va proaktiv tashqi siyosat” mavzusida taqdimot o‘tkazib, O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, olib borilayotgan islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlar tufayli erishilayotgan natijalar, O‘zbek diplomatiyasining faol tashqi siyosati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuvda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Inqiroz va siyosat masalalari bo‘yicha tadqiqotlar markazi – ANKASAM o‘rtasida o‘zaro Hamkorlik Memorandumi imzolandi. Tomonlar kelgusida ikki tomonlama munosabatlar rivojiga xizmat qiluvchi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro tajriba almashib borishga kelishib olishdi.

Umuman olganda, joriy yilning 6-10-iyul kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasining Turkiya Respublikasiga ishchi tashrifi doirasida Turkiyaning qator ijtimoiy-iqtisodiy tahlil va tadqiqot institutlari, dunyoning Top – 1000 taligiga kiruvchi oliy o‘quv yurtlari va boshqa tashkilot, muassasalar vakillari bilan o‘tkazgan muloqotlari amaliy natijalarga boy bo‘ldi. Muloqot va konferentsiyalar doirasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda ikki mamlakat va mintaqalar rivojiga hissa qo‘shuvchi qo‘shma yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, 15 ga yaqin “Aql markazlari” hamda oliy ta’lim muassalalariga tashrif buyurilib, o‘zaro Hamkorlik Memorandumlari imzolandi, kelgusida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi kelishib olindi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati.