
Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida 2021-yil mobaynida jami 273 ta band, jumladan joriy yilning 1-iyuliga qadar 126 ta band bo‘yicha chora-tadbirlarning ijrosini ta’minlash nazarda tutilgan.
Joriy yilning 15-iyul holatiga 99 ta bandi bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar (shu jumladan, 9 ta band muddatidan avval) to‘liq ijro etilgan. Qo‘shimcha muddat talab etgan hamda sharoit va holatga bog‘liq bo‘lgan 2 ta bandning ijro muddati uzaytirilgan bo‘lsa, 29 ta band ijrosi bo‘yicha tayyorlangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va tegishli takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Prezidenti Administratsiyasiga kiritilgan. 2 ta band ijrosi bo‘yicha esa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilgan. Shuningdek, 3 ta band ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Davlat dasturi doirasida 2 ta O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 5 ta Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori, 2 ta Oliy Majlis Senati Kengashining qarori, 3 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi, 8 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni, 24 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori hamda 24 ta O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilingan.
Shu bilan birga, 20 ta band bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. 13 ta band bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar yakunlanib, 7 ta band bo‘yicha idoraviy va idoralararo normativ hujjatlar tasdiqlandi.
Bundan tashqari, Davlat dasturi va uning doirasida o‘tgan davr mobaynida salmoqli va keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Jumladan:
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha
Respublika bo‘ylab 6 millionga yaqin g‘ayrati baland, intiluvchan yoshlar ishtirokida yetuklik va haqiqiy vatanparvarlik ko‘rigi bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida festivallar o‘tkazildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev 30-iyun kuni O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida ishtirok etdi.
O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida ilgari surilgan yangi tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirish hamda Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq quyidagilar belgilandi:
- 2021-yil avgust oyida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan har bir farzandi uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi;
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan farzandlariga 2021/2022-o‘quv yilida birinchi o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi;
“Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurishi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi;
Yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida ipoteka dasturi doirasida boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlari bo‘yicha qo‘shimcha 2 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya ajratilishi;
2021-yil 1-sentyabrdan boshlab respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida ta’lim kreditlari berilishi;
Davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ustamalar to‘lab borilishi;
2021-yil 1-sentyabrdan boshlab Toshkent shahrida Yoshlar biznes maktabi, 2022-yildan boshlab barcha hududlarda uning filiallari tashkil etilishi;
2021-yil 1-oktyabrdan boshlab yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap g‘oyalari tanlovlarini tashkil etish hamda har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan g‘olibga grantlar berish amaliyoti joriy etilishi;
Eng yaxshi loyihalarning har biri uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha grant mablag‘lari berilishi va ular 2022-2023-yillarda Davlat byudjetidan 100 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshirilishi;
2021/2022-o‘quv yilidan bosqichma-bosqich umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida axborot texnologiyalari darslari Kembrij dasturi asosida o‘tkazilishini hamda o‘qituvchilarning ushbu dastur asosida qayta tayyorlanishi;
2021-yil-yakuniga qadar barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlarini to‘liq yakunlanishi;
2021-yil 1-oktyabrdan boshlab har yili yoshlarga mo‘ljallangan badiiy asarlar mualliflarini rag‘batlantirish maqsadida “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovini tashkil etgan holda, tanlovda g‘olib deb topilgan mualliflarga birinchi o‘rin uchun - 100 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun - 75 million so‘m, uchinchi o‘rin uchun - 50 million so‘m mukofot mablag‘lari ajratilishi belgilandi.
Aholi salomatligini mustahkamlash bo‘yicha
Aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta Farmoni, 5 ta qarori qabul qilindi.
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini samarali tashkil etish uchun 660 ming doza AstraZeneca va 6,5 mln doza ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi va 370 ming doza Rossiyaning “Sputnik-V” vaktsinasi yetkazib kelindi hamda shu kunga qadar jami 5,3 mln doza vaktsina bilan aholi emlandi.
Korruptsiyaga qarshi kurashish va korruptsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korruptsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korruptsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘grisida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan 2022-yil 1-yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korruptsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, u bilan 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatish belgilandi.
Davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash bo‘yicha
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini ta’minlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha
Mazkur masalada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tuzildi, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi sifatida qayta tashkil etildi va ularning asosiy vazifalari belgilab berildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha
Olis aholi punktlarida, qishloq hududlarida aholining hayot tarzini yaxshilash, zarur infratuzilmani yaratishni nazarda tutuvchi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2021-yilda jami 7794 ta qishloq va mahallada 20,8 trln so‘mlik qurilish, ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi parametrlar tasdiqlandi.
Davlat byudjetining shakllanishida fuqarolarning ishtirokini ta’minlash bo‘yicha
Davlat byudjetining shakllanishi va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga aholini faol jalb etish hamda joylardagi dolzarb muammolarni hal etishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan 2021-yil may oyidan 14 ta tuman (shahar)da byudjet xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish, 2021-yil 1-iyuldan jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdorini 10 foizdan 30 foizga oshirish, tuman hokimliklari jamoatchilik fikri asosidagi tadbirlarni byudjetdan moliyalashtirishga oid ma'lumotlarni har chorak bo‘yicha rasmiy veb-saytlariga va “Ochiq byudjet” portaliga joylashtirish belgilandi.
Moliyaviy bozorlarni rivojlantirish bo‘yicha
Vazirlar Mahkamasining “Nobank va boshqa moliyaviy tashkilotlar sharhini shaklllantirish bo‘yicha statistik hisobotlarni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror qabul qilinishi xalqaro moliya institutlari va xorijiy investorlarni moliya sektori rivojlanishi holati bo‘yicha to‘laqonli statistik ma’lumotlar bilan ta’minlash orqali mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish, shuningdek, xalqaro reyting va indekslarda mamlakat o‘rnini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Mazkur sharhni shakllantirishning yo‘lga qo‘yilishi Markaziy bank tomonidan shakllantirib kelinayotgan pul-kredit sharhlari bilan birgalikda “Moliya sektori sharhi”ni yuritishning yo‘lga qo‘yilishini hamda respublika bank-moliya tizimi statistikasini xalqaro standartlar asosida yagona formatda to‘liq qamrab olinishini ta’minlaydi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati